Maʼnaviyat — milliy mustaqillikning eng ishonchli poydevori

    Fikr 29 Avgust 2023 3507

    Bugun butun oʻzbek xalqi oʻzining eng muqaddas, eng aziz bayrami – milliy davlat mustaqilligining muazzam oʻttiz ikki yilligin shukuhi bilan yashamoqda, mehnat qilmoqda.

    Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz ikki yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorida milliy mustaqillik Vatanimizning ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotida butunlay yangi davrni boshlab bergan unutilmas voqea ekani alohida taʼkidlandi. Darhaqiqat, oʻtgan tarixan qisqa vaqt davomida elimizning fidokorona mehnati va qatʼiyati bilan milliy oʻzligimiz, qadimiy tariximiz, ezgu qadriyat va anʼanalarimiz qayta tiklandi. Davlat va jamiyat hayotining tub asoslari oʻzgarib, mamlakatimiz dunyo hamjamiyatida oʻzining munosib oʻrniga ega boʻldi.

    Milliy mustaqillikning naqadar eʼzozli, qanchalar aziz ekanini mustabid tuzum zahmatlarini koʻrgan, uning ogʻir iztiroblarini boshidan oʻtkazgan, oʻz erki va ozodligini yillar davomida orzu qilib kelganlar yaxshi biladi. Haqiqatan ham, oʻzbek xalqi ne-ne mashaqqatlarni boshidan kechirmadi. Ayniqsa, sobiq mustabid tuzum davrida milliy davlatchilik asoslarining yoʻq qilinishi, iqtisodiyotning xomashyoga yoʻnaltirilgan bir yoqlama rivojlanishi, olti million tonna paxta yetishtirish dardida shakllangan ekologik falokatlar, Orolning bir avlod koʻz oldida qurishi – bularning bari biz uchun katta hayot sabogʻi.

    Mustabid tuzum sharoitida boy berilgan eng katta yoʻqotishlar milliy madaniyat, milliy tarbiya jabhalarida yuz berdi. Turli bahonalar, millatchilik, ayrmachilik, soxta baynalmilallik kabi oʻzbek xalqi uchun mutlaqo begona boʻlgan ayblar bilan minglab milliy ziyolilar jismonan va ruhan yoʻq qilindi. Milliy qadriyatlar, anʼanalar, bayramlarimizga siyosiy tamgʻalar qoʻyildi.

    Ana shu nuqtayi nazardan, 1991-yil oʻzbek xalqi taqdirida, hech shubhasiz, olamshumul, asrlarga tatigulik sana hisoblanadi. Oʻzbek xalqi endi qaddini rostlay boshladi, oʻz ozodligi, erkiga, oʻz ovozi, tiliga ega boʻldi. Butun jahon Oʻzbekistonni tanidi, uni tan ola boshladi.

    Ayniqsa, soʻnggi olti-yetti yil davomida yurtimizda roʻy bergan va bugungi kunda shiddat bilan davom etayotgan tub oʻzgarishlar, xalq manfaati yoʻlida amalga oshirilayotgan islohatlar bir tomondan xalqimiz, boshqa tarafdan dunyo hamjamiyati tomonidan xursandchilik bilan kutib olinayotganidan darakdir. Eng muhimi, barcha sohalarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bugun oʻzining real natijalarini koʻrsatmoqda. Xalqimizning mamlakat rahbari tomonidan olib borilayotgan va chuqur oʻylangan strategik vazifalarni bajarishga yoʻnaltirilgan faoliyatidan roziligi, kelajakka boʻlgan kuchli ishonch – bu, eng katta yutugʻimiz.

    Mustaqillik yillarida biz erishgan eng zalvorli muvaffaqiyatlarimizdan biri, shubhasiz, taʼlim-tarbiya, maʼnaviyat va maʼrifat sohasidagi natijalarimizdir. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, mustaqillik yillarida, ayniqsa, keyingi yillardagi barcha yutuq va muvaffaqiyatlarimiz silsilasida maʼnaviyat va maʼrifat sohasining ulushi juda katta.

