Hayotda  har bir inson o'z yashash tarzi, armonu orzulari bilan o'zini dunyo bag'ridagi bir olamdek his qiladi. “Mening oilam, mening fikrim, mening bugunim, kelajagim”, deb gapiradi. Aslida odamlarning sa'y-harakatlarini ham, kechinmalarini ham u istiqomat qilayotgan jamiyat boshqaradi, ya'ni har shaxs o'y-xayollari, quvonch-iztiroblari bilan davriyu zamonasining bir jonli qismidir. SHunday ekan, bugun zamondoshlarimiz qalbidagi uyg'oqlikka intilish, tinchlikka shukronalik, mehnatga muhabbat, yaratishga ishtiyoq ham yashayotgan kunlarimizdagi o'zgarishlar bilan bog'lik.      

SHu ma'noda 2021 yildan kutayotgan muvaffaqiyatlarimizga oltin pillapoya bo'lgan 2020 yilda mamlakatimizda mohiyat–e'tibori bilan unutilmas voqealar ro'y berdi. Bu hodisalar quvonchi  kecha, bugun ham yuragimizda aks-sado bermoqda.  30 avgust kuni bir guruh ijodkorlar hamrohligida Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishish jarayonida yana bir bor bunga ishonch hosil qildik.

Toshkent metropolitenining YUnusobod yo'nalishi bo'yicha ”Bodomzor” bekatidan yangi “Turkiston” bekatigacha poezdda borib, amalga oshirilgan ishlarni ko'rib hayratimiz oshdi.

Yo'l... yo'llar... Bu so'z naqadar ko'ngilga yaqin... Axir, odam bolasi uyining  ostonasidan chiqishi bilan uni yo'l qarshi oladi. Yo'l uni maqsad manzillariga olib ketadi, yo'l uning hayajonlari, intilishlariga hamrohlik qiladi. Agar ona O'zbekistonimizni istiqloldan kuch-quvvat, nafas olib yashayotgan jonli, ulkan bir vujudga qiyoslasak, yo'llar esa bu jismning qon tomirlaridir.

Bu yo'llar yurtdoshlarimiz manzilini yaqin, og'irini engil qiladi. Qishda issiq, saraton otashida salqin bo'lgan ushbu metro yo'nalishi armon va quvonchlarimizga tutashligi aniq. eng muhimi, bu transport arzon, xavfsiz, qulayligi bilan ajralib turadi.

YUnusobod tumanida yashaganim uchun  qurilish jarayonidagi qiyinchiliklarning guvohi bo'ldim. To'g'ri, mutaxassis  emasman, ammo jurnalist yoki oddiy fuqaro bo'lib  ham bu mushkullarni anglash mumkin edi. Er ostidan sizib chiqib turgan suv, namlik, ayniqsa qahraton qishdagi quruvchilarning zalvorli zahmatini ko'rib amalga oshirish imkoni yo'qdek ko'rinardi. Bugun ko'rib ko'zlarimga ishonmadim. YAngi loyihada Germaniya texnologiyasi qo'llanilib, suvli joydan temir-beton tyubing qo'yish orqali o'tilgan. Bugungi kunda metro yo'li uzaytirilib, yangi bekatlar qurilgani odamlarga katta qulaylik yaratadi.

O'z elining ko'nglini yaqindanmi, uzoqdanmi turib o'qiydigan  davlatimiz rahbari hozirgiday munavvar damlarda,  ko'pchilik orzulagan temir tulporlar yo'l solib qatnay boshlagan quvonchli onlarda odamlarning til uchiga kelgan orzularini ro'yobga chiqarishga bosh-qosh bo'lganliklari uchun ham ko'zimizga Xizr nazarli inson bo'lib ko'rinadi. Axir, dunyoda o'z fuqarolarining qalbida ne  kechayotganini bilmay yashayotgan, bilmay xato qilayotgan, yurtini, elini o'tga tashlayotgan boshchilar yo'qmi? Ular bor va ular qarshisida yurt kelajagi, xalqining farovon yashashi uchun kunu tun tinim bilmay zahmat chekayotgan, mana shu ezu ishlarning ijodkori – mamlakatimiz rahbarining shaxsi yana ham yuksalib ko'rinadi. ezgulik, yaxshilik, savob yo'llarida ketib borar ekanmiz, har bir ijod ahlining yuragida faraxbaxsh tuyg'ular jonlanardi.

Toshkent shahrining Ahmad Donish ko'chasida amalga oshirilgan qurilish va obodonlashtirish ishlarini ham borib ko'rdik. Ilgari ham bu ko'chalardan ko'p marta o'tganman. Ammo bugungi manzaradan hammamiz hayratga tushdik. Ko'cha o'rtasidagi yashil hudud va ko'cha bo'ylaridagi azim daraxtlar saqlab qolingan. Yo'l chetlarida manzarali daraxt ko'chatlari gurkirab turibdi. Piyodalar va velosiped yo'lakchalari, maysazorlar tashkil etilgan. CHarog'on va keng ko'chalar shahrimiz ko'rkiga ko'rk qo'shib turibdi.

