Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi: jozibadorlik markazi, yangi iqtisodiy imkoniyatlar makoni

    Oʻzbekistonning soʻnggi yillardagi xalqaro va mintaqaviy barqarorlikka erishishga qaratilgan tashqi va ichki siyosati Markaziy Osiyoda rivojlanishning yangi davrini boshlab berdi.

    Mintaqa mamlakatlari umumiy maqsad va birgalikdagi intilishlari sabab yagona makon va maqsad sari birlashmoqda. Ayni jarayon koʻplab rivojlangan mamlakatlarni Markaziy Osiyo boʻyicha strategik hamkorlik munosabatlarini yanada faollashtirishga undamoqda. Zero, mintaqaviy hamkorlikning bugungi bosqichida zamon talabiga mos tashabbuslar oʻzaro manfaatli sheriklikni samarali roʻyobga chiqarishi mumkin.

    Jahon iqtisodiyotidagi yirik integratsion birlashmalardan boʻlgan Yevroittifoq yetmish yildan buyon jahon mamlakatlari bilan samarali hamkorlik qilib kelyapti. Yevropa Ittifoqining jahonda mavjud boshqa xalqaro integratsion birlashmalardan farqli jihati uning integratsion jarayonlar va xalqaro savdo-iqtisodiy munosabatlarda erishgan muvaffaqiyatlarida namoyon boʻladi. Integratsion birlashma tarkibiga kiruvchi mamlakatlar oʻrtasida mahsulotlar, kapitallar, ishchi kuchi va xizmatlarning umumiy bozori tashkil etilishi orqali ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlashga erishilmoqda.

    Yevropa Ittifoqi bugungi kunda umumiy savdo-tovar aylanmasi jihatdan dunyoda birinchi oʻrinda turadi. Chunki tashkilot jahonning yuzdan ortiq davlati bilan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalarda ikki va koʻp tomonlama hamkorlik qilib kelmoqda. Shu bilan birga, savdo-iqtisodiy hamkorlik doirasida jahondagi turli mintaqalar bilan ham samarali aloqalarni tashkil etgan, ushbu hamkorlik munosabatlari boshqa mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi.

    Soʻnggi yillarda YEI tashqi siyosatidagi hamkorlikning muhim yoʻnalishlaridan biri Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ikki va koʻp tomonlama aloqalarni rivojlantirish hisoblanadi. Ushbu mintaqa bilan oʻttiz yildan ortiq davr mobaynida hamkorlikni rivojlantirib kelayotgan Yevropa Ittifoqi oʻz tashqi siyosatida ustuvor hisoblagan ayrim yoʻnalishlar doirasida alohida strategiyalarini qabul qilgan holda istiqbolli munosabatlarni yoʻlga qoʻymoqda.

    Bir tomondan Yevropa Ittifoqi, ikkinchi tomondan Markaziy Osiyo respublikalari oʻrtasidagi birinchi keng koʻlamli hamkorlik dasturi “Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga texnik yordam” (TACIS) boʻldi. Mazkur dastur MDH mamlakatlariga iqtisodiy va siyosiy islohotlarni amalga oshirish, bozor iqtisodiyotiga oʻtish va qonun ustuvorligini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarida koʻmaklashuvchi birinchi tashabbus edi.

    Markaziy Osiyo mamlakatlarining tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish borasida amalga oshirayotgan taʼsirchan islohotlari tashkilot va unga aʼzo davlatlarning ushbu mintaqaga eʼtiborini yanada oshirgan holda, barcha sohalardagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga undamoqda.

    Yevropa Ittifoqi bilan Markaziy Osiyo davlatlari, yaʼni Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Turkmaniston, Tojikiston, Qirgʻiziston oʻrtasida savdo-iqtisodiy munosabatlar yuzasidan qator oʻzaro manfaatli bitim va shartnomalar imzolagan, ular hozirgi kunda hamkorlik munosabatlarini tashkil etish va rivojlantirishning muhim huquqiy poydevori sifatida xizmat qilmoqda.