    Taʼbir joiz boʻlsa, maʼnaviyat bugun jamiyat hayotini yanada barqarorlashtiruvchi, milliy taraqqiyotni taʼminlovchi, turli millat va elat vakillarini yagona maqsad – Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga yoʻnaltiruvchi mayoq, xalqimizni bugungi shiddat bilan rivojlanayotgan dunyoda tobora koʻpayib, urchib borayotgan koʻplab tahdid-u xatarlardan asrab qoluvchi fenomen hodisaga aylandi. Bekorga mamlakat rahbari “Hech qachon unutmasligimiz kerak: maʼnaviyat – bu, avvalo, insonlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonch, hurmat va eʼtibor, xalq va davlat kelajagini birgalikda qurish yoʻlidagi ezgu intishlar, ibratli fazilatlardir. Bir soʻz bilan aytganda, maʼnaviyat – jamiyatdagi barcha siyosiy-ijtimoiy munosabatlarning mazmuni va sifatini belgilaydigan poydevordir. Bu poydevor qancha mustahkam boʻlsa, xalq ham, davlat ham ham shuncha kuchli boʻladi”, deb taʼkidlamagan edi.

    Ha, haqiqatan ham, ana shu ezgu intilishlar va ibratli fazilatlar mamlakatni kuchli, jamiyatni yanada barqaror, odamlarni masʼuliyatli, irodali, axloqan yetuk etib shakllantiruvchi buyuk kuch hisoblanadi. Bugun maʼnaviyat aslida yuqorida zikr etilgan qarorda taʼkidlangan “Yangi hayot uchun, Yangi Oʻzbekiston uchun” degan shiorni ijtimoiy harakatga aylantiradigan, mutlaqo xalq manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan islohotlar jarayonini yanada tezlashtiradigan omilga aylandi.

    Yana ham boshqacharoq aytadigan boʻlsak, maʼnaviyat faqat tarbiya, odamlarga pand-nasihat qiladigan soha emas. Maʼnaviyatning ijtimoiy funksiyalari tobora kengayib borayotganini ham eʼtiborga olish lozim. Bugun maʼnaviyat iqtisodiyot sohasida halollik, rostlik, xalq mulkini muhofaza etuvchi, ijtimoiy sohada aholi hayotini obod etuvchi, taʼlim sohasida jamiyatni yanada insoniylashtirishga, kishilar qalbini poklantirishga xizmat qiladigan, siyosat bobida kishilar ijtimoiy ongiga tinchlik, ozodlik urugʻini sepuvchi benazir kuchga aylandi.

    Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, maʼnaviyatning vazifalari tobora kengayib bormoqda. Uningsiz endi na kuchli mamlakatni, na barqaror jamiyatni va na yuksak eʼtiqodli, axloqan pok insonlarni tarbiyalab boʻladi. Masalaning yana boshqa jihatiga ham eʼtibor berish lozim. Gap shundaki, bugungi shiddatli dunyoda manfaatlar kurashi tobora kuchayib borayapti. Turli xatarli mafkuralar va gʻoyalar mamlakatlar va millatlarni bir-biriga qarshi qoʻymoqda. Jahoniy globallashuv esa insoniyat uchun beqiyos yangi imkoniyatlar bilan birga, kutilmagan muammolarni ham qalashtirib tashlamoqda. Mubolagʻasiz aytish mumkinki, bugun bashariyat katta havf ostida qolmoqda. Buni koʻrmaslik va sezmaslik aslo mumkin emas.

    Ana shunday tahlikali zamonda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda, Internet tizimida bugun tarbiya sohasiga, maʼnaviyat va maʼrifatga keraksiz jabha, deya qarovchilarning borligini biz mavjud tahdidlarni koʻrmaslik, kelajakni tasavvur eta olmaslik, deb bilamiz. Nima emish, “shaxs tarbiyasiga aralashish uning erkinligini cheklash” emish.

    Shu oʻrinda mamlakat rahbarining quyidagi fikrlariga quloq tutishni tavsiya etgan boʻlardik: “Afsuski, hali oramizda milliy gʻoya va maʼnaviyatning mohiyatini toʻliq anglab yetmagan, “maʼnaviyat oʻzi kerakmi-yoʻqmi”?, deb yurganlar ham bor. Milliy gʻoya deganda eski sovet mafkurasini xayoliga keltirib, “labiga uchuq toshadiganlar” ham yoʻq emas”.

