Maʼnaviyat dargʻasi, el dilining hamrozi

    Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning 80 yilligiga

    Ardoqli shoirimiz Abdulla aka bilan suhbatdosh har bir inson oʻziga bevosita tegishli boʻlgan qandaydir hikmatni topmasdan qolmasdi. Xuddi shu maʼnoda bu inson hikmatdon shoir edi. Ilmni, olimni, ijodkorni qadrlaydigan, elini sevadigan, uning yutuqlari bilan suyunib, kulfati bilan astoydil kuyunadigan inson boshqacha boʻlishi ham mumkin emas.

    Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot institutida oldin matnshunolik keyin esa folklor sektorida ilmiy xodim sifatida ishlab yurgan kezlarimizda marhum ustozimiz akademik Matyoqub Qoʻshjonov huzuriga Abdulla aka tez-tez kelib turardi. Xonada dilkash suhbat uyushtirilar edi. Matyoqub Qoʻshjonovning urush asoratlari sabab koʻzlari bir muncha xiralashgan boʻlib kitob oʻqishga qiynalardi. Shu bois men ustozning “xos kotib” laridan biri boʻlganman, desam xato boʻlmaydi. U kishi biron adib ijodi haqida nimadir yozmoqchi boʻlsa, dastavval, mendan oʻqib mikrokassetaga ovoz tushirib berishimni soʻrardi. Kunlarning birida Abdulla Oripovning sheʼriy toʻplamlaridan birini kaminaga tutqazdi, soʻngra sheʼrlarni oʻqib, mana bu magnitofonga yozib kelgin, deya topshiriq berdi. Bir haftadan keyin bir nechta mikrokassetani toʻldirilgan holda olib kelib qoʻllariga tutqazdim. Domla uni diqqat bilan tinglar, fikr-mulohazalarini jamlab qogʻozga tushirib qoʻyar va meni chaqirardi. Maqolaning tarhi, kompozitsion qurilishi toʻla shakllangan boʻlardi.

    Kunlarning birida, “Abdulla juda yaxshi yozadi-da, falsafasiga sanʼatkorona toʻn kiygizib yozadi, muhimi, “libosi”ni yarashtirib bichib toʻqiydi", deganlari hamon yodimda. Abdulla Oripov ijodiga ustoz akademikning mehri boʻlakcha edi. Shundan boʻlsa kerak-ki, ulugʻ shoirimizning ilk sheʼriy toʻplamiga oq yoʻl tilab soʻz boshi yozgan ham akademik Matyoqub Qoʻshjonov edi.

    Kezi kelganda, shuni aytish joizki, institutimiz xodimlaridan fidoyi ayol Soriya opa Azizova Abdulla Oripovning qaysi asari, sheʼri yoki maqolasi qaysi manbada chop etilgan boʻlsa, erinmasdan topar va bibliografik koʻrsatkichlarini tuzib, tayyorlab borar edi.

    Mustaqillikning ilk kunlarida “Davlat tili haqida”gi qonunning ijrosi boʻyicha qizgʻin ishlar olib borilayotgan paytlar edi. Qonunning maxsus bir bandi koʻp asrlik madaniyatimizning kaliti hisoblangan arab alifbosiga asoslangan eski oʻzbek yozuvini oʻrgatish talabiga qaratilgandi. Oʻzbekiston televideniyesi orqali arab alifbosiga asoslangan eski oʻzbek yozuvini oʻrgatishga asoslangan “Alifbo saboqlari” koʻrsatuvini olib borardim. Sal oldin millionlab qiziquvchilarning xohish-istaklarini inobatga olgan holda “Eski oʻzbek yozuvi” degan 384 betdan iborat oʻquv qoʻllanmam ham chop etilgan edi.

    Shu kitobimni Abdulla Oripovga koʻrsatish maqsadida oldilariga bordim. Oldin bir necha bor koʻrishgan boʻlsak ham, iymanib, oʻngʻaysigʻ holatda salom berib bir chekkada oʻtirdim-da, dastxat bilan tayyorlab klganim “Eski oʻzbek yozuvi” kitobimni taqdim etdim.

    Astoydil xursand boʻlib, kitobni varaqlab, arab xat turlarini, nasx, nastaʼliq, koʻfiy, suls, devoniy, riqoʼ, rayhoniy xatlardagi bitiklarga zimdan nazar solib oʻtirdilar-da: “Tarixning kaliti, moziyning muhri boʻlibdi-ku bu”, deya miyigʻida kulimsirab qoʻydi va stol tortmasidan qizgʻish rangdagi “Yillar armoni” nomli kitobini olib “Eski doʻstimga” degan dastxati va imzosi bilan menga taqdim etdi. Kitobni ochganim hamonoq Abdulla akaning qadimiy yozuvimizga ixlos va eʼtiqodi aks etgan ushbu toʻrtlikka koʻzim tushdi.