Biz bu kunlarni uzoq kutdik, orziqib kutdik. Ko'ksida o'z millatiga muhabbat bo'lgan har bir inson, har bir o'zbek bu kunlarni intiq kutgani rost. Bu yo'llar jasoratli xalqimiz ruhini davrdan davrlarga olib o'tadi.  

Toshkentning Farg'ona yo'li ko'chasida amalga oshirilayotgan ta'mirlash va obodonlashtirish ishlarini  ko'rib ko'nglimiz  osmon qadar yuksaldi.

Turkiyaning “Kalyon” shirkati bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan loyihaga asosan, 8 qatorli yangi avtomobil` yo'li qurish, 2 qatorli mavjud yo'lni rekonstruktsiya qilish, energiya tejamkor yoritish moslamalari o'rnatib, piyodalar va velosiped yo'lakchalari, maysazorlar tashkil etish rejalashtirilgan.

Tarixning qay bir davrlarida dunyo tamadduniga beqiyos hissa qo'shib, millat sifatida tanilib, tan olingan xalqimizning  yana shiddat bilan jahon sahnasiga ko'tarilayotganining namoyishi bu.

Toshkent er usti halqa metro liniyasining birinchi bosqichi – “Do'stlik-2 – Qo'yliq” yo'nalishi qurib bitkazildi. 2017 yilda qurilishi boshlangan ushbu ulkan loyihada 7 ta bekat barpo etilgan. YAngi yo'nalishning uzunligi 11,5 kilometr. Bekatlar milliy kolorit asosida, o'ziga xos dizaynda qurilgan. Yo'lovchilarga qulaylik yaratuvchi zamonaviy texnologiyalar, yo'lkirani elektron to'lash imkonini beruvchi turniketlar hamda eskalator bilan jihozlangan. Ikkinchi qavatdagi bekatlarga imkoniyati cheklangan yo'lovchilar uchun maxsus liftlar ham o'rnatilgan. Poezdga chiqish yo'lagida ko'zi ojizlar uchun maxsus bo'rttirilgan plitalar yotqizilgan.

Bekatda turgan paytimiz bir o'smir yonimga keldi. “Kennoyi, men ham shu poezda chiqsam bo'ladimi”, deb so'radi. Albatta, o'g'lim, bu qulayliklar sizlar uchun, deb javob berdim. Birga o'tirdik. Nogironlik guvohnomasini ko'rsatib: “Pulim yo'q, mana shu bilan ham yursam, shahar kezsam bo'ladimi, qanday yaxshi bo'ldi, oyim mana shu moshin opangni uyiga to'g'ri olib boradi, dedi...” Murodjonning quvonchiga sherik bo'ldim. Etti yoshdan etmish yoshgacha barcha-barcha yurtdoshlarimiz uchun quvonchli bo'lgan kunda sayohatimiz davom etdi.

Ustoz shoirimiz G'afur G'ulom qalamiga mansub bo'lgan bu satrlarning avvalu oxirini ko'pchilik yod biladi:

Uzilgan bir kiprik abad yo'qolmas,

SHunchalar mustahkam xonai xurshid...

Alloma shoir “Xonai xurshid” iborasini qo'llaganda, butun er yuzini nazarda tutgandir, ehtimol. Lekin mening tasavvurimda, xonai xurshid – quyosh uyi bu hammamiz uchun aziz,  ulug' tafakkurzodalar beshigi bo'lmish O'zbekiston gavdalanaveradi.

Bu hududda yashayotgan aholimizning soni 33 millionga yaqinlashib  qoldi. Ular – duogo'ylarimiz ota-onalarimiz, ilm yo'llarida igna bilan quduq qazigandek zahmat chekayotgan fan fidoyilari, shifokorlar, muallimlar... Beshikda munchoq ko'zlarini onasiga tikib yotgan qorako'zlar ham shu sanoqda... Hammasini jamlab, “Vatan” deb atab, tasavvur qilmoqchi bo'lsang, bu tasavvur daqiqa sayin, boya aytganimdek, ulkanlashib boraveradi, sen uning  qarshisida zarraga aylanasan.

Agar yurt boshiga: “Men mana shu odamlar, mana shu zamin uchun javobgarman”, degan katta yurakli inson kelsa, hech narsa, hatto, bir zarra ham  e'tibordan chetda qolmas ekan. Biz bu haqiqatni har kun, har lahza o'z ko'zimiz bilan ko'rib, har daqiqasi asrlarga teng jarayonda o'zimiz ishtirok etib turibmiz. 

YAshnobod tumanidagi Farg'ona yo'li ko'chasida, Qorasuv kanali bo'yida qurilayotgan “Assalom, sohil!” turar joy majmuasi bilan tanishish  asnosida ana shu  satrlar xayolimdan kechdi.

