“Temur tuzuklari”dagi “Tajribamda koʻrilgankim, azmi qatʼiy, tadbirkor, hushyor, mard va shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz, loqayd kishidan yaxshiroqdir” va “Saltanat ishlarining toʻqqiz ulushini mashvarat, tadbir va kengash, qolgan bir ulushini esa qilich bilan bajo keltirish zarur”, degan soʻzlar bugun ham naqadar dolzarb ekanini hayotning oʻzi isbotlamoqda.

Davlat va jamiyat boshqaruvida bilim, ilm va maʼrifatga asoslangan yondashuv hayotiy zaruriyatligini har birimiz koʻrib turibmiz. Taraqqiy etgan qaysi davlatni olmaylik, tadrijiy rivojlanishida inson qadrini ulugʻlash, inson omilidan oqilona va samarali foydalanish natijasida ulugʻ maqsadlarga erishilgan.

Mamlakatimizda 2019-yildan eʼtiboran “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan qonunchilikka doir hujjatlar, jumladan, davlat dasturlari, Prezidentning farmon va qarorlari loyihasi keng jamoatchilik muhokamasiga havola etib kelinmoqda.

Men shunday muhim jarayonlarga oʻz hissamni qoʻshish, oddiy fuqarolik burchimni bajarishga harakat qilaman. Xususan, 2019-yilda yoʻnalishli taksilar faoliyatini raqamlashtirish bilan bogʻliq taklifim inobatga olinib, davlat dasturida oʻz aksini topgan boʻlsa, 2021-yil — “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturi loyihasiga mahalla instituti faoliyatini takomillashtirishda Davlat xizmatlari agentligidagi tekin va pulli xizmatlarni aynan mahallada yoʻlga qoʻyilishi ham maqsadga muvofiq, deb bergan taklifim inobatga olindi.

Chunki aholiga xizmat koʻrsatishda transport xizmatlariga ketadigan sarf-xarajatlar qisqaradi. Shuningdek, hudud iqtisodiy rivojlanishiga ijobiy samara beradi. Bundan tashqari, davlat organlarining xizmat sifatini mahallabay tashkil etish va uni mahallabay muvofiqlashtirish imkonini beradi, degan taklifim ham davlat dasturi bandlarida inobatga olindi.

Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi muhokamasiga ham 40 dan ortiq taklif taqdim etdim. Ulardan mahalla instituti faoliyati samaradorligini oshirish, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch boʻgʻiniga aylantirish bilan bogʻliq taklifim qabul qilindi.

Mahallalarda sotsiologik va analitik tahlil bugungi kunda suv bilan havodek zarurligi, bunday tahlillar mahalla instituti samaradorligi hamda jamoatchilik nazoratini oshirish imkoni berishi haqida edi taklifim.

Zero, har bir mahallada sotsiologik va analitik tahlillar oʻtkazilishi miqdor va sifat koʻrsatkichlari shaffof boʻlishi, axborot almashinuvida ochiq va oshkoralikni taʼminlanishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bir soʻz bilan aytganda, oddiy fuqaro, keng jamoatchilikning fikr-mulohazalari shunday muhim hujjatlarda aks etishi “Inson qadri uchun” tamoyilining amaldagi ifodasidir.

Shahriyor XOLBOYEV,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Davlat boshqaruvi akademiyasi

Samarqand filiali bosh mutaxassisi