Maʼnaviy zarar qanday undiriladi?

    Bilasizmi? 23 Sentabr 2020 12646

    Hayotda kishi turli xil holatlarni boshidan kechirishi mumkin. Masalan, kimningdir ehtiyotsizligi yoki qandaydir koʻngilsiz hodisa tufayli ham moddiy, ham maʼnaviy zarar koʻrgan taqdirda, qanday yoʻl tutiladi? Maʼnaviy zararni undirish tartibi qanday hal etiladi? Uning miqdori qanday tartibda belgilanadi?

    Bu savollarga javoban shuni aytish kerakki, amaldagi Fuqarolik kodeksida zarar yetkazganlik uchun javobgarlikning umumiy asoslari belgilangan. Bu boradagi munosabatlar fuqarolik huqu­qining muhim institutlaridan biri hisoblanadi. Xususan, Fuqarolik kodeksining 1021-moddasida qayd etilganidek, maʼnaviy zarar, uni yetkazuvchining aybi boʻlgan taqdirda, zarar yetkazuvchi tomonidan qoplanadi.

    Maʼnaviy zarar fuqaro va tashkilotlarning shaʼni, qadr-qimmatini kamsitadigan, haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlar tarqatish, fuqaroning hayoti va sogʻligʻiga zarar yetkazish, fuqarolar va yuridik shaxslarning Oʻzbekiston Konstitu­siya­si bilan kafolatlangan boshqa huquqlarini buzish orqali yetkazilishi mumkin.

    Maʼnaviy zararni undirish bilan bogʻliq ishlarni koʻrishda Oliy sud Plenumining “Maʼnaviy zararni qop­lash haqidagi qonunlarni qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi qarori muhim oʻrin tutadi. Maʼnaviy zarar uni yetkazishda aybdor boʻlgan javobgarlar tomonidan qoplanadi va uni qoplash nomoddiy boyliklarni va nomulkiy hu­quqlarni himoya qi­lishning birdan-bir manbai hisoblanadi.

    Shunga koʻra, maʼnaviy zararni undirish haqidagi ta­lablarga daʼvo muddati joriy qilinmaydi.

    Agar fuqaro oʻziga maʼnaviy zarar yetkazilgan deb hisoblasa, uning miqdorini aniqlash huquqiga ega boʻlgan sudga murojaat qiladi.

    Maʼnaviy zarar, mulkiy zarar qoplanishidan qatʼi nazar, undiriladi.

    Aniqroq aytganda, jabrlanuvchi sudga daʼvo taqdim etganda, maʼnaviy zararni qoplashni mulkiy zarar bilan birga yoki alohida talab qilishi mumkin.

    Daʼvogar sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilganda, oʻzining talablariga asos qilib koʻrsatayotgan holatlar va bu holatlarni tasdiqlaydigan dalillarni keltirishi uning majburiyati hisoblanadi.

    Oliy sud Plenumining 2007-yil 2-oktyabrdagi “Fuqarolik ishlarini koʻrishda sudlar tomonidan dalillarga oid qonun normalarini qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi qarori dalillarni qabul qilish, ularga baho berish, ishni toʻgʻri tashkillashtirish va adolatli hamda qonuniy qaror qa­bul qilinishida muhim aha­miyatga ega.

    Shu oʻrinda hayotiy misolga eʼtibor qaratsak, daʼvogar A. javobgarlar — masʼuliyati cheklangan ja­miyat­ va M. ga nisbatan sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilib, 50 000 000 soʻm miqdorida maʼnaviy zarar undirib berishni soʻragan.

    Tumanlararo sudning hal qiluv qarori bilan A. ning daʼvosi qisman qanoatlantirilib, masʼuliyati cheklangan jamiyat va M. dan solidar tartibda A. ning foydasiga 5 000 000 soʻm maʼnaviy zarar undirilishi belgilangan.

    Viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining 2017-yil 18-yanvardagi ajrimi bilan hal qiluv qarori oʻzgartirilib, masʼuliyati cheklangan jamiyat va M. dan solidar tartibda A. ning foydasiga 50 000 000 soʻm maʼnaviy zarar undiriladigan boʻlgan.

