Ma'naviyat — millat xaloskori

    Barcha millat o'z tarixiy taraqqiyoti, evolyutsion rivojlanish bosqichlariga ega. Ming yilliklar mobaynida har bir zamon o'z dunyoqarashi, hayotga munosabatlari jihatidan inson kamolotining o'ziga xos davrini belgilaydi.

    Muayyan makonda oʻrnashgan dastlabki odamlar turmush sharoitini yaxshilash, kundalik ehtiyojlarini qondirish maqsadida oʻz yashash tarziga, anʼanalariga ega boʻlgan. Tabiiy muhit, hayotga munosabat yillar davomida muayyan aymoqning oʻziga xos qoidalariga, rasm-rusumlariga aylangan. Ana shu umumeʼtirof etilgan qoidalarga hamma birdek boʻysungan, rioya qilgan. Shu holatning oʻzi milliy mentalitetning, milliy oʻziga xoslikning, milliy koloritning dastlabki kurtaklari edi.

    Xalqlar rivojlanish jarayonida inson tafakkurining yangidan-yangi qirralari ochilgan. Uning intellektual salohiyati, ongu shuuri hayotiy ehtiyojlar orqali rivojlanib borgan. Rivojlanish jarayoni umumiy tarzda muayyan makonda yashab kelgan odamlarning ruhiyatini, kayfiyatini, orzu-umidlarini, maqsad va intilishlarini shakllantirgan. Oʻzbek xalqi ham boshqa xalqlar qatori ana shunday uzundan uzoq, gʻoyat shukuhli, ayrim paytlarda sitamli taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtgan.

    Bundan uch ming yillar oldin qadimiy Xorazmda zardushtiylik dini ibtidoiy hayot sharoitida, antik davrda sivilizatsiyaviy hodisa sifatida dunyoga keldi. Umuman olganda, dunyoviy dinlarning barchasida sivilizatsiyaviy mohiyat bor. Dinlar dunyoga kelgan paytda u tarqalgan hududda yashayotgan odamlar tafakkurida oʻziga xos burilish, ongida yangilanish hodisasi yuz bergan. Odamlar qarashlari, hayotga munosabati oʻzgargan.

    Zardushtiylik dini dastlabki ajdodlarimiz hayotiga madaniyat olib kirdi. Maʼrifiy hayot, ongli turmush tarziga zamin yaratdi. Giyohlarni bosma, hasharotlarga, qushlarga ozor berma, suvga tupurma, olovga gustohlik qilma qabilidagi oddiy maishiy tarbiyaviy meʼyorlardan tortib, inson va tabiat, odam va olam bilan munosabatlargacha boʻlgan global axloqiy meʼyorlarni turmush tarziga joriy etish gʻoyasini ilgari surdi. Koʻrgan narsasiga eʼtiqod qoʻyib, unga sigʻingan, koʻpxudolik sharoitida bir-birini mahv etish bilan shugʻullanib yurgan turli qabilalar, urugʻlar, aymoqlarni birlashtirib, yakkaxudolik gʻoyasini ilgari surib, yirik jamoalar vujudga kelishiga, kishilik jamiyati dastlabki elementlari paydo boʻlishiga xizmat qildi. Eʼtiqodlar birligi umumjamoaviy mohiyat kasb etib, maqsadlar mushtarakligiga olib keldi. Bu, albatta, oʻziga xos sivilizatsiyaviy hodisa edi.

    Millat turmush tarzi, anʼanalari, qadriyatlari orqali oʻzining qiyofasini namoyon etadi. Urf-odatlar, anʼanalar millat ruhiyati ijtimoiy-psixologik olamining oʻzginasidir.

    Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari odamning paydo boʻlishi, uning genetik asoslari, sogʻlom va barkamol vujudning shakllanish omillari xususida gapirar ekan, ulugʻ ajdodlarimiz taʼlimotida mavjud boʻlgan toʻrt unsurga alohida eʼtibor beradi. Havo, tuproq, suv va quyosh inson kamolotining asosi, deydi. Yilning toʻrt fasli mukammalligi, tabiiy muhit, geografik sharoit inson tanasi rivojlanishiga katta taʼsir koʻrsatadi. Fasllarning oʻz vaqtida va toʻla holda kelishi odam ruhiyati, kayfiyati, qalb kechinmalari toʻlaqonli shakllanishiga imkon beradi.

    Abu Rayhon Beruniy “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida xalqlarning, millatlarning paydo boʻlishi asoslari haqida gapirar ekan, tabiiy muhit, geografik sharoit, havo va quyoshning qay darajadaligi odamlar va millatlar shakllanishiga asos boʻlgan, deydi. Jamoa boʻlib yashayotgan ulkan hududdagi odamlar ruhiyati yashash sharoiti va tabiiy muhit taʼsirida shakllangan.

    Oʻzbek xalqi, ana shu talablardan kelib chiqib aytish mumkinki, Yer sharining eng barkamol maskanida dunyoga kelgan va shakllangan. Odamlar ruhiyati pokizaligi, fikrati tiniqligi, ongu shuuri goʻzalligi ayni shu tabiiy muhit bilan uygʻunlashib ketgan hodisa, deyish mumkin. Buni ilk ajdodlarimiz qarashlarida yaqqol koʻramiz. Hali yozuv paydo boʻlmagan ibtidoiy hayot sharoitida dastlabki ajdodlarimiz oʻz maqsadlari, intilishlari, orzulari va armonlarini ogʻzaki ifoda etgan. “Alpomish”, “Goʻroʻgʻli”, “Kuntugʻmish” singari oʻnlab dostonlarni yaratgan. Ularda ezgulik va yovuzlik, muhabbat va nafrat, umid va umidsizlik ziddiyatlari, hasad, koʻrolmaslik singari illatlar va qator fazilatlar ehtiros bilan ifoda etilgan. Dostonlarning barchasida kuchli qalb ogʻriqlari, iztiroblari dramatik tarzda bayon qilingan. Ularning oxirida esa ezgulik, yaxshilik, muhabbat gʻalaba qiladi. Xuddi shunday holat ertaklarda ham bor. Har bir ertak ezgulik va yovuzlik, yaxshilik va yomonlik, muhabbat va nafrat oʻrtasidagi ashaddiy toʻqnashuvlar oqimida davom etadi va ularning barchasi bir xil yakun topadi. Yaʼni yaxshilik bilan tugaydi. “Ular murod-maqsadlariga yetishdi”, degan gap barcha ertaklarning yakuni hisoblanadi. Ana shuning oʻzi ilk ajdodlarimizning xayoloti qay darajada goʻzal, fikrati teran, orzulari rangin, niyatlari pokiza boʻlganini koʻrsatadi. Bu ruhiy poklik oʻzbek xalqining koʻp ming yillik taraqqiyotida asos boʻlib kelmoqda.

    Ikkita buyuk sivilizatsiya hodisasini koʻrgan moʻtabar makonda bugun butunlay yangi tarixiy sharoitlarda yangi Oʻzbekiston vujudga kelgani, uning real voqelikka aylangani, yangi Renessans ostonasida turgani xalqimiz maʼnaviy va aqliy qudratining buyuk ijodkorlik va yaratuvchilik salohiyati natijasidir.

    Biz axborot xuruji davrida yashayapmiz. Yer shari axborot toʻri ichida baliqday tipirchilayapti. Bir-biriga zid, bir-birini inkor qiladigan, milliy madaniyatlarni, qadriyatlarni poymol qiladigan turli axborotlar koʻpaymoqda. Maʼlumot olish, toʻplash, saralash va tarqatish imkoniyatlari aqlga sigʻmaydigan darajada kengayib ketdi. Kichkinagina qoʻl telefonining bitta murvatini bosish bilan Yer sharining xohlagan nuqtasiga axborot yuborish mumkin. Ana shunday tezkor axborot almashishi jarayonida axborotlarni tanlash va saralash qudratiga ega boʻlgan kuchli milliy mentalitet, milliy tafakkur, milliy ruhiyat, maʼnaviy iroda zarurligiga ehtiyoj sezamiz.

