баннер
30 Mar 2025
17:58

    Xodimning bola parvarishlash taʼtilida boʻlgan davri mehnat staji sifatida hisobga olinadimi?

    Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 405-moddasi bolani ikki va uch yoshga toʻlguniga qadar parvarishlash taʼtillari bayon qilingan.

    Unga koʻra, homiladorlik va tugʻish taʼtili tugaganidan keyin, ayolning xohishiga koʻra, unga bolasi ikki yoshga toʻlguniga qadar bolani parvarishlash taʼtili berilib, bu davr uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda nafaqa toʻlanadi.

    Ayolga uning xohishiga koʻra, bolasi uch yoshga toʻlguniga qadar uni parvarishlash uchun ish haqi saqlanmagan holda qoʻshimcha taʼtil ham beriladi.

    Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida koʻrsatilgan bolani parvarishlash taʼtillaridan bolaning otasi, buvisi, buvasi yoki bolani haqiqatda parvarishlayotgan boshqa qarindoshlari ham, shuningdek vasiysi ham toʻliq yoki qismlarga boʻlib foydalanishi mumkin.

    Ayol yoki ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar xohishiga koʻra, bolani parvarishlash taʼtili vaqtida toʻliqsiz ish vaqti shartlari asosida yoki ish beruvchi bilan kelishuv boʻyicha uyda ishlashi mumkin. Bunda ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq ularning nafaqa olish huquqi saqlab qolinadi.

    Bolani parvarishlash taʼtillari davrida xodimning ish joyi (lavozimi) saqlanadi. Bu taʼtillarning koʻpi bilan olti yili mehnat stajiga qoʻshiladi, shu jumladan mutaxassisligi boʻyicha ish stajiga ham qoʻshib hisoblanadi.

    Kelgusidagi yillik mehnat taʼtilini olish huquqini beruvchi ish stajiga, agar jamoa shartnomasida, shuningdek tashkilotning ichki hujjatida yoxud mehnat shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, bolani parvarishlash taʼtillari vaqti kiritilmaydi.
    Telegram kanalimiz
    Text to speech