    Soʻnggi yillarda mamlakatimizda jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvni kuchaytirish, xalqaro iqtisodiy aloqalarni faollashtirish, xorijiy davlatlar bilan imtiyozli savdo-iqtisodiy aloqalarni samarali tashkil etishga qaratilgan islohotlar nafaqat Markaziy Osiyo miqyosida, balki Yevropa Ittifoqi bilan ham hamkorlikning yangi davrini boshlab berdi.

    Markaziy Osiyo mamlakatlarining xalqaro va mintaqaviy jihatdan barqarorlikka erishishga qaratilgan tashqi va ichki siyosati, ushbu yoʻnalishdagi umumiy maqsadlari ularning jahon hamjamiyati bilan hamkorligida muhim rol oʻynamoqda. Bu holat mintaqa mamlakatlarining Yevropa Ittifoqi bilan strategik hamkorlik munosabatlarini samarali amalga oshirishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.

    Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo muloqoti mintaqa mamlakatlari bilan hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini tashkil etish maqsadida 2004-yil noyabr oyida Yevropa Ittifoqi tashabbusi bilan boshlangan. Muloqot doirasida mintaqamizda barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash, barqaror iqtisodiy rivojlanish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilash borasida hamkorlik qilib kelinmoqda.

    2004-yildan 2006-yilgacha boʻlgan davr mobaynida ushbu muloqot doirasida uchta muhim uchrashuv – Bishkek (Qirgʻiziston, 2004-yil), Bryussel (Belgiya, 2005-yil) va Olmaotada (Qozogʻiston, 2006-yil) boʻlib oʻtdi. 2007-yildan boshlab Germaniya tomoni tashabbusi bilan Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha strategiyasi qabul qilinishi ortidan tashqi ishlar vazirlari darajasida uchrashuvlar oʻtkazila boshlandi.

    Tashqi ishlar idoralari rahbarlari darajasida Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo vazirlar uchrashuvi oʻtkazilishi muntazamlik kasb etishi borabarida xuddi shunday formatda muntazam uchrashuvlar oʻtkazishning boshqa mexanizmlari ham yoʻlga qoʻyildi. Xususan, parlamentlararo aloqalar, iqtisodiyot, savdo, investitsiya, demokratiya, inson huquqlari, taʼlim, atrof-muhitni muhofaza qilish va suv resurslari masalalari boʻyicha tegishli idoralar oʻrtasida muntazam uchrashuvlar oʻtkazilmoqda.

    2019-yilda Yevropa Ittifoqining mintaqaga oid yangilangan strategiyasi qabul qilinishi bilan mintaqalararo muloqotning yangi formatlari – Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo iqtisodiy forumi, Fuqarolik jamiyati forumi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Yangi strategiya “Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo: hamkorlikni mustahkamlashdagi yangi imkoniyatlar“ deb nomlanib, unda istiqbolda mintaqaviy darajada hamkorlik aloqalarini amalga oshirishga tegishli boʻlgan muhim strategik masalalar oʻz aksini topgan. Yevropa Ittifoqining mintaqa bilan hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha yangi strategiyasi koʻzlangan maqsadlarga erishish yoʻlidagi faol hamkorlikka qaratilgan siyosat namunasidir. Shuningdek, Oʻzbekiston tashabbusi bilan Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo hamkorligini mustahkamlash boʻyicha vazirlar konferensiyasi ish boshladi.

    Mazkur hujjatda Osiyoning Yevropa uchun, oʻz navbatida, Yevropaning Osiyo uchun muhim ahamiyat kasb etishi, tashkilot doirasidagi rivojlanishni yanada yuqori bosqichga olib chiqish uchun Osiyo mamlakatlaridagi tinchlik va barqarorlik muhim omil ekani, shu bois, iqtisodiy diplomatiya va Osiyoda xavfsizlik sohasidagi ishtirokni faollashtirish zarurligi qayd etilgan. Osiyo mamlakatlarining Yevropa Ittifoqi bilan transport aloqalari, energetika va raqamli tarmoqlar yaratish, insonlar oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni mustahkamlash, Osiyo mamlakatlari va tashkilotlari oʻrtasidagi oʻzaro sheriklik munosabatlarini yoʻlga qoʻyish, turli moliyaviy vositalardan foydalangan holda barqaror moliyalashtirish tizimini rivojlantirish kabi asosiy sohalar boʻyicha hamkorlik qilinishi belgilangan.

