Markaziy Osiyo qanchalik barqaror boʻla oladi? Mintaqaviy hamkorlik qanday rivojlanadi? Koronavirus pandemiyasidan keyingi davrda mamlakatlarni qanday umumiy tahdid va chaqiriqlar kutmoqda? Shu va boshqa masalalar sessiya kun tartibidan oʻrin olgan asosiy masalalar boʻldi.
Tadbirda Markaziy Osiyo noyob geostrategik joylashuvga ega ekanligi, ming yillar davomida mintaqa Yevropa, Yaqin Sharq, Janubiy va Sharqiy Osiyoni bogʻlaydigan oʻziga xos koʻprik vazifasini oʻtab kelgani, bu yerda ulkan energiya va mineral resurslar toʻplangan, boy madaniy-tarixiy merosga va, eng muhimi, katta inson salohiyatiga ega ekanligi, shu bilan birga, mintaqada yetakchi global kuchlarning raqobatdosh manfaatlari kesishishi taʼkidlandi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov, AQSHning Jon Xopkins universiteti qoshidagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti rahbari Frederik Starr, Rossiya TIV Moskva davlat xalqaro aloqalar institutining Xalqaro tadqiqotlar markazi direktori Ivan Safranchuk (Rossiya), Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Sanat Kushkumbayev va boshqa yetakchi xorijiy va milliy “aql markazlari”, akademik hamjamiyat, vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Maʼlumot uchun: Sodiq Safoyev Toshkent xalqaro munozara klubi raisi boʻldi.
Mutaxassislarning fikriga koʻra, soʻnggi vaqtlarda Markaziy Osiyo ijobiy rivojlanish dinamikasini namoyon etmoqda. Mintaqaviy hamkorlik barcha sohalarda mustahkamlanib bormoqda. Xavfsizlik, davlat chegaralari va suvdan foydalanishning mintaqalararo eng dolzarb muammolari muntazam ravishda hal qilinmoqda. Oʻtgan vaqt davomida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkita maslahat uchrashuvlari boʻlib oʻtdi. Mintaqa davlatlarining hukumat rahbarlari va tashqi ishlar idoralari rahbarlarining uchrashuvlari muntazam oʻtkazilmoqda.
— Markaziy Osiyoda ham mintaqani, ham oʻz hududini global boshqarishga qiziqish bor, — deydi rossiyalik mutaxassis Ivan Safranchuk. — Markaziy Osiyo davlatlari asosiy savdo yoʻllaridan uzoqda, Yevroosiyoning tubida qamalib qolishdan manfaatdor emas. Ammo ularga toʻlaqonli ochiqlik ham kerak emas. Mutlaq maʼnoda butun mintaqa, global iqtisodiy tizim nuqtayi nazaridan juda kichikdir. Toʻsiqlarning toʻliq olib tashlanishi davlatlarga iqtisodiy suverenitetni yoʻqotish xavfini tugʻdiradi, quruqlik tranziti yagona maydonga aylanadi va eng avvalo, elita ixtiyoriga tushadigan, daromad keltiradigan baʼzi yirik infratuzilma va energetika loyihalari ijaraga olib kelinadi. Mintaqada uzoq muddatli ijtimoiy barqarorlikni qoʻllab-quvvatlash uchun ish oʻrinlarini tashkil qilishda qayta sanoatlashtirish, keng iqtisodiy rivojlanish zarur. Obyektiv ravishda bunga globallashuv ham, mintaqalashtirish ham yordam berishi mumkin. Asosiysi, xavfsiz muvozanatni aniqlash.
“Hamkorlikka institutsional ifoda bergan holda tomonlar yagona platforma yaratishi mumkin. Buning yagona yoʻli – sohalarni qamrab oluvchi muntazam mintaqaviy uchrashuvlarni tashkil qilishdir”, — deya taʼkidladi Starr.
Soʻnggi yillarda yuz bergan muhim oʻzgarishlar qatoriga Afgʻonistonning Markaziy Osiyodagi siyosiy muloqotlarga, koʻp tomonlama tadbirlar va loyihalarga jalb etilishi kiradi. Mamlakat mintaqaviy jarayonlarning organik qismi sifatida qabul qilinmoqda, bu Afgʻonistonda tinchlik jarayonini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlarni ochadi.
