Masofadan turib ishlovchi xodim mehnat taʼtilini olishi mumkinmi?

    Bilasizmi? 1 Aprel 2025 498

    Jamiyatimizda axborot-texnologiyalarining jadal rivojlanishi natijasida huquq sohasida ham yangi va har xil munosabatlar shakllari vujudga kelmoqda. Ulardan biri, masofadan turib ishlash hisoblanadi.

    Mehnat kodeksining 452-moddasiga muvofiq, masofadan turib ishlash tushunchasiga taʼrif berilgan.

    Xususan, masofadan turib ishlash mehnat shartnomasida belgilangan mehnat vazifasini ish beruvchi joylashgan yerdan, tashkilotning alohida tuzilmasidan (shu jumladan boshqa yerda joylashganlaridan) ish beruvchining bevosita yoki bilvosita nazoratida boʻlgan statsionar ish joyidan, hududdan yoki obyektdan tashqarida bajarishdan iborat boʻlib, bunda mazkur mehnat vazifasini bajarish hamda uni bajarish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha ish beruvchi bilan xodim oʻrtasida hamkorlikni amalga oshirish uchun axborot-telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanish shart boʻladi.

    Mehnat kodeksining 462-moddasida masofadan turib ishlovchi xodimning har yilgi mehnat taʼtilini berish asoslari belgilangan. Unga muvofiq:

    Agar masofadan turib ishlovchi xodim mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga yoki mehnat shartnomasiga muvofiq davomiyligi uzoqroq boʻlgan har yilgi mehnat taʼtiliga chiqish huquqiga ega boʻlmasa, uning har yilgi mehnat taʼtilining davomiyligi yigirma bir kalendar kundan kam boʻlishi mumkin emas.

    Masofadan turib ishlovchi xodimga har yilgi mehnat taʼtilini va boshqa turdagi taʼtillarni berish tartibi masofadan turib ishlash haqidagi mehnat shartnomasida ushbu Kodeksga hamda mehnat toʻgʻrisidagi boshqa huquqiy hujjatlarga muvofiq belgilanadi.