O'tgan davr mobaynida dunyo adabiyotida nazm va nasrdan tortib ilmiy tadqiqotlar va falsafiy asarlargacha, siyosiy ideallardan san'at namunalarigacha tinchlik, xalqlar o'rtasidagi do'stlik g'oyalarini keng targ'ib qiluvchi beqiyos durdonalar yaratildi. Ta'kidlash lozimki, beqiyos asarlarning buyuk mualliflari qoldirgan meros, ularning o'lmas g'oyalari insoniyat uchun hayot maktabi bo'lib kelmoqda.
Joriy yil 7-iyunda O'zbekistonda ShHTning Xalq diplomatiyasi markazi, Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi va SCOLAR Network yoshlar platformasining Toshkent xabi hamkorligida ShHT mamlakatlarining buyuk allomalari ijodida tinchlik va bag'rikenglik g'oyalari tahliliga bag'ishlangan davra suhbati bo'lib o'tdi.
Tadbir ShHTga a'zo davlatlarning taniqli madaniyat, adabiyot, ilm-fan sohasi vakillari asarlarida ilgari surilgan tinchlik va bag'rikenglik g'oyalarini o'rganish, ularni yosh avlod vakillari o'rtasida ommalashtirish maqsadida tashkil etildi. Ishtirokchilar SHHT makonida yashab, ijod qilgan allomalar ijodini chuqur tahlil qilib, Tashkilotga a'zo davlatlar xalqlari o'rtasidagi muloqotni rivojlantirishga qaratilgan turli g'oya va tavsiyalarni ilgari surdi.
O'zbekistonda ShHTning Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov, buyuk shaxslarning marvarid fikrlari yosh avlodni tarbiyalashda dasturilamal bo'lishi lozimligini ta'kidladi. Markaz direktori, shuningdek, ShHT davlatlarining buyuk mutafakkir olimlari jahon madaniyatiga beqiyos hissa qo'shganini e'tirof etdi. Ularning noyob merosi bilan keng jamoatchilikni tanishtirish maqsadida markaz tomonidan tashkilotga a'zo davlatlarda yashab ijod qilgan olim va faylasuflar haqidagi ma'lumotlar to'plangan "Sakkiz elning sakson buyuk siymosi" kitobi nashr etilganini qayd etdi. Qolaversa, tadbir ishtirokchilarini madaniyatlararo muloqot, xalq diplomatiyasini rivojlantirish uchun samarali platforma yaratish, doimiy ravishda fikr va tajriba almashib borishga chaqirdi.
Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva buyuk insonlarning hayot yo'li jamiyat, ayniqsa, yoshlar uchun ilhom manbai bo'lib xizmat qilishini, ular qoldirgan meros esa, xalqlar o'rtasidagi o'zaro do'stlik rishtalarini mustahkamlashga zamin yaratishini ta'kidladi.
O'zbekiston yozuvchilar uyushmasi bosh mutaxassisi Risalot Haydarova ShHT davlatlari buyuk mutafakkirlarining merosi madaniyatlar o'rtasidagi tafovut, stereotiplar va tushunmovchiliklarni bartaraf etishga yordam berishini ta'kidladi. SHuningdek, xalq diplomatiyasi o'zaro ishonch va hurmat tamoyillariga asoslangan munosabatlar bardavomligini ta'minlashning muhim vositasi ekanini qayd etdi.
Samarqand sammiti doirasida qabul qilingan Shanxay hamkorlik tashkiloti a'zo davlatlari o'rtasida uzoq muddatli yaxshi qo'shnichilik, do'stlik va hamkorlik to'g'risidagi shartnomada ShHTga a'zo davlatlar xalqlari o'rtasidagi do'stona munosabatlarni mustahkamlash, tinchlik g'oyalarini keng targ'ib qilish o'zaro munosabatlarning muhim yo'nalishlari sifatida ko'rsatilgan.
Mazkur sammitda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan madaniyatlararo muloqot uchun raqamli platformalar va zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanish lozimligini qayd etilgan edi. Shuningdek, a'zo davlatlar xalqlarini yaqinlashtirishga qaratilgan virtual muzeylar va ijodiy ko'rgazmalar, ilmiy videokonferentsiyalarni tashkil etib borish, ularga yosh avlod vakillarini faol jalb etish muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidlagan. Tashkil etilgan mazkur davra suhbati ushbu yo'nalishda olib borilayotgan faoliyatning yana bir amaliy ifodasi bo'ldi.
Tadbir qatnashchilari buyuk allomalar merosini chuqur o'rganishga qaratilgan bu kabi loyihalarni doimiy ravishda amalga oshirib borishga kelishib oldi.