— Mehnat kodeksining 72-moddasining 1- qismiga ko'ra, mehnat shartnomasi xodim bilan ish beruvchi o'rtasida muayyan mutaxassislik, malaka, lavozim bo'yicha ishni ichki mehnat tartibiga bo'ysungan holda taraflar kelishuvi, shuningdek mehnat to'g'risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlar bilan belgilangan shartlar asosida haq evaziga bajarish haqidagi kelishuvdir.
Ushbu kodeksning 73-moddasi 2-qismi 5-bandiga ko'ra, mehnat shartnomasi taraflarining kelishuvi bilan mehnat haqi miqdori va mehnatning boshqa shartlari belgilanadi. Shuningdek, xodim va ish beruvchi o'rtasida jamoat shartnomasi tuzilgan bo'lishi, unda xodim va ish beruvchining o'zaro majburiyatlar aks ettirilgan bo'lib, shu bilan birga mehnatga haq to'lash shakli, tizimi va miqdori, pul mukofotlari, nafaqalar, kompensatsiyalar, qo'shimcha to'lovlar ko'rsatilgan bo'lishi lozim.
Yuqoridagi qonun normalari asosan sizga ish beruvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi hamda jamoat shartnomalarida ko'rsatilgan shartlar asosida mukofot puli berilishi lozim. Mukofot puli xodimni rag'batlantirish turidan farqli ravishda, xodimga intizomiy jazo chorasi qo'llanilgan holda ham to'lab berilishi lozim.
Shundan kelib chiqib, agar sizga mehnat ta'tiliga chiqqanligingiz munosabati bilan yoki mehnatga layoqatsiz bo'lgan – “bolnichniy”ga chiqqan davringizda ish beruvchi tomonidan mukofot puli to'lanmagan bo'lsa, hududiylik bo'yicha o'zingiz yashash manzilingizda joylashgan yoki ish joyingiz joylashgan joydagi fuqarolik ishlari bo'yicha tegishli tumanlararo sudiga mukofot pulini undirish haqidagi da'vo arizasi bilan murojaat qilish huquqingiz mavjud.
Go'zal Abduraxmanova,
Toshkent shahar sudining fuqarolik ishlari bo'yicha sud`yasi