— Chegara va suv-energetika muammosi kabi nozik masalalarni hal qilishda misli koʻrilmagan natijalarga erishildi, — deydi Eldor Aripov. — Qozogʻiston bilan Oʻzbekiston demarkatsiya bosqichiga oʻtdi. Qirgʻiziston bilan chegara hududlarining deyarli 100 foizi kelishilgan. Tojikiston bilan ham chegaralarning avval ajratilmagan qismlarining 99 foizi kelishilgan. Markaziy Osiyoda yagona energetik halqaning toʻliq ishlashini boshlash uchun amaliy choralar koʻrilmoqda. Bugun bizda mavjud vaziyatni oʻzgartirish, nafaqat mintaqa ichida, balki uning tashqarisida ham rivojlanish tendensiyalarini aniqlash uchun noyob imkoniyatlar mavjud. Shu bois joriy yilda Toshkentda Markaziy va Janubiy Osiyoning oʻzaro bogʻliqligiga bagʻishlangan xalqaro konferensiya oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mintaqasidagi barcha mamlakatlar bilan hamkorligi aslida strategik sheriklik xususiyatiga ega ekanligi, savdo-iqtisodiy aloqalar ancha faollashgani taʼkidlandi. Mintaqadagi barcha mamlakatlar hamkorlikning oʻsib borayotgan surʼatlaridan haqiqatan foyda koʻrmoqda. Mintaqaviy oʻzaro taʼsirni kuchaytirish obyektiv, barqaror va ortga qaytarib boʻlmaydigan tendensiyadir. U mintaqadagi barcha mamlakatlarning kuchli siyosiy irodasiga asoslangan va chuqur tarixiy zaruratlarga ega.
Mintaqa mamlakatlari transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish boʻyicha oʻzlarining Davlat dasturlarini amalga oshirib, transport xarajatlarini kamaytirish va oʻz hududlari orqali tranzit oqimlarni jalb qilishda, odatda, oʻxshash manfaatlarga ega. Shu bilan birga, ular asosan, Xitoydan keladigan transport yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilishga intilmoqda.
Sanat Kushkumbayevning soʻzlariga koʻra, muqobil transport koridorlarini topish va rivojlantirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar transport xarajatlarining past boʻlishiga intilish koʻrsatkichidir. Modernizatsiyalashgan transport tizimi Markaziy Osiyo mamlakatlarining oʻziga xos raqobatbardosh ustunliklariga ega boʻlishiga imkon beradi.
Munozara yakunida ishtirokchilar soʻnggi yillarda Markaziy Osiyoda ishonch, oʻzaro taʼsir va hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha ijobiy tendensiya rivojlanib bormoqda, degan yakdil fikrga kelishdi. Umuman olganda, vaziyat 2016-yilgacha boʻlgan vaziyatdan ancha yaxshilangani eʼtirof etildi.
— Bu ulkan umumiy muvaffaqiyat, bu barcha mamlakatlarning hissasi, — deya qayd etdi Toshkent xalqaro munozaralar klubi raisi Sodiq Safoyev. — Va biz kelajakka nekbinlik bilan qarashimiz mumkin. Bu soʻnggi yillarda barcha davlatlarimiz tashqi siyosatining asosiy va ulkan ijobiy natijasidir. Mazkur qadamlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan tashlandi. Shu bilan birga, muammolarning faqat birinchi sirt qatlami yechilishiga erishilganiga hamma rozi. Koʻplab savollar hali ham yechimini kutmoqda.
Sodiq Safoyevning fikriga koʻra, bugungi kunda oʻzaro hamkorlik aloqalari uchun huquqiy, kelajakda esa institutsional, shu jumladan tadqiqot tuzilmalari orqali baza yaratish zarur. Markaziy Osiyoda maqbul muhitni ortga qaytarib boʻlmaydigan qilishning asosiy omili ishonchni mustahkamlash choralarini kuchaytirishdir. Bu deklaratsiya yoki umumiy murojaatlarga taalluqli emas. Bunda nafaqat davlat va nodavlat tuzilmalarini, balki biznes tuzilmalarini ham oʻz ichiga olgan ishonchni mustahkamlash choralariga teranlik kiritish uchun prinsiplarni, konseptual asoslarni shakllantirish muhimdir.
Mutaxassislar fikricha, Markaziy Osiyo mintaqa taqdiri uchun jamoaviy javobgarlik tizimi haqida oʻylaydigan vaqt keldi. Suv resurslarini boshqarish, ekologik muammolar kabi masalalar nafaqat davlatlarning huquqlarini, balki vazifalarini ham shakllantirishni talab qiladi. Chunki biz mintaqaning barqaror rivojlanishi, nafaqat hozirgi, balki kelajak avlodlar taqdiri uchun ham javobgarmiz.
Toshkent xalqaro munozara klubining ushbu navbatdagi sessiyasi “Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarmaning Markaziy Osiyo boʻyicha vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. deb xabar beradi “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.