    Endi oʻsha “maʼnaviyat bizga kerakmi”, deganlarga baʼzi fikrlarimizni aytsak. Maʼnaviyat va maʼrifatning jamiyat va davlat manfaatlari, inson kamoloti uchun nechogʻli zarur ekani – bu aksioma. Ammo, masalaning bugun baʼzi hollarda keskin tus olayotganini eʼtiborga olsak, maʼnaviyatsiz endi na Yangi Oʻzbekistonni va na Uchinchi Renessansni barpo etish mushkul ekanini anglash davri keldi, deb oʻylaymiz. Xoʻsh, maʼnaviyat bugun nima uchun kerak?

    Birinchidan, maʼnaviyat kishilarni fikriy va maʼnaviy mudroqlikdan qutqaradi. Ayrim odamlarda jamiyatda sodir boʻlayotgan voqea-hodisalarni tahlil eta olish koʻnikmasi mavjud emasligini, bu esa ularda yuz berayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini teran anglashga xalaqit qilayotganini sezish mumkin. Nazarimizda, bu narsa oʻsha odamlarda fikrsizlik holatidagi kemtiklik tufayli sodir boʻlyapti.

    Maʼlumki, fikr arabchadan gʻoya, aql, oʻy, mulohaza degan maʼnolarni bildiradi. Fikr yuritish biror xulosaga kelish uchun narsa va hodisalarni taqqoslash, oʻylash, mulohaza qilish, xulosa chiqarishdir. Shuningdek, fikr hayot, jamiyat, tabiatni tushunish yoʻsini, dunyoqarash, maslakka erishish yoʻlidagi muhim bosqich hisoblanadi.

    Fikrlash insonga xos xususiyat. Har bir shaxs fikrlaydi, sodir boʻlayotgan voqea-hodisalarga baho beradi, oʻz faoliyatini belgilaydi, xulosa chiqaradi. Bir soʻz bilan aytganda, inson boshqa jonzotlar dunyosidan oʻz fikriga ega boʻlgani bilan ajralib turadi. Fikrsiz insonni odatda asosan hissiyot boshqaradi.

    Bu esa oʻsha insonning boshqalar fikri bilan faoliyat koʻrsatishiga undaydi. Yaʼni fikrsiz kishi aslida fikr qaramligiga uchragan odam. Fikr va maʼnaviy qaramlik – kishilar fikri, tafakkuri ustidan muayyan gʻoyalarning hukmron mavqega egaligini, insonning sodir boʻlayotgan voqealar, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni mustaqil baholash imkoniyatidan mahrum boʻlganini ifodalaydigan tushuncha hisoblanadi.

    Fikrsizlik insonni tafakkur qulligiga olib boradi. Maʼnaviyat oʻsha fikrsizlik holatini bartaraf etadigan kuchdir. Aslida olomonlik va johillikning mavjudligi ham fikrsizlik natijasidir. Shu maʼnoda, fikrsizlikni maʼnaviy oʻlim, deyish mumkin. Maʼnaviyat kishida oʻzini oʻzi boshqarish koʻnikmasini shakllantiradi, har birimizda tanqidiy tahlil qilishga keng imkoniyat yaratadi.

    Shu maʼnoda, biz bugun Uchinchi Renessans poydevorini qurishga kirishar ekanmiz, uning ikki muhim jihati – yoshlarda mantiqiy fikrlash va yuksak axloqiy sifatlarni shakllantirishga eʼtibor berishimiz juda muhim. Qotib qolgan eski fikrlar, bir qolipdagi qarashlar, kimningdir nuqtayi nazari asosida qabul qilingan xulosalar aslida fikriy qaramlik, maʼnaviy mudroqlikdan boshqa narsa emas.

