Markaziy Osiyoda suv hamkorligi Germaniya ommaviy axborot vositalari diqqat markazida

    OAV O‘zbеkiston haqida 17 Yanvar 2022 2513

    Germaniyaning “Akzente” jurnalida “N-Ost” axborot agentligi muxbiri, Markaziy Osiyo boʻyicha ekspert Edda Shlagerning mintaqada suvdan foydalanish sohasidagi hamkorlikka bagʻishlangan maqolasi eʼlon qilindi.

    Maqola muallifining soʻzlariga koʻra, suv Markaziy Osiyodagi eng qimmat “tovar” boʻlib, iqlim oʻzgarishi sharoitida mintaqada barqarorlik uchun muhim ahamiyatga ega. Uning fikricha, mintaqada suv tenglik va adolatli tarzda taqsimlanyapti.

    “Federal tashqi ishlar vazirligi nomidan 2009-yildan 2020-yilgacha GIZ Markaziy Osiyoda transchegaraviy suvlarni boshqarish dasturini amalga oshirdi, — deb qayd etadi muallif. — YEI Oʻzbekistonga 2016-yildan 2020-yilgacha boʻlgan davrda moliyalashtirishni taqdim etdi. Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekistonga tabiiy suv resurslarini boshqarishni yaxshiroq muvofiqlashtirishda koʻmak koʻrsatildi”.

    Nashrda qayd etilishicha, 2020-yilda Federal tashqi ishlar vazirligi tomonidan Berlinda ilgari surilgan “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusi transchegaraviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga yordam beradi. Suv resurslarini boshqarish asosida iqlim, atrof-muhit va xavfsizlik masalalari boʻyicha diplomatik muloqot yoʻlga qoʻyildi. Bundan koʻzlangan maqsad — mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, axborot almashinuvini yaxshilash hamda iqlim oʻzgarishi sharoitida ilm-fan va fuqarolik jamiyati bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyishdan iborat.

    “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusi doirasida Federal tashqi ishlar vazirligi 2020-yil boshida Markaziy Osiyo davlatlarini birlashtirdi, — deb yozadi nemis eksperti. — Tashabbus Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha strategiyasiga toʻla mos keladi. Ushbu sohadagi hamkorlikka poydevor oʻn yil avval qoʻyilgan. “Berlin jarayoni” — Markaziy Osiyoning suv tashabbusi deb nomlangan. GIZ turli mamlakatlarda dasturning asosiy qismlarini amalga oshirdi. Endi u kelajak muammolarini hal qilish uchun ilmiy bilimlarni mustahkamlashni qoʻllab-quvvatlaydi”

    Suvni muhofaza qilish va daryolardan foydalanish maʼmuriyatlari GIZ uchun Oʻzbekistondagi muhim hamkorlar hisoblanadi. “Biz “Yashil Markaziy Osiyo” dasturi doirasida ular va boshqa manfaatdor tomonlar bilan oʻzaro hamkorlikni kengaytirish va iqlim oʻzgarishiga moslashish boʻyicha mintaqaviy rejani ishlab chiqish niyatidamiz, — deydi GIZning Oʻzbekistondagi dasturi rahbari Kerolayn Milou. Bu iqlim tahlillari va boshqa ekologik oʻzgarishlarni hisobga olgan holda uzoq muddatli suvdan foydalanish strategiyasini ishlab chiqish imkonini beradi”, deb xabar beradi “Dunyo” AA.