Muhokama natijalari boʻyicha Oʻzbekiston musulmonlari idorasi hamda Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning 2021-yil 13-avgustdan eʼtiboran:

- masjidlarning barcha ishchi va xodimlari (salomatligi boʻyicha qarshi koʻrsatma boʻlgan xodimlari bundan mustasno) koronavirusga qarshi vaksinaning (turidan qatʼi nazar) kamida 2 ta dozasi bilan emlanganligi toʻgʻrisidagi sertifikatiga ega boʻlgan taqdirda ushbu masjidlarda juma namozini oʻtkazishga ruxsat berish;

- masjidlarga juma namozini oʻqish uchun koronavirusga qarshi vaksina bilan emlanganligi toʻgʻrisidagi QR-kodi yoki sertifikati mavjud boʻlgan tashrif buyuruvchilarni kiritish (salomatligi boʻyicha qarshi koʻrsatma boʻlganlar bundan mustasno) toʻgʻrisidagi takliflari Respublika maxsus komissiyasi tomonidan maʼqullandi.

Respublikada faoliyat yuritayotgan boshqa diniy konfessiyalarga mansub diniy tashkilotlarga ham mazkur tartibni tatbiq etishni tavsiya qilindi.

Shu bilan birga diniy ibodatlarni ado etish jarayonida tashrif buyuruvchilar tomonidan tibbiy niqobda boʻlish hamda ijtimoiy masofani saqlash boʻyicha karantin cheklovlariga qatʼiy rioya etilishi lozimligi koʻrsatib oʻtildi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.