    Ikkinchidan, maʼnaviyat bizga insonni axloqiy tubanlikdan qutqarish uchun zarur. Agar maʼnaviyat va axloq uygʻunligiga erishmas ekanmiz, bu boradagi barcha qarashlarimiz, xatti-harakatlarimiz zoye ketaveradi. Shu oʻrinda “Gʻarbning oʻlimi” asaridagi quyidagi iqtibosni juda oʻrinli, deb bildik: “iqtisodiy, harbiy, ijtimoiy, siyosiy, ilmiy va texnologik taraqqiyotning yuksak choʻqqisiga koʻtarilgan Gʻarb tamadduni yangi mingyillikning boshiga kelib, tarixiy rivojlanishning gʻoyat ziddiyatli va murakkab bosqichini boshidan kechirayotgani, azaliy qadriyatlar oʻrnini faqat shaxsiy manfaat, aysh-ishrat, huzur-halovat mayllariga yoʻgʻrilgan “yangi axloq va eʼtiqod” egallayotgani, axloqiy qadriyatlar huquqiy meʼyorlar bilan almashtirilayotgani, bir soʻz bilan aytganda, Gʻarb tamaddunining demografik, milliy-etnik hamda maʼnaviy asoslari yemirilayotgani, hatto Amerikadek qudratli davlat ham davr tahdidlariga dosh bera olmayotgani tobora yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Gʻarb mamlakatlari hayotining turli sohalarida yuz berayotgan jarayonlarni xolisona tadqiq etayotgan olim-mutaxassislar asrlar mobaynida Gʻarb davlatlari taraqqiyotini belgilab bergan liberalizm taʼlimoti zamon talablaridan ortda qolayotgani, gʻarbona individualizmning taʼsirida jamoaviy masʼullik barham topayotgani, jamiyatdagi ijtimoiy, siyosiy, madaniy tabaqalashuv xatarli tus olayotgani, erkinlik – masʼuliyatsizlikka, plyuralizm esa – turli xalqlar qadriyatlarining qorishuviga olib kelayotgani, sirasini aytganda, Gʻarb tamadduni gʻoyaviy-nazariy va mafkuraviy jihatdan boshi berk koʻchaga kirib qolayotganini taʼkidlamoqdalar”.

    Darhaqiqat, bugun oʻz axloqiy qadriyatlariga, milliy anʼanalariga befarqlik bilan qarayotgan har qanday davlat yoki millat – xoh u katta boʻlsin, xoh kichik –xuddi chirmovuqdek oʻrab kelayotgan mafkuraviy tahdidlar, gʻoyasizliklar oldida ojiz boʻlib qolmoqda. Ana shuning uchun ham bugun mamlakatimiz rahbari milliy axloqimizni buzishga, milliyligimizga mutlaqo begona boʻlgan zararli gʻoyalar, tushuncha va qarashlar chegarani buzmasdan, bildirmasdan, taʼbir joiz boʻlsa, “chaqirilmagan mehmon” boʻlib xonadonimizga, jamiyatimizga, eng yomoni, murgʻak bolalarimizning pokiza qalbi va yuragiga kirib kelayotgan tahdidlardan himoyalanish butun jamiyatning vazifasiga aylanganini taʼkidlamoqda.

    Yuksak maʼnaviyatimizning oʻq ildizi axloq hisoblanadi. Agar bugun maʼnaviyat va maʼrifat toʻgʻrisida gapirar ekanmiz, aslida bunda biz yuksak axloqiylikni gapirgan boʻlamiz. Axloqiylik – bu, eng avvalo, real hayotda har bir insonning oʻz burchini bajarishi, vijdon azobisiz yashashi, har bir harakatida oʻz shaxsiy va jamoaviy masʼullik hissini sezish hamda unga amal qilishdir.

    Axloqiylik inson tomonidan oʻzini goʻzal odob va xulqlar bilan bezash, ziynatlashdir. Axloq tarbiya, bilim olish, madaniyatli boʻlish, masʼuliyatni his etishdan tortib to jamiyatda beadablikka yoʻl qoʻymaslik, nafsni jilovlash, oʻzgalar qalbiga ozor bermaslikkacha boʻlgan oʻta murakkab bosqichlarni bosib oʻtish natijasidagina shakllanishi mumkin.

