Yurtimizda sinovli kunlar davom etmoqda. Koronavirus (COVID-19) balosi insoniyat, shu jumladan xalqimizning ham eng ogʻriqli muammosiga aylanib ulgurdi. Bunday vaziyatda oʻrnatilgan karantin qoidalariga toʻlaqonli amal qilish, jumladan masofadan ishlash koronavirusning yuqish va tarqalishini oldini olishga qaratilgan eng samarali usullardan biri hisoblanadi.

Biroq masofadan ishlash insonlarni ruhiyatida maʼlum darajada oʻzgarishlarni sodir qiladi. Yaʼni insonlardagi “adaptatsiya” – ayni muhitga moslashishi, “oʻz-oʻzini anglash” – ayni vaqtdagi holat bilan bogʻliq anglash jarayoni, “ijtimoiylashish” – ayni vaqtdagi normalarga, qoidalarga kirishish va ularni oʻzlashtirish, “munosabat tizimi” – holatlarga, vaziyatlarga nisbatan munosabati (