Oʻzbekiston Markaziy bankida navbatdagi Boshqaruv yigʻilishi yakunlariga bagʻishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov ishtirok etib, asosiy stavka yillik 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qolgani haqida maʼlum qildi.
Ushbu qaror real foiz stavkalar ijobiyligini saqlab qolish, yuzaga kelgan vaqtinchalik inflyatsion xatarlar fonida iqtisodiy faollikni yana-da ragʻbatlantirish uchun qulay sharoitlar yaratilishi va oʻrta muddatli davrda inflyatsiya dinamikasi yana-da sekinlashishi oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlashga qaratilgan.
«Markaziy bank inflyatsiyaning yil yakuni boʻyicha prognozini yillik 11-12,5 foiz darajasida saqlab qoldi va Hukumat bilan birgalikda unga erishish uchun barcha zaruriy choralarni koʻradi.
Asosiy stavka boʻyicha kelgusidagi qarorlar inflyatsiyaning joriy va prognoz dinamikasining shakllanishi, shuningdek ichki va tashqi xatarlarni baholash asosida qabul qilinadi», deyiladi Markaziy bank press-relizida.