    Shuning uchun ham biz maʼnaviyat toʻgʻrisida fikr yuritar ekanmiz, avvalo, xayolimizda, ongu shuurimizda axloq fenomeni turadi. Maʼnaviyatimizning yuksakligi axloqimizning darajasi bilan oʻlchanadi. Bugungi tez surʼatda rivojlanib borayotgan davrda ayrim kishilarda moddiyotparastlik sifatlari tobora kengayib borishi, jamiyat manfaatlarini mensimasdan, oʻz “individualizmi”ga erk berilishi, milliy qadriyatlarni ochiqdan-ochiq mensimaslik, nafs quliga aylanishlar – bularning bari aslida axloqsizlikning, demakki, maʼnaviyatsizlikning eng zamonaviy koʻrinishlaridir.

    Bugun, ayniqsa, ayrim yurtdoshlarimizda oson yoʻllar bilan boylik orttirish, nafs iskanjasiga tushib qolishdan ham qoʻrqmaslik kabi illatlar koʻpayib borayotganini tan olishimiz lozim. Axloqsizlik nafsning hali poklanmagani, jilovlanmagani va intizomli emasligidan darakdir. Bu borada Hakim Termiziy shunday deydi: shaytonning bir soat ichida halok qilganini yuzta och arslon bir suruv qoʻy ichida qila olmas. Nafsning bir soat ichida odamga qiladigan vayronlik ishini esa shayton qila olmas.

    Uchinchidan, maʼnaviyat bizga Oʻzbekiston jamiyatida shijoatli, gʻayratli yoshlarni tarbiyalash va shakllantirish uchun kerak. Biz bugun yangi Oʻzbekistonni barpo etishga ahd qilganmiz. Bu yoʻlda talay ishlar bajarildi. Yoshlikka xos shijoat, joʻshqinlik va mardlikni, ezgu orzu-intilishlarni amaliy harakatga aylantirib, salmoqli natijalarga erishmoqdamiz.

    Davlatimiz rahbari oʻzining “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobida shunday yozadi: “Agar tarixga nazar tashlaydigan boʻlsak, buyuk ajdodlarimiz erishgan olamshumul yutuqlar zamirida, avvalo, ona Vatanga, xalqqa xizmat qilishdek olijanob maqsad mujassam ekanini koʻramiz. Masalan, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulugʻbek singari allomalar, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi shoir va mutafakkirlar, Abdulla Avloniy, Fitrat, Abdulla Qodiriydek maʼrifatparvar adib va olimlar mashhur ilmiy kashfiyotlarini, oʻlmas badiiy asarlarini aynan kamolot yoshida yaratganlarini hammamiz yaxshi bilamiz va bu bilan faxrlanamiz”.

    Hech shubhasiz, bugun oʻsha buyuk ajdodlarimizning munosib merosxoʻrlari, izdoshlari yetishib kelmoqda. Ular jahon ilm-fan, madaniyat va sport maydonlarida oʻz Vatani nufuzini oshirishdek sharafli vazifalarni munosib ado etmoqda. Bundan barchamiz iftixor etamiz. Ana shu yuksak ehtiromlarga sazovor ishlarni faqat va faqat metin irodali, shijoatli va albatta, maʼnaviyati boy yoshlargina bajara oladi. Jahon ilm-fan, madaniyat, sport musobaqalariga chiqqan har bir yosh yigit-qiz koʻz oldida eng avvalo, albatta oʻz ona Vatani, uning muqaddas tuprogʻi, jondan aziz qishlogʻi, mahallasi turadi. Axir, bu maʼnaviyat boʻlmasdan, nima?

    Ayni paytda hali bu borada bajarishimiz lozim boʻlgan qator muammolar mavjudligini ham yodda tutish kerak. Bafarqlik, dangasalik, ishyoqmaslik, huzur-halovatni afzal bilish, jamiyat qoida-meʼyorlariga amal qilmaslik kabi holatlar, afsuski, jamiyatning yanada tezroq taraqqiy etishiga xalaqit qilmoqda. Aks holda, 2023-yilgi oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida talabgorlarning qariyb yarmi 56,7 foizdan kam koʻrsatkichga erishganini qanday tushunish mumkin?