    Zamonaviy sivilizatsiya sharoitida qirgʻinbarot urushlar, ommaviy qirgʻin qurollari ibtidoiy hodisaga aylandi. Millatlarni yoʻq qilish yoki ularni zabt etishning beozor va samarali vositasi yuzaga keldi. “Yumshoq kuch” deb ataladigan bu jarayon millatlar ongiga va qalbiga taʼsir etish yoʻli bilan uni oʻzligidan ayirish, milliy qadriyatlardan uzoqlashtirish, oʻtmishi va ajdodlarini tanimaydigan manqurtga aylantirish tendensiyasini kuchaytirib yubormoqda. Shunday gʻoyat xavfli, mafkuraviy, gʻoyaviy boʻhronli jarayonda millatning oʻzini oʻzi asrash instinktini, ichki daʼvatini, qalb hayqirigʻini kuchaytirmogʻimiz lozim. Buning uchun faqat maʼnaviyat va madaniyatga eʼtiborni kuchaytirish, uni targʻib qilishning samarali vositalari, usullari va uslublarini, zamonaviy va taʼsirchan texnologiyalarini joriy etish maqsadga muvofiq.

    Har bir insonda millatga mansublik, oʻtmishga daxldorlik, istiqbolga umid va katta ishonch bilan intilish tuygʻusi bor. Faqat bu noyob tuygʻu har kimda har xil. Birovda koʻproq, boshqasida kamroq. Xususan, zamonaviy sharoitda yoshlar dunyoqarashini oʻzgartirish, milliy qadriyatlardan uzoqlashtirish, millatga mansublik hissiyotini oʻldirish oson. Chunki ular hali katta hayotiy tajribaga va aniq pozitsiyaga ega emas. Biologik, fiziologik va intellektual jihatdan qaraganda yoshiga munosib ravishda ularda aqldan koʻra hissiyot kuchlilik qiladi. Bunday paytda ularni yoʻldan urish, xohlagan koʻyga solish, ongiga istalgan gʻoyani singdirish oson kechadi. Mamlakatimiz aholisining asosiy koʻpchiligini yoshlar va bolalar tashkil etgan bir paytda bu masalaga jiddiy qarashimizni hayotning oʻzi taqozo etmoqda.

    Buyuk nemis faylasufi Osvald Shpengler “Qayerda madaniyat yoʻqolsa, oʻsha yerda zoologiya kuchayadi”, degan edi. Darhaqiqat, inson boshqa jonzotlardan his-tuygʻusi, aqliy imkoniyatlari bilan farq qiladi. Ana shu ikkita katta omil uning inson va shaxs boʻlib yetishishiga xizmat qiladi. U madaniyatdan uzoqlashgani sayin vujudidagi ijobiy fazilatlar kamayib, illatlar miqdori koʻpayib, hayvoniy instinktlar kuchayib boradi. Natijada inson odam qiyofasidagi boshqa jonzot, yirtqich va yovvoyi maxluqqa aylanadi.

    Insonning yagona va birdan bir xaloskori — maʼnaviyat! Uni oliy qadriyatga aylantiradigan kuch madaniyat va maʼrifat. Yuksaklarga koʻtaradigan, qadru qimmatini oshiradigan, olam mehvariga olib chiqadigan beqiyos Qudrat! Milliy tuygʻu, millatga mansublik hissi insonning hayotda omonat, sunʼiy urchitilgan jonzot emas, u buyuk tarixning, boy oʻtmishning va ulugʻ ajdodlar vorisi ekanini bildiradi.

