– 23-yillik rivojlanish davrida Shanxay hamkorlik tashkiloti mintaqada tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash maqsadida oʻz faoliyat doirasi va hamkorlik maydonini sezilarli darajada kengaytirdi. Shuningdek, xalqaro miqyosda eʼtirofga sazovor boʻldi va koʻp tomonlama hamkorlik uchun samarali platformaga aylandi.
Bu yutuqlarda tashkilot faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ulkan saʼy-harakatlarni amalga oshirgan va amalga oshirayotgan rasmiy Toshkentning muhim hissasi bor.
Ostona sammiti va Belarusga toʻliq aʼzolik maqomi berilishi “SHHT oilasini” kengaytirishdagi oʻziga xos tarixiy voqeadir. Bu tashkilotning geografiyasi va koʻlamining kengayishiga, potensiali va xalqaro nufuzining sezilarli darajada oshishiga xizmat qiladi.
Rasmiy Toshkentning nafaqat transchegaraviy elektron tijorat, sanoat kooperatsiyasi, transport yoʻlaklari va “yashil” energiya masalalariga, balki haqli ravishda Markaziy Osiyoning ajralmas qismi hisoblangan, Osiyo va mintaqaviy barqarorlikka bevosita taʼsir qiladigan Afgʻoniston muammolariga ham katta eʼtibor qaratayotganini alohida taʼkidlash kerak.
Oʻzbekiston Prezidentining hozirgi oldindan aytib boʻlmaydigan va murakkab vaziyatda “SHHT–Afgʻoniston” muloqot guruhining faoliyatini qayta tiklash orqali Kobul bilan muloqotni davom ettirish zarurligi haqidagi tashabbusini toʻliq qoʻllab-quvvatlayman.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston yetakchisining “Sharq-Gʻarb” va “Shimol-Janub” yoʻnalishlari boʻylab inklyuziv transport tizimini yaratish muhimligi toʻgʻrisidagi taklifi ham alohida eʼtiborga loyiq. Ushbu tizim SHHT mamlakatlari iqtisodiy salohiyatini samarali rivojlantirishga xizmat qiladi va tez, arzon va xavfsiz yuk tashishni amalga oshirish imkonini beradi.