    Nazarimizda, ana shu salbiy holatlardan qutilishning eng samarali yoʻllaridan biri inson maʼnaviyatining eng muhim sharti boʻlgan shijoat koʻrsatish amaliyotidir. Shijoatli odam shunday kishiki, oʻzini ulugʻ va ogʻir, masʼuliyatli ishlarni bajarishga tayyorlaydi, ulugʻlik va sardorlik darajasiga oʻsib yetish uchun koʻngilni jafo va alamlar yukini koʻtarishga targʻib qiladi.

    Tom maʼnodagi maʼnaviyat har birimizdan gʻayratni, gʻayratlilikni ham talab qiladi. Gʻayratlilik insonning biror faoliyatini amalga oshirishdagi shijoati, oʻz kuch va imkoniyatlarini toʻliq safarbar etish, mehnatni samarali tashkil qila olish qobiliyatini anglatuvchi tushuncha hisoblanadi. Xoʻsh, gʻayratli odamlarning eng muhim sifatlari nimalardan iborat? Nazarimizda ular quyidagilardan tashkil topadi: birinchidan, bunday kishilar maqsadga erishmaguncha tinmaydi, ikkinchidan, erishilgan natija bilan chegaralanmaydi, uchinchidan, har qanday ishni avvalgidan ham yaxshiroq bajarishga harakat qiladi, toʻrtinchidan, strategik va qiyin maqsadlarni koʻzlaydigan, beshinchidan, yangi va yanada yuksak natijalarga erishib, ishni astoydil va sidqidildan olib boradiganlardir.

    Toʻrtinchidan, maʼnaviyat biz uchun bugungi Oʻzbekistonda sodir boʻlayotgan voqea-hodisalarni tahlil qilish, ulardan zarur xulosalar chiqarish uchun ham juda zarur. Taʼkidlash lozimki, keyingi yillar mamlakatimiz tarixida sezilarli ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga juda boy boʻldi. Mamlakat va jamiyat hayotini isloh qilishda koʻplab konseptual-nazariy oʻzgarishlar sodir boʻldi. Barcha sohalarda, ayniqsa, jamiyat siyosiy tizimidagi oʻzgarishlar bir tomondan xalqimiz ijtimoiy hayotini ijobiy tomonga oʻzgartirayotgan boʻlsa, boʻlak tarafdan, bu jaryonlar xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilmoqda.

    Ana shu masalalarni xalqimizning keng ommasi ijtimoiy ongiga yetkazish, uning mazmun-mohiyatini tushuntirish, shubhasiz, maʼnaviyat, maʼrifat, targʻibot sohalarining eng muhim vazifalaridan biriga aylangan. Toʻgʻri, xalqimizning koʻpchiligi Oʻzbekistonda roʻy berayotgan ijobiy jarayonlardan xabardor. Shu bilan birga, ular mazkur oʻzgarishlarning ijodkorlari ham hisoblanadi.

    Afsuski, ayrim yoshlarimizning ijtimoiy tarmoqlardagi koʻngilochar sahifalarga mahliyo boʻlib qolishi, beparvoliklari, bilimi pastligi oqibatida yurtimizda yuz berayotgan voqea-hodisalarni tahlil qilish, zarur xulosalar chiqarish koʻnikmasiga ega boʻlmayapti.

    Buning jiddiy sabablari bor. Masalan, ayrim yoshlarimizning ijtimoiy faolsizligi, siyosiy-huquqiy madaniyat darajasining pastligi oqibatida Oʻzbekistonda barpo etilayotgan yangi jamiyat, demokratik, suveren, huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy mamlakatni qurishning nazariyasi va amaliyoti kabi masalalar mazmun-mohiyatini anglashda noʻnoqlik qilmoqda. Bu esa ularning oʻz hayotiy moʻljallarini tanlashda, jamiyat va mamlakatdagi oʻzgarishlar jarayonida faol ishtirok etishlariga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