    Agar uning qadriyatlari toptalmasa, agar urf-odatlar, anʼanalar qadrlansa, agar odamlar oʻtmishiga katta hurmat, ajdodlariga eʼtiborli boʻlsa, ular qoldirgan hayotiy va madaniy qadriyatlarni hurmat qilsa, millat oʻlmaydi!

    Yangi Oʻzbekistonda milliy qadriyatlar va urf-odatlarning barqaror rivoji uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Millat qiyofasini, milliy kechinmalarini oʻzida ifoda etgan turmush tarzi tobora chuqurlashmoqda. Bunga davlatning oʻzi homiylik qilmoqda.

    Dunyo qalqib turgan bir paytda, turli gʻoyaviy va axboriy xurujlar kuchayib borayotgan bir sharoitda millatning oʻzini oʻzi asrash instinktini kuchaytirish lozim. Bu bevosita maʼnaviyat va maʼrifat bilan bogʻliq. Oʻzini oʻzi himoya qila oladigan, oʻzini oʻzi asray biladigan odamda maʼrifat kuchli boʻladi. U har qanday sharoitda yuksak madaniyatini namoyon qila biladi. Agar har bir odam ana shunday imkoniyatga ega boʻlsa, yalpi jamiyatning maʼnaviy qiyofasi barkamollashadi. Kuchli, qudratli oʻzbek jamiyati yuzaga keladi. Bu esa millatning istiqboldagi ravnaqini, jahon hamjamiyatidagi oʻrni va mavqeini, umumsayyora miqyosida barkamol milliy qiyofasini namoyon qilish imkonini beradi.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Har bir maktab oʻquvchisi bitta milliy musiqa asbobini chalishni bilishi kerak”, deganida juda katta ijtimoiy muammoni, millat qiyofasi va uning milliy qadriyatlari bilan bogʻliq masalani ifodalab bergan edi. Ayni musiqa orqali qalb qiyofasini barkamollashtirish, yoshlar xayolotini goʻzallashtirish, fikratini yorqinlashtirish, maqsad va intilishlarini ezgulik sari burish mumkin. Bu Oʻzbekistonday yoshlar mamlakatida juda muhim milliy va ijtimoiy mohiyatga ega.

    Bolaga eʼtibor – millat istiqboliga eʼtibor. Millat genofondini sogʻlomlashtirishning eng toʻgʻri va samarali usuli. Sogʻlom bola dunyoga kelishi butun millat jismoniy va intellektual barkamolligining muhim omili. Bu borada mamlakatimizda keng miqyosli ishlar olib borilmoqda.

    Atoqli adib, jahon madaniyatining yirik namoyandasi Chingiz Aytmatov xulosalariga koʻra, ona qornidagi hali odam shakliga kirmagan ikki haftalik embrion tashqi muhitni his qilar, uning taʼsirida oʻsib, xarakteri shakllanar ekan. Mana dunyoni asraydigan, olamni bezaydigan, insonni barkamollashtiradigan manba qayerda?! Davlatimiz, xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ijtimoiy siyosatida ayni shu masala eng muhim va dolzarb vazifaga aylantirilgan. Sogʻlom ona va sogʻlom bola gʻoyasi millatni asrashning eng samarali vositasi boʻlib qoldi. Tinch va farovon oila, sogʻlom turmush tarzi, odamlar oʻrtasidagi mehr va muhabbat tugʻilajak bolaning, millat kelajagining tayanchi!

    Uzoq yillar mobaynida milliy qadriyatlarga bepisandlik bilan qarash va totalitar rejimning turli gʻayriinsoniy qarashlari oqibatida oʻzbek genofondi genotsidga aylana boshlagan edi. Bugun yangi Oʻzbekistonda ushbu masalaga katta eʼtibor berilmoqda. Har tomonlama sogʻlom, intellektual jihatdan baquvvat, ijodkorlik, bunyodkorlik imkoniyatlari keng barkamol millatni vujudga keltirish choralari koʻrilmoqda. Bu esa hammamiz uchun gʻoyat sharafli, dillarni quvnatadigan, koʻzlarni yashnatadigan, buyuk kelajakka qatʼiy ishonch bilan qarashga daʼvat etadigan hodisa.

