Maqsadimiz – xalq hurmatiga munosib avlodni tarbiyalash

    Talabalarga oʻtayotgan vaqtini behuda sarflamay, oʻqib-oʻrganishi, bilim va salohiyatini kengaytirishi, kattayu kichikka hurmat va izzatda boʻlishi, ayniqsa, oʻzidagi yashirin isteʼdodni tinimsiz mehnat va izlanishlari, tajribali ustoz, akademiklarning oʻgit va saboqlariga quloq tutgan holda yuzaga chiqarishi, xalqi uchun munosib farzand boʻla olishlarini anglatish uchun bor kuch-gʻayratimizni ishga solyapmiz.

    Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti tasviriy sanʼat, dizayn, sanʼatshunoslik va muzeyshunoslik sohalarida kadrlar tayyorlaydigan respublikadagi yetakchi oliy taʼlim muassasi sanaladi.

    Ijodkorni tarbiyalash, uning oʻziga xos uslubini shakllantirish va kelajakda har tomonlama barkamol inson qilib tarbiyalashning oʻziga yarasha mashaqqatli jihatlari mavjud. Chunki, ijodkorlarni faqatgina auditoriyada oʻqitish yoki berilgan topshiriqlarni bajarilishini nazorat qilish orqali ularni oʻz kasbining ustasi sifatida tayyorlash uchun yetarli boʻlmaydi. Shu maʼnoda institutimizda oʻz fikri, ijodiy uslubi va yoʻnalishiga ega yetuk ijodkorni tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratiladi.

    Institutda hozirgi kunda 262 nafar professor-oʻqituvchilar faoliyat olib borishmoqda, shundan fan doktorlari 6 nafarni, professorlar, Oʻzbekiston badiiy akademiyasi akademiklar soni 22 nafarni, fan nomzodlari va dotsentlar 62 nafarni tashkil etadi. Joriy yilning shu davriga qadar institutning 15 nafar professor-oʻqituvchilar ilmiy daraja va unvonga ega boʻlishdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining oʻttiz bir yilligi munosabati bilan fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, sport, adabiyot, madaniyat, sanʼat sohalari va ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida"gi Farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Amaliy sanʼat va dizayn fakulteti “Amaliy grafika va badiiy fotografiya” kafedrasi dotsenti Serik Pirmatov “Doʻstlik” ordeni bilan, Tasviriy sanʼat fakulteti “Dastgohli rangtasvir” kafedrasi professori Fayzullaxon Ahmadaliyev “Oʻzbekiston Respublikasi Xalq rassomi” faxriy unvoni bilan mukofotlandi. Bu esa institutimiz jamoasi uchun faxr va gʻururdir.

    Talabalarga oʻtayotgan vaqtini behuda sarflamay, oʻqib-oʻrganishi, bilim va salohiyatini kengaytirishi, kattayu kichikka hurmat va izzatda boʻlishi, ayniqsa, oʻzidagi yashirin isteʼdodni tinimsiz mehnat va izlanishlari, tajribali ustoz, akademiklarning oʻgit va saboqlariga quloq tutgan holda yuzaga chiqarishi, xalqi uchun munosib farzand boʻla olishlarini anglatish uchun bor kuch-gʻayratimizni ishga solyapmiz.

    Har bir talaba ertangi kunimizning boshqaruvchisi, millatimiz davomchilaridir. Oʻz qadrini anglay olgan talaba esa ertaga haqiqiy inson sifatida xalqini ham qadrlay oladi. Shuning uchun ham institutimizda tahsil olayotgan har bir talabaning oilaviy ahvolini oʻrganib chiqqan holda, oʻz ustida tinimsiz ishlab, harakat qilayotgan isteʼdodli yoshlarga moddiy, maʼnaviy va ruhiy koʻmak berib boryapmiz.

    Haqiqiy sanʼatimiz tarixini saqlash, qadrlab, ardoqlash, ularning sir-asrorlarini mukammal oʻrganish, buyuk dargʻalarimizning ijod yoʻllarini davom ettirib, ajdodlar va avlodlar oʻrtasida mustahkam koʻprik boʻlishdek masʼuliyatli vazifani ham aynan shu talaba-yoshlarimiz amalga oshiradi.

    Shu bois bugun inson qadrini yuksaltirishda aynan taʼlim tizimining oʻrnini oshirishga eʼtibor qaratilmoqda. Institutda talabalarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish oʻrtasida turli tanlovlar oʻtkazilishi anʼanaga aylangan.