    Strategiyada rejalashtirilgan yoʻnalishlar haqida toʻxtaladigan boʻlsak, savdo-iqtisodiy va transport infratuzilmasini rivojlantirish sohasidagi hamkorlik aloqalari turli loyiha va dasturlar asosida ilgaridan yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, mintaqa mamlakatlarining iqtisodiy taraqqiyotida muhim rol oʻynamoqda. Transport sohasidagi hamkorlik aloqalaridan biri TRACECA (Transport Corridor Europe-Caucasus-Asia) loyihasi hisoblanadi. Chunki mintaqaviy darajadagi transport imkoniyatlarini kengaytirish mamlakatlarning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvining eng muhim omili sifatida savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashning ustuvor yoʻnalishlaridan. U Yevropa Ittifoqi tomonidan MDH davlatlariga texnik yordam koʻrsatish hamda tashkilotni Osiyo mintaqasi bilan bogʻlovchi transport yoʻlagini bunyod etish maqsadiga yoʻnaltirilgan loyihalardan biridir.

    Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari doirasida transport sohasidagi hamkorlikni kengaytirishda transport infratuzilmalarining oʻzaro bogʻliqligini mustahkamlash va yanada qulay shart-sharoit yaratish, xalqaro transport va tranzit yoʻlaklarini rivojlantirish, shuningdek, samarali transport-logistika infratuzilmasini shakllantirish mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashda juda muhim. Shu bois, samarali hamkorlik va mintaqaviy integratsiyalashuvni kuchaytirishda moliyaviy va investitsion imkoniyatlardan foydalangan holda transport infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha maqsadli loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

    TRACECA loyihasiga aʼzo mamlakatlar tomonidan 2016-2026-yillarga moʻljallangan “TRACECA 2016-2026” strategiyasi ishlab chiqilgan, unda koʻzda tutilgan vazifalar hamkor mamlakatlar, shu jumladan, mamlakatimiz tomonidan ham faol amalga oshirib kelinmoqda. Chunki ushbu loyihaning muvaffaqiyati natijasida mintaqalararo transport infratuzilmasi rivoji va bu orqali mintaqa davlatlari oʻrtasidagi savdo aloqalarida qulay shart-sharoitlar yaratilishiga hamda butun transport yoʻlagi boʻylab tovarlarning harakatlanishidagi toʻsiqlarni kamaytirishga erishiladi.

    Ikki yirik tashkilot va mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashning muhimligini Markaziy Osiyoning Yevropani Osiyo bilan bogʻlaydigan strategik va qulay geografik joylashuvi, mintaqa mamlakatlarining Yevropa Ittifoqiga energiya manbalari import qilishda katta ulushga egaligi, qariyb 80 millionga yaqin aholisi bor mintaqaning yuqori bozor salohiyati kabi omillar bilan izohlash mumkin.

    Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi hamkorlik sogʻlom va ochiq investitsiya muhitini, raqobatbardosh xususiy sektorni yaratish, yoshlar oʻrtasida tadbirkorlik, tadqiqot va innovatsiyalarni rivojlantirish koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan. Mintaqa mamlakatlari oʻrtasida ichki mintaqaviy savdo va investitsiyalar boʻyicha tarkibiy cheklovlarni bartaraf etish, Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish istagida boʻlgan davlatlarni qoʻllab-quvvatlash nazarda tutilgan.

    Hozirgi davrda Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari ikki tomonlama hamkorlik qilish toʻgʻrisida amaldagi kelishuvlarga ega. Xususan, Qozogʻiston 2015-yil dekabr oyida Chuqurlashtirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuvni imzolagan, hujjat 2016-yil may oyidan kuchga kirgan. Qirgʻiziston esa 1995-yil fevral oyida Sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuvga imzo chekdi va hujjat 1999-yil iyul oyidan buyon amal qila boshladi.