22 ko'p qavatli uy, 58 kottej, mo''jaz sayilgohlar, yashil maydonchalar, antiqa daraxtlar, gullar, betakror ko'rinishdagi ta'lim muassasalari, sog'lomlashtirish majmualari, amfiteatr, kafelar, biznes markaz, umuman, aholi yashashi uchun barcha qulay ob'ektlar. Bularning hammasi xalqimiz roziligi uchun  amalga oshirilgan ezgu ishlardir.

YAshnobod tumanidagi ko'p tarmoqli “Texnopark” ishlab chiqarish majmuasida “Samsung” brendi ostida maishiy sovutgichlar ishlab chiqarish korxonasining ochilishi ham qutlug' bayramimizga munosib to'yona bo'ldi.

2019 yil 10 avgustda Prezident SHavkat Mirziyoev tashabbusi bilan asos solingan, sobiq aviasozlik zavodi o'rnidagi mazkur ishlab chiqarish majmuasida   17 ta yirik loyiha amalga oshirilishi maqsad qilingan. Ularning birinchisi 2020 yil fevral` oyida ishga tushirilib, elektron gaz hisoblagichlar ishlab chiqarish yo'lga qo'yilgan edi. Bu yil majmuada lift va eskalatorlar, suv nasoslari, kir yuvish mashinalari, vitrina sovutgichlari va muzlatgichlar ishlab chiqarish loyihalari ishga tushirilish rejalashtirilgan. SHuningdek, logistika markazi quriladi. Bu erdan mahsulotlarni to'g'ridan-to'g'ri xorijga eksport qilish mumkin bo'ladi. “Texnopark” hududidagi barcha loyihalar ishga tushirilishi bilan 10 mingdan ziyod aholi doimiy ish bilan ta'minlanadi. eng ahamiyatlisi,  ishchi - xizmatchilarning 65 foizi xotin-qizlardan iborat bo'lishi ko'zda tutilgan. Har bir xonadon bekasi muzlatgich va kir yuvish mashinasini o'z mulki hisoblaydi. Og'irini engil qilib, koriga yaragan bu ro'zg'or jixozlarini asrab-avaylaydi. Bu buyumlarning yaratilishida xotin-qizlarning qo'li bo'lsa yanada nafis, yanada chidamliroq bo'lib dunyoga kelishi aniq.  Hayotda katta yutuqlarga erishgan, oilasi tinch, farzandlari beshikast kamolga etayotgan xonadonlar hayotiga  havas qilgan holda, bu korxonaga himoyaga muhtoj, bugungi taraqqiyot imkoniyatlaridan uzilib qolgan yurtdoshlarimiz malaka oshirib, ish bilan ta'minlanishiga ko'proq ahamiyat berilishi ko'zda tutilgani e'tirofga loyiqdir.

Mazkur korxona yiliga 1 million dona sovutgich ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu nafaqat yurtimiz, balki MDH davlatlari aholisini ham zamonaviy, sifatli mahsulot bilan ta'minlash imkonini beradi.

Odam bolasining tafakkuri teranligidan o'zidek  aqlli mashinalar ixtiro  bo'lyapti. Inson oyog'i Marsga etdi. Demak, uni hayratlantirish, hayajonga solish oson emas. Lekin dunyoda yana bir kuch borki, undan keladigan har harorat, har taft har qanday sovuqqon odamni ham hayratga soladi. Bu – insonni qadrlash tuyg'usi, insonga oqibat ko'rsatish, uni toifalarga ajratmay, shunchaki Odam Ato, Momo Havvo avlodlari, bashariyatning bir parchasi deya hurmat bilan qarash hissiyoti.

Mavlono Jaloliddin Rumiyda bir hikmat bor: “Agar Alloh  Ka'bani erdan ko'tarib qo'yganda edi, odamlar sajda qilgani qibla qidirib bir-birining qalblariga yuzlanar edilar”. Bu – inson aziz, degani. Bizning mamlakatimizda fuqarolar uchun yaratilayotgan biri-biridan maqtovli sharoitlar tufayli oramizda qalbiga qarab sajda qilsang arziydigan insonlar ko'paydi. Ular avval ham bor edi, faqat bugungi  yangi zamon to'lqinlarida bor qaddi-basti bilan ko'rinmoqda.

  Qalam ham, qog'oz ham aslida haqiqat jarchisi, haqiqat yalovi. Ona O'zbekistonimizda tinchlik barqarorligi, qadriyatlar bardavomligi, mehnat sharafi, adolat tantanasi yo'lida qadam tashlayotgan pok niyatli insonlarga hamrohmiz. Niyat toza, qadamlar shaxdam bo'lsa, albatta, yurtimiz obod, ko'ngillarimiz shod bo'lishiga ishonchimiz komil.

  Munavvara Usmonova

“Saodat” jurnali bosh muharriri