    Xoʻsh, bugungi Oʻzbekiston yoshlarining bu masaladagi faoliyati qanday boʻlishi lozim? Nazarimizda, birinchidan, yoshlarimizda mavjud qonunchilikka itoat etish koʻnikmasini oshirish, insonning tartib-qoidalarga amal qilishga moyilligini kuchaytirish, shular asosida ularda demokratik jamiyat barpo etishning barcha huquqiy-meʼyoriy talablarini hurmat qilish madaniyatini shakllantirish lozim. Ikkinchidan, inson oʻzining ilmiy-intellektual darajasini oʻz maʼnaviy-axloqiy koʻnikmalari bilan uygʻunligini taʼminlashi kerak boʻladi. Bu oʻta qiyin va murakkab masala. Ammo, bu vazifani ado etmasdan turib yangi jamiyatni aslo qurib boʻlmaydi. Mamlakat rahbari bejiz yangi jamiyatni eski tafakkur bilan qurib boʻlmaydi, demagan.

    Biz bugun Yangi Oʻzbekistonni barpo etar ekanmiz, yoshlarimizda qonunlarga soʻzsiz itoat qilish koʻnikmasini shakllantirish bilan birga ularda oʻz faoliyatini maʼnaviy meʼyorlar asosida tashkil etish masalasiga ham eʼtibor berishimiz muhim. Gap jamiyat aʼzolarining asta-sekinlik bilan “Qonunlar ustuvorligi”dan “Maʼnaviylik ustuvorligi”ga oʻtishi haqida ketmoqda. Shu narsani qatʼiy ravishda aytish lozimki, aslida qonun ustuvorligi yuksak maʼnaviyatli insonlardagina shakllanishi mumkin.

    Ushbu ikki atamaning bir-biridan farqi shundaki, fuqarolik jamiyati barpo etilgani sari insonning butun faoliyatida maʼnaviy omillar asosiy rol oʻynay boshlaydi. Insonning komillik sari tashlagan har bir qadami uning Konstitutsiya, mavjud qonunchilikka mutlaqo amal qilishida namoyon boʻladi. Boshqacha aytganda, “Qonun ustuvorligi” biz uchun qanchalar zarur boʻlsa, unga amal qilishning yagona yoʻli sifatida “Maʼnaviylik ustuvorligi” ham shunchalar muhim. Yana bir bor qayd etish lozimki, mavjud qonunlarga amal qilishning eng samarali vositasi insonning maʼnaviylik sifatlariga bevosita bogʻliq.

    Beshinchidan, maʼnaviyat bizga ayrim eʼtiqodi sust, ijtimoiy jihatdan begʻam yoshlarimiz maʼnaviy olamini shakllantirish va ularni “arosatda”da qolish xavfidan qutqarish uchun kerak. Barchamizga maʼlumki, barkamol inson tarbiyasi, ayniqsa, yoshlar maʼnaviy qiyofasini shakllantirish, ular qalbida yaxshilik, ezgulik, millat va Vatanga mehr qoʻyish sifatlarini shakllantirish oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Bemaqsad, samarasiz, “shunchaki” oʻtkazilayotgan tadbirlar foydadan koʻra ziyon keltirishini isbotlashning hojati yoʻq. Buni barchamiz bilamiz.

    Ammo, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirishga xalaqit qilayotgan bir narsa borki, uni bugun eʼtirof etish lozim. Gap fuqarolarimizning, ayniqsa, yoshlarimizning maʼnaviy qiyofasini shakllantirishga, ular qalbida yaxshilikka oshnolik sifatlarini uygʻotishda mavjud holat va aniq vaziyatni yaxshi anglab yetmayotganimiz haqida ketmoqda. Shu maʼnoda, mamlakatimiz yoshlarining har bir hududiy birlik uchun alohida maʼnaviy-mafkuraviy xaritasini yaratishni maqsadga muvofiq, deb bilamiz.

    Ushbu shartli “xarita”da yoshlarimizning yosh xususiyatlari, qiziqishlari, intilishlari, maqsadlari oʻz ifodasini topgan boʻlishi muhimdir. Bunday xaritani tuzishda, nazarimizda, sotsiologik soʻrovnomalarning oʻrni alohida ahamiyatga ega. Masalan, qaysi yoshda Alisher Navoiy asarlarini oʻqish va ularni qay tarzda talqin qilish haqida oʻylamas va uni keksa-yu yoshga bir xil tarzda “targʻib-tashviq” qilar ekanmiz, oʻz maqsadimizga yeta olmaymiz.

