Hududlar brendingida ijodkorlik muhim oʻrin kasb etadi. Sababi mavjud salohiyat rivojlantirish va targʻibotga muhtoj.
Mintaqaning mashhurligini oshirishda yordam bergan muvaffaqiyatli marketing kampaniyalariga quyidagilarni misol sifatida keltirish mumkin:
Rashmor togʻi - Janubiy Dakotadagi (AQSH) eng diqqatga sazovor manzillardan boʻlib, granit togʻning bir tomonida AQSHning toʻrt nafar prezidenti qiyofasi aks ettirilgan. Yodgorlik yiliga ikki milliondan ortiq sayohatchini jalb qiladi.
ONLYLION kampaniyasi doirasida Lion (Fransiya) shahrining ramzi qilib sher koʻrsatilib, dron vositasida shaharning yuqoridan olingan videosi Yevropaning aeroportlari va turli ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etilgan.
Shimoliy Irlandiyada mashhur “Taxtlar oʻyini” filmida suratga tushgan va boʻron natijasida qulagan daraxtlardan oʻnlab naqshdor eshiklar yasalib, mamlakat boʻylab oʻrnatilgan va “Eshiklar sayohati” deb nomlangan yangi sayyohlik yoʻnalishi yaratilgan.
Farer orollarida “Sheepview 360” tashabbusi doirasida tasvirni 360 daraja koʻrsatuvchi kameralar qoʻchqorlar ustiga oʻrnatilib, orolning videoxaritasi yaratilgan.
Oʻzbekistonning qator hududlari ham dunyoda oʻziga xos imijga ega. Namangan dunyoda “gullar shahri” sifatida oʻzini namoyon qilgan va unda har yili gullar festivali oʻtkaziladi. Rishton Fargʻona viloyatining mohir kulol ustalari bilan mashhur boʻlgan qadimiy shahar boʻlib, jahon miqyosida noyob kulolchilik markazi sifatida eʼtirof etilgan. Konigil qishlogʻi (Samarqand) oʻzining – sirti silliq, mustahkam va siyohni oz singdiruvchi noyob ipak qogʻozi bilan tanilgan.
Shunga qaramay mintaqalarning ulkan sayyohlik salohiyati amalga oshmay qolmoqda.
Koʻpchilik Qizilqum choʻlida oʻz davrining ozuqa zanjirida eng yuqori mavqega ega boʻlgan “Dinozavrlar qiroli” qoldiqlari topilganidan bexabar. Ular hattoki mashhur tiranozavrlardan ham yirikroq boʻlgan. Mazkur turning nomida “Ulughbegsaurus uzbekistanensis” mavjudligi dinozavrlarning mintaqamizga aloqadorligini aks ettiradi va ulardan marketing kampaniyasi sifatida foydalanishga imkon yaratadi, yaʼni Ulughbegsaurus aks etgan hudud logotipini ishlab chiqish, dinozavrlar mavzusidagi koʻngilochar muassasalar (parklar, muzeylar va boshqalar)ni yaratish lozim. Shu bilan birgalikda, zamonaviy texnologik imkoniyatlardan foydalangan holda dinozavrlar shaklida dronlar shousini va rangli gologrammalar koʻrinishidagi vizual koʻrgazmalarni tashkil qilish mumkin.
Uchqizil suv omboridagi kabi Surxondaryoning goʻzal togʻ manzaralari mamlakatimizga keluvchilarning eʼtiboridan chetda qolmoqda. Bunda “Yodel Ay Hee Hoo” kampaniyasi strategiyasini qoʻllash orqali Samarqand va Toshkent aeroportlaridagi infokiosk yonidan oʻtayotgan chet ellik sayyohlarni Surxondaryoning qishloqlariga chorlash mumkin, yaʼni qishloqda yashovchi mahalliy aholi vakili qiziquvchilar bilan onlayn suhbatga kirishadi va real vaqt tartibida hudud manzarasini koʻrsatib, ularni bu yerga jalb qiladi. Bu usulni Surxondaryo qishloqlarida etnografik turizmni rivojlantirish yoʻlida, sayyohlarni xonadonlarga mehmonga taklif qilish orqali madaniyat bilan tanishtirish uchun qoʻllash mumkin.
Buxoro oʻziga hos meʼmoriy merosi tufayli “Yuz gumbazli shahar” sifatida yanada tanilishi mumkin. Buxoroning eng diqqatga sazovor gumbazli inshootlari orasida “Chor Minor” madrasasi, “Poi Kalon” majmuasi, Mir Arab madrasasi va boshqalarni keltirish mumkin. Yaratilgan imijni maqsadli auditoriyaga ijodiy usul bilan yetkazilish uchun “Islandiyadan ilhomlangan” kampaniyasi modelini qoʻllash mumkin. Buxoro misolida aytilsa, shaharning islom dunyosidagi yuqori ahamiyatini namoyish etuvchi bir qator videoroliklarni suratga olish va samarali kanallar orqali uzatish natijasida shaharga keluvchilar sonini oshirish hamda mazkur manzilni har bir musulmon hayotida kamida bir marta qilishi kerak boʻlgan ziyoratga aylantirish mumkin.