    Tanlovlardan koʻzlangan asosiy maqsad yosh ijodkorlar asarlarida ona yurt va insonni ulugʻlashga yoʻnaltirish orqali vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, asarlarda yurtimizda olib borilayotgan islohotlarni ifodalash imkonini yaratishdan iborat. Aytish kerak, talabalar oʻrtasida institutda tashkil etilayotgan tanlovlar va turli loyihalar ularni respublika va xalqaro miqyosdagi koʻrik-tanlovlarda ishtirok etib, katta muvaffaqiyatlarga erishishlari uchun imkon yaratmoqda.

    Jumladan, joriy yil aprel oyida “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”ga bagʻishlab tashkil etilgan xalqaro anʼanaviy “Tasviriy va amaliy sanʼat” festivalida institut talabalarining 16 nafari oltin, kumush va bronza medallarni qoʻlga kiritdi.

    Shuningdek, Toshkent shahrida oʻtkazilgan sanʼat festivali doirasida oʻtkazilgan “500 nafar rassom” mega loyihasida talabarimiz ishtirok etib, institutning 7 nafar iqtidorli talabasi gʻoliblar qatoridan oʻrin egalladi. Festivalning mutloq gʻolibligi hamda Gran-Pri sovrini – Birlashgan Arab amirliklarining Abu-dabi shahriga ikki kishilik sayohat yoʻllanmasi Xattotlik va miniatyura taʼlim yoʻnalishi 2 bosqich talabasi Rustam Qurbonovga nasib etdi.

    Umuman olganda oʻtgan 2022-yil institut talabalari uchun sermahsul yil boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 5-martdagi “Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlash toʻgʻrisida”gi Qaroriga asosan Tasviriy sanʼat fakulteti talabasi Nilufar Ahmadaliyeva ushbu nufuzli mukofotga sazovor boʻldi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-iyundagi “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Amaliy sanʼat va dizayn fakulteti Meʼmoriy yodgorliklar bezagini taʼmirlash taʼlim yoʻnalishi talabasi Musirmonov Tursunmurod Bahodir oʻgʻli yuksak eʼtirof – “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi va bugungi kunda magistratura bosqichida tahsil olmoqda.

    Bundan tashqari, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisining tegishli qaroriga muvofiq joriy yilda institutimizning 4 nafar talabasi – Dastgohli rangtasvir taʼlim yoʻnalishi talabasi Madinabonu Abdumoʻminova, Multfilm va kompyuter multiplikatsiyasi taʼlim yoʻnalishi talabasi Asliddinxoʻja Hotamov, Haykaltaroshlik taʼlim yoʻnalishi talabasi Asadbek Rahmatullayev hamda Sanʼatshunoslik va muzeyshunoslik taʼlim yoʻnalishi talabasi Shahzod Bahodirovlar “Kamoliddin Behzod nomidagi davlat stipendiyasi” sovrindori boʻlishdi.

    Shuni alohida taʼkidlash oʻrinliki, Davlat oliy taʼlim muassasalari magistraturasiga 2022/2023 oʻquv yili qabuli boʻyicha tanlov natijalari qaydnomaga muvofiq institutimizning 11 nafar bakalavr bitiruvchilari imtiyoz asosida magistratura bosqichiga oʻqishga qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentning 2020-yil 21-apreldagi “Tasviriy va amaliy sanʼat sohasi samaradorligini yanada oshirishga doir chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4688-sonli qarorining 14 bandida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlari asosida 2021-yil va keyingi yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining asosiy binosi atrof hududida qoʻshimcha oʻquv binosi va zamonaviy axborot-kutubxona markazi, koʻrgazmalar galereyasini oʻz ichiga qamrab oluvchi yordamchi bino qurish ishlari belgilangan boʻlib, hozirgi kunda 7 qavatli oʻquv binosi qurilishi davom etmoqda.

    Shuningdek, Amaliy sanʼat va dizayn fakultetining moddiy-texnik bazasini boyitish, talabalarga qulay sharoitlar yaratish maqsadida – Ochiq byudjet portaliga murojaat qilindi. Institutimiz jamoasining faolligi va tashabbuskorligi bilan biz ham gʻoliblar qatoridan oʻrin egalladik. Bu esa yoshlarimizga yanada kengroq imkoniyatlar yaratib berishimizda ayni muddao boʻldi.

    Bugun 70 yoshni qarshi olayotgan, tasviriy sanʼatdan mukammal saboq bera oladigan oliygoh faoliyatini rivojlantirish, institutning moliyaviy, oʻquv-metodik va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shu jumladan, infratuzilmani yaxshilash, zamonaviy uskunalar hamda jihozlar bilan taʼminlash kabi bir qator masalalarga eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas.

    Abbosjon Mirzorahimov,

    Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik

    va dizayn instituti rektori