    Yoshlar qalbi shakllanayotgan qalb hisoblanadi. Shakllanish jarayoni toʻgʻri belgilanmas ekan, bunday vaziyatda insonning virtual dunyoga kirib qolish ehtimoli juda katta. Virtual dunyoda inson qalbida hali toʻla anglab yetilmagan qandaydir gʻayritabiiy, gʻayriodatiy oʻzgarishlar roʻy beradi, undaylarda turli tubanliklarga tushish erkinlik sifatida qabul qilinadi. Eng yomoni, virtual dunyoda inson maʼnaviy javobgarlik va ijtimoiy masʼullikni his etmaydi.

    Hozirgi sharoitda ayrim yoshlarimizning virtual dunyoga tushib qolishi, ularning real dunyodan ajralib qolayotganliklarining ikki sababi bor, deb oʻylaymiz. Birinchidan, undaylar oʻzining mustaqil maʼnaviy qiyofasiga ega emas. Natijada “chet”dagi barcha narsalar, hattoki feyk “maʼlumotlar” ham “jozibadorligi” tufayli ularni oʻziga tortadi, natijada bunday yoshlar asta-sekin real dunyodan oyogʻi uzilganini his qilmaydi. Ikkinchidan, bunday toifadagilar oʻzini oʻzi rivojlantirishga ehtiyoj sezmaydi, birovlarga koʻr-koʻrona ergashuvchanlik, moslashuvchanlik kayfiyati ustuvorlik qiladi. Ular oʻzlarining mavjud holatidan qoniqish hosil qiladi. Bunday holat aslida rivojlanishdan toʻxtashdan boshqa narsa emas.

    Ayrim yoshlarimizni virtual dunyoga tushib qolishdan asrash, ularning qalbini yaxshilik, ezgulik urugʻlari bilan toʻldirish uchun, ularni margenallik holatidan chiqarish kerak. Margenallik – ayrim shaxs yoki guruhning jamiyatda muayyan ijtimoiy guruh, tabaqa, qatlamga mansub boʻlmasdan “chekkada”, “oraliqda” qolishidir.

    Boshqacha aytganda, margenallik holatida u yoki bu shaxs “arosatda” qoladi. Jamiyat, oila, mahalla taʼsiridan chiqish esa margenallik holatiga tushgan shaxsda beparvolik, uquvsizlik, ijtimoiy hayotdan begonalashuvni yuzaga keltiradi. Bunday holatga tushgan shaxsning asosiy “xususiyati” jamiyat muammolariga befarqlik, sustlik, tevarak-atrofda sodir boʻlayotgan voqea-hodisalarga dahldorlik hissining susayishi, qarorlar qabul qilishda noʻnoqlik va xafsalasizlikda koʻrinadi. Bundaylarni qalbi shikastlanganlar, deyish ham mumkin. Bu esa jamiyat uchun xavfli.

    Ana shunday salbiy vaziyatlardan yoshlarimizni qutqara oladigan yagona qudratli kuch – maʼnaviyat hisoblanadi. Tarbiyada aniqlik zarur. Buning uchun, yuqorida taʼkidlaganimiz kabi, tarbiyalanuvchiga aniq maʼnaviy tashhis qoʻyish lozim.

    Biz bugun eng aziz va muqaddas boʻlgan mustaqillik bayramimizni nishonlar ekanmiz, hech shubhasiz, oʻtgan oʻttiz ikki yil davomida erishgan barcha yutuqlarimiz zamirida mamlakat rahbari tomonidan maʼnaviyat sohasida aniq ishlab chiqilgan, ilmiy asoslangan ustuvor yoʻnalishlar muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlash zarur. Bu borada olib borilayotgan saʼy-harakatlar, soʻzsiz, Oʻzbekiston jamiyatini yanada barqarorlashtiradi, mamlakatimizni dunyodagi eng rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqadi. Bunga hech qanday shubha yoʻq.

    Qahramon QURONBOYEV,

    siyosiy fanlar doktori, professor

    Abduxalil MAVRULOV,

    tarix fanlari doktori, professor