    Eski alifboni dilga qilsang jo,

    Mana bu hikmatni unutma, aslo,

    Egri niyatniyu, yuvuqsiz qoʻlni

    Sira yoqtirmaydi oʻsha alifbo.

    Bu oʻtmish adabiy merosimizning tadqiqotchilariga qoʻyilgan talab, aytilgan nasihat, berilgan maslahat ham edi, nazarimda. Soriya opa tashrifdan maqsadni ham shartta aytib qoʻya qoldi.

    – Abdulla aka, bu ukamiz madaniy meros va oʻzbek xalq ogʻzaki ijodiyoti boʻyicha ilmiy ishlar olib borayotgan olimlarimizdan, shunga uy-joy masalasida bir yordam qila olamizmi deb yoningizga kelgandik, – dedi.

    Abdulla aka “Bu ogʻriqli dardlarimizdan”, deb xoʻrsingandek boʻldi-da, stol tortmasidan tepa qismiga “SSSR xalq deputati” deya bitilgan blankani olib nimalarnidir yozishga tutindi. Men oʻsha blankani to hanuz saqlab kelaman. Oʻzlari ham ijara iztiroblarini tortgan bir inson sifatida meni qadrlaganlaridan mamnun va minnatdor boʻldim.

    Aminmanki, bunday mazmundagi xatlar ulugʻ shoirimiz tomonidan koʻplar uchun yozilgan. Toʻgʻri, biz keyinchalik uy-joyga ega boʻlgan boʻlsak-da, ulugʻ shoirning oddiy bir yosh olim uchun kuyunishini, iltifoti va marhamatini koʻrib ruhlanasan kishi.

    A.Oripov ana shunday bagʻri keng, mehridaryo yana-da, aniqrogʻi, inson holatining, ruhiyatining buyuk tadqiqotchisi hamdir. Sheʼriyatni “onajonim” deya eʼtirof etishi, qalb malhami sifatida anglashi, bu chinakam shoirning, haqiqiy isteʼdodning nishonasidir. Xuddi shu maʼnoda el uchun, ona yurt uchun oʻz dardini el dardi deb, el dardini oʻz dardi deb bilish Abdulla Oripov tabiati va tiynatiga xos.

    El qoʻllasa azizim, omon boʻlsak, ajabmas,

    Qoʻllamasa rang roʻyi, somon boʻlsak, ajabmas.

    Elni bizdan qizgʻanib, soʻz aytguvchi zotlar bor,

    Ular uchun bir umr, yomon boʻlsak, ajabmas.

    Shoir uchun el eʼtibori, ehtiromidan ulugʻ ishonch yorligʻi, eʼzoz nishoni yoʻq. Davolanish uchun Amerikaga ketishi uchun maʼlum muddat Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi “Maʼnaviyat targʻibotchisi” nodavlat taʼlim muassasasida dars berdi. Bir haftalik oʻquv dasturida turli tizim xodimlarining malakasini oshirish yuzasidan har-xil mavzularda maʼruza qilish uchun siyosatshunos, tarixchi, tajribali psixolog, jurnalist va tibbiyot sohasida koʻzga koʻringan mutaxassislar, olimlar tashrif buyurishar edi.

    Abdulla aka sheʼriyat va maʼnaviyatning mezonlari borasida maʼruza qilardi. Oʻquv mashgʻulotlari “Poytaxt” biznes markazining 7- qavatida tashkil etilardi. Tabiiyki, men “Kasbiy faoliyatda, boshqaruv tizimida notiqlik mahoratining oʻrni” mavzuida maʼruza qilib chiqqach, Abdulla aka taʼlim muassasasi rahbari Azimjon Yusupov xonasida choy ichib suhbatlashib oʻtirishgan boʻlardi. Abdulla aka bilan quyuq koʻrishgach, ularni maʼruza xonasiga kuzatardim. Keyin Abdulla akaning darsi boshlanardi. Vaqt tigʻiz boʻlsa ham ularning maʼruzasiga kirib orqa stulda jimgina oʻtirib tinglardim. Shoir horgʻin, dam maʼyus, ham gʻamgin holatda soʻz boshlar edi. Hamma narsa oʻtkinchi ekanligi, el-yurt muhabbati va vatangina mangu qolishi haqida qator fikrlarni keltirardi. Shunda oʻz sheʼrlaridan ayrimlarini oʻqib, sharhlab, tushuntirib berardi va chinakam adabiyotning, sanʼatning, sheʼriyatning mohiyatini taʼsirchan tarzda ifoda etardi. Oʻshanda aytgan bir mulohazalari hech yodimdan chiqmaydi.