    1996-yil 26-iyunda Florensiya shahrida Oʻzbekiston bilan Yevropa Ittifoqi oʻrtasida imzolangan Sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim, uning 1999-yil 1-iyuldan eʼtiboran kuchga kirishi yurtimizning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan oʻzaro munosabatlarining huquqiy negiziga aylandi. 2017-yilda Oʻzbekiston ushbu kelishuvni yangilash taklifini bildirdi. Yevropa Ittifoqi bilan Chuqurlashtirilgan sheriklik toʻgʻrisidagi yangi kelishuvni imzolash boʻyicha muzokaralar rasman 2018-yil noyabr oyidan boshlandi.

    Tojikiston 2004-yil oktyabr oyida Sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuvni imzoladi, 2018-yil noyabr oyida esa Hamkorlik toʻgʻrisidagi yangi kelishuvni imzolash boʻyicha muzokaralar olib borish istagini bildirdi. Turkmaniston ham 2010-yil avgust oyidan buyon Yevropa Ittifoqi bilan Savdo masalalari toʻgʻrisidagi oraliq kelishuv asosida hamkorlik qilib kelmoqda.

    Mintaqaviy jihatdan Markaziy Osiyo ulkan xomashyo zaxiralari, ishlab chiqariladigan mahsulotlar, yangi innovatsion ishlanmalar, malakali ishchi kuchi va inson kapitali, texnologik imkoniyatlar borasida yuqori salohiyatga ega. Shu jihatdan olib qaralganda, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish mintaqaviy darajada iqtisodiy samaradorlikka erishish imkonini yaratadi.

    Keyingi yillarda Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi tashqi savdo barqaror surʼatlarda rivojlanmoqda. Xususan, 2022-yilda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 61 foiz oshib, 47,5 milliard yevroni tashkil qilgan. Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan savdo aylanmasi 2022-yilda 4,5 milliard dollar boʻlgani holda, 2017-yildagi koʻrsatkichga nisbatan 1,5 milliard dollarga oshdi. Germaniya, Litva, Italiya, Polsha, Fransiya va Latviya Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan savdo aloqalarida faol hamkorlik qilib kelayotgan davlatlardir. Masalan, Germaniya bilan 2017-yilda oʻzaro tovar ayriboshlash hajmi 613,1 million dollarni tashkil etgan boʻlsa, 2022-yil yakuniga koʻra bu koʻrsatkich 1159,3 million dollarga yetdi, boshqacha aytganda, qariyb ikki barobar oshdi.

    Germaniya 2022-yilda tashkilotga aʼzo mamlakatlar ichida Oʻzbekiston tashqi savdo aylanmasida eng yuqori koʻrsatkichni qayd etib, jami savdo aylanmasining 2,3 foizini tashkil etgan. Shuningdek, soʻnggi yillarda Germaniya Oʻzbekiston tashqi savdo aylanmasi hajmida yuqori ulushga ega boʻlgan oʻnta mamlakat qatoridan joy olib kelmoqda.

    Oʻzbekistonning Italiya bilan tovar ayirboshlash hajmi ham yuqori surʼatlarda oshib bormoqda. Xususan, 2017-yilda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 172,3 million dollarni tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilda 379,2 million dollarga yetdi. Polsha bilan esa 2017-yildagi 104,9 million dollardan 2022-yilda 345 million dollarga teng boʻldi. U 2022-yilda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ichida Oʻzbekiston uchun mahsulotlar eksportida yuqori koʻrsatkichni qayd etdi.

    Fransiya bilan tovar ayirboshlash hajmida ham ijobiy tendensiyalar kuzatilmoqda. Xususan, 2022-yilda bu boradagi koʻrsatkich 339,5 million dollarni tashkil qildi va 2017-yildagidan 88,1 million dollarga koʻpaydi.

    Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan savdo munosabatlari rivojida mamlakatimizda jahon bozorlaridan mustahkam oʻrin egallash va shu orqali milliy iqtisodiyotning eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan iqtisodiy islohotlar faol amalga oshirilishi muhim rol oʻynadi. 2021-yil 10-apreldan boshlab Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqining barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv boʻyicha maxsus preferensiyalar tizimi – “GSP+” doirasidagi imtiyozlardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlgani alohida ahamiyat kasb etdi. Chunki “GSP+” tizimi savdo siyosati vositasi boʻlib, rivojlanayotgan mamlakatlardan olib kirilayotgan tovarlarni bojxona bojlaridan ozod qilishni nazarda tutgan holda benefitsiar mamlakatlarning iqtisodiy rivojlanishi va eksport salohiyatini oshirishga yordam beradi. Bu esa Yevropa Ittifoqi va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlarda muhim bosqich boʻlib, tomonlar oʻrtasidagi muloqotni hamda savdo almashinuvini yanada chuqurlashtirishga imkon yaratmoqda.

    Mamlakatimizning Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo hamkorligini rivojlantirish doirasidagi faoliyatida tashabbuskorlik va pragmatizm tamoyillari ustuvor boʻlib borayotganini alohida qayd etish lozim. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston mintaqaviy aloqalarni kuchaytirish va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda. Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi strategik hamkorlik aloqalarini rivojlantirishda Oʻzbekiston tashabbusi bilan 2022-yilda Samarqandda “Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo oʻzaro bogʻliqligi: barqaror rivojlanish uchun global darvoza” mavzusidagi birinchi konferensiya tashkil etilgani va unda mintaqaviy darajada savdo-iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish uchun transport kommunikatsiyasi tizimlari, energetika va raqamli infratuzilmani rivojlantirish hamda xususiy sektor oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinganini alohida eʼtirof etish lozim.

    Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi mintaqaviy hamkorligining amaliy davomi sifatida 2023-yil 2-iyun kuni Qirgʻizistonning Choʻlponota shahrida Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi ikkinchi sammiti boʻlib oʻtdi. Sammitda Oʻzbekiston tomonidan Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish boʻyicha dolzarb ahamiyatga ega tashabbuslar ilgari surildi. Jumladan, sammit davomida savdo munosabatlarini tubdan kengaytirish, eng avvalo, barqaror savdo logistikasi zanjirlarini va mahsulot yetkazib berishni qoʻllab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini yaratish, oʻzaro bogʻlangan transport yoʻlaklarini shakllantirish, investitsiyaviy va texnologik sheriklikni rivojlantirish, raqamli oʻzaro bogʻliqlik sohasida Yevroittifoq bilan yaqindan hamkorlik qilish, iqlim sohasidagi xatarlarga qarshi kurashish, turizmni rivojlantirish hamda yoshlar taʼlimiga investitsiya kiritish borasida ilgari surilgan tashabbuslar katta qiziqish bilan qabul qilindi.

    Oʻzbekiston rahbari mazkur sammitdagi nutqida taʼkidlaganidek, “Bugun Markaziy Osiyo Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari uchun jozibadorlik markazi va yangi iqtisodiy imkoniyatlar makoniga aylandi”. Darhaqiqat, hozirgi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlarida Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda barqaror energetika tizimini yaratish, professional taʼlim sohasini rivojlantirish, zamonaviy sanoat quvvatlarini barpo etish, “aqlli” qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, rivojlangan transport logistikasi infratuzilmasini shakllantirishga qaratilgan keng koʻlamli loyihalar amalga oshirilmoqda.

    Bir soʻz bilan aytganda, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli va samarali hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, zamonaviy sharoitda aloqalarning muvaffaqiyatli va izchil rivojlanishida mamlakatlarning qulay investitson va ishbilarmonlik salohiyatidan toʻlaqonli foydalanish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni kuchaytirish asosida savdo-iqtisodiy faoliyatni faollashtirish istiqbolda mintaqaviy darajadagi iqtisodiy oʻsishni barqarorlashtirish va taraqqiyotni ragʻbatlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

    Jasurbek OTANIYAZOV,

    iqtisodiyot fanlari doktori, professor