    Aniqlanishicha, 2017-yil 15-may kuni soat 11.30 larda javobgar M. masʼuliyati cheklangan jamiyatga tegishli yuk tashuvchi avtoulovni boshqarib ketayotgan vaqtida avtomashinaning orqa oʻng gʻildiragi chiqib ketib, yoʻl chetida ketayotgan daʼvogarning 1989-yilda tugʻilgan oʻgʻ­li H. ga urilgan.

    Oqibatda yoʻl transport hodisasi sodir boʻlgan va H. voqea joyida vafot etgan.

    Mazkur yoʻl-transport hodisasiga “Yoʻl harakati qoidalari”ning 4, 11, 12 va 53-bandlari yuzasidan masʼuliyati cheklangan ja­miya­t avtotransport vositasini yoʻlga chiqarishdan oldin texnik sozligi, tozaligi va toʻliq jihozlanganligini tekshirmasligi sabab boʻl­gan.

    Bu qilmishi uchun javobgar M. jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudining 2017-yil 16-oktyabrdagi hukmiga koʻra, Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topilgan. Unga 2 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huqu­qidan mahrum etgan holda, 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan hamda manfaatdor shaxslarga maʼnaviy zararni undirish hu­quqi tushuntirilgan.

    Sudlar ish holatlari va Fuqarolik kodeksining 985, 1021, 1022-moddalariga asoslanib, daʼvogar A. ga maʼnaviy zarar yetkazilgan deb hisoblagan.

    Sud Fuqarolik kodeksining 999-moddasiga binoan, fuqaroviy javobgarlikni — ushbu hodisa javobgar M.­ ning bevosita xatti-harakatlari tufayli sodir boʻlishi bilan birga, tegishli avtomashina mulkdori — masʼuliyati cheklangan jamiyatning harakatsizligi oqibatiga ham bogʻliqligi bois — solidar belgilash haqida xulosaga kelgan.

    Shunday boʻlsa-da, birinchi instansiya sudi sodir boʻlgan voqea va uning natijasi boʻyicha maʼnaviy zarar oqibatiga obyektiv mezonlar asosida baho bermagan. Shuning uchun maʼnaviy zarar miqdorini kam belgilagan.

    Xususan, yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqi hisoblanib, sodir boʻlgan voqea tufayli H. ushbu hu­quqdan mahrum boʻlgan.

    Daʼvogar A. ning daʼvo arizasidagi vajlar va sudlardagi tushuntirishida aniqlanishicha, marhum H. daʼvogarning yolgʻiz oʻgʻli boʻlgan, avtohalokatdan uch oy oldin esa, daʼvogarning qizi bevaqt vafot etgan. Ushbu mudhish voqealar oqi­batida daʼvogar A. ning turmush oʻrtogʻi farzandlar dogʻida iztirob chekkani tufayli doimiy davolanib kelgan.

    Oliy sud Plenumining 2000-yil 20-aprelda qabul qilingan “Maʼnaviy zararni qoplash haqidagi qonunlarni qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi qarori 2-bandiga binoan, maʼnaviy zarar deganda, jumladan, yaqin qarindoshini yoʻqotish, yaʼni uning oʻlimi sa­babli maʼnaviy qaygʻurish tushuniladi.

    Ushbu holatda daʼvogar A. bilan birga uning turmush oʻrtogʻi ota-ona sifatida qis­qa muddatda ikkinchi farzandining ham bevaqt oʻlimi iztirobida ruhiy azoblangan va bu hol ularning sogʻligʻiga bevosita salbiy taʼsir koʻrsatgan.

    Shu bois, apellyatsiya ins­tansiyasi javobgarlarning ayb darajasi va shaxsi ham­­da mulkiy ahvoli kabi eʼtiborga molik jihatlarni inobatga olib, hal qiluv qarorini oʻzgartirdi.

    Sud adolat va daʼvogarning oqilona talablari asosida daʼvogar foydasiga 50 000 000 soʻm maʼnaviy zarar undirish haqida qonuniy va asosli xulosaga kelgan.

    Xulosa sifatida shuni taʼkidlash lozimki, fuqarolar va yuridik shaxslar oʻzlariga tegishli boʻlgan huquqlarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning huquq va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart.

    Jamshid Tirkashev,

    Oliy sud sudyasi