    Bir yili bahorning boshida qahraton sovuq kelgandi, xuddi bu yildagidek. Bahor boshlanib, bodomu oʻriklar gullagan paytda birdan qor aralash qattiq sovuq boʻlib, hamma gullagan mevali daraxtlarni sovuq urib ketdi. Shuni misol qilib tabiiy ofatni jamiyatning holati bilan bogʻlab, shunday degandi. “Agar bir yil qahatchilik boʻlsa yoki mevali daraxtlarni sovuq urib ketsa, shu yili qimmatchilik boʻlib, bozorda meva-chevalarning narxi oshib ketishi mumkin. Ammo keyingi yil yana hosil berishi, toʻkinchilik boʻlishi, shubhasiz. Lekin maʼnaviyatni aslo sovuq urmasin, mabodo sovuq ursa buni tuzatish uchun asrlar kerak boʻladi”, – degandi.

    Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri, davlatimiz madhiyasi matnining muallifi Abdulla Oripov ijodini, chop etilgan va chop etilmagan asarlarini targʻib va tashviq etish vazifasi aynan institutimiz jamoasi zimmasiga yuklangani ham bejiz emas. Shoir hayotlik paytida oliy taʼlim muassasalari ichida institutimizga tez-tez tashrif buyurib ijodiy muloqotlar uyushtirgani ham rost.
    Koinot gultoji boʻlgan inson salohiyati koʻpgina ishlarga qodir ekanligini eʼtirof etaturib odam qalbi ham rang-barang boʻlib, turfa tuygʻular oshyonidir. Shoir oʻz sheʼrlaridan birida shunday yozadi:

    Koinot gultoji insondir azal,

    Undadir eng oliy tafakkur, amal,

    Hattoki, u tubanlik ichra ham tanho,

    Ey falak, ijoding buncha mukammal.

    Olamga tayanch, odamga quvonch baxsh etadigan umrboqiy, qadrulabad tuygʻular va mavzular bor. Bularning vasfi va taʼrifi adiblar nazaridan chetda qolishi mumkin emas. Ana shulardan biri ahillik va hamjihatlik mohiyatini ifoda etuvchi doʻstlik mavzuidir.
    Abdulla Oripov doʻstlik tuygʻusini tarannum etuvchi qator sheʼrlar yaratgan. Bu mavzuga u ayricha mazmun yuklagan.

    Har qalay qoʻlimda sharbat toʻla jom,

    Gar mahzun boʻlsa-da, qalbimda ilhom.

    Endi bir samimiy doʻst ham topsaydim,

    Baxtli sanar edim oʻzni batamom.

    Shoir samimiy soʻzni ayta olgan adabiyotni qudratli kuch deb biladi. Munofiqlik va riyo bilan sugʻorilgan jamiyatning istiqboli yoʻqligini chuqur idrok etadi. Uni doʻst obrazi orqali ifoda etmoqchi boʻladi.

    Shundaylar bor senga lutf aylab,

    Doʻstman deya qoʻling tutarlar.

    Ammo har zum qadaming poylab,

    Xato qilishingni kutarlar...

    Axtarurlar hamisha illat,

    Yetti pushting goʻrin titarlar.

    Faqat unma, ulgʻayma faqat,

    Xato qilishingni kutarlar.

    Nosamimiy doʻstda havas oʻrniga hasad, ziyo oʻrniga riyo nish uradi. Bu esa jamiyatning taraqqiyotiga gʻov, egov, maʼnaviyatga tushovdir. Abdulla aka noziktabʼ shoir, teran tafakkurli faylasuf, sinchkov olim, idroki baland ruhiyatshunos, bir soʻz bilan aytganda, xokisor, donishmand inson edi. Uning ijodi bunga shohiddir.

    Donish ahli aytar maʼnidan kalom:

    Ming yilning mezoni qolsa yaxshi nom,

    Ezgu ishlaringni eling qilsa yod,

    Ikkinchi umrdir yashashdan murod.

    Abdulla Oripov maʼnaviyat dargʻasi, el dilining hamrozi sifatida ikkinchi umrini biz bilan birga yashayotgani sir emas.

    Rahimboy JUMANIYOZOV,

    filologiya fanlari nomzodi