    Prezidentimiz shu yil 26-yanvar kuni Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni joriy yilda amalga oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bajariladigan vazifalarni aniq koʻrsatib berdi. Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasidagi 7 ta ustuvor yoʻnalish doirasidagi “Inson qadri uchun” yoʻnalishida 100 ta maqsad belgilandi. Ularga erishish uchun joriy yilning oʻzida umumiy qiymati 55 trillion soʻm va 11,7 milliard dollarlik 398 ta chora-tadbirni amalga oshirish koʻzda tutilgan.

    Taraqqiyot strategiyasining beshinchi ustuvor yoʻnalishi – maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash va soha rivojini yangi bosqichga olib chiqish masalalariga doir konseptual rejalar tuzilgan. Taʼkidlash kerakki, strategiya matematik aniqlikda ishlab chiqilgan. Har bir chora-tadbir uchun masʼul shaxs va bajariladigan muddat aniq belgilangan. Ularni bajarishning moliyaviy-tashkiliy asoslari ishlab chiqilgan. Bunday real voqelik bilan bogʻlangan, konkret masalalarga toʻgʻri va ochiq yondashilgan rasmiy hujjat birinchi marta yaratildi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning boshqaruv faoliyatidagi oʻta aniqlikni koʻrsatadi.

    Maʼnaviy barkamollik maʼrifatlilikdan boshlanadi. Maʼrifatli jamiyat har qanday islohotlarga qodir boʻladi. Ana shu hayotiy aqidadan kelib chiqib, davlatimiz rahbarining muhim metodologik ahamiyatga ega quyidagi fikrlarini esga olish oʻrinlidir: “Biz yangi Oʻzbekistonni barpo etishda ikkita mustahkam ustunga, yaʼni bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot hamda ajdodlarimizning boy merosi, milliy va umumbashariy gʻoyalarga asoslangan kuchli maʼnaviyatga tayanamiz. Maʼnaviyat – jamiyatdagi barcha siyosiy-ijtimoiy munosabatlarning mazmuni va sifatini belgilaydigan poydevordir. Bu poydevor qancha mustahkam boʻlsa, xalqimiz ham, davlatimiz ham shuncha kuchli boʻladi. Faqatgina ana shunday zaminga tayangan holda, biz yurtimizda Uchinchi Renessans asoslarini barpo eta olamiz”.

    Koʻrinib turibdiki, hayotimizning barcha sohalari kabi maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyot borasidagi vazifalar ijrosi ham bosh maqsadimiz – Uchinchi Renessans asoslarini shakllantirishga xizmat qiladi. Yana bir muhim jihat shundaki, jamiyatdagi barcha siyosiy-ijtimoiy munosabatlar mazmuni va sifati aynan maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni qanday olib borishimizga bogʻliq.

    Bu muhim yoʻnalishda ulkan amaliy ishlar boshlanganiga barchamiz guvohmiz. Prezidentimizning 2022-yil 28-yanvardagi farmoni bilan tasdiqlangan 2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq, yurtimizda maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash va soha rivojini yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha keng koʻlamdagi ishlar olib borilmoqda. Ushbu yoʻnalishda belgilangan 8 ta maqsad va 30 ta topshiriqni amalga oshirib, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning maʼno-mazmuni va sifati tubdan yaxshilanmoqda.

    Prezidentimiz “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” kitobida bu qadriyatlarning inson, davlat va jamiyat hayotidagi oʻrni va ahamiyatiga atroflicha toʻxtalib, quyidagi fikrlarni alohida taʼkidlab oʻtgani, albatta, bejiz emas: “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir. Shu sababli hammamiz uchun ilgʻor bilimlarni oʻzlashtirish, chinakam maʼrifat va yuksak madaniyat egasi boʻlish uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak”.

    Oqil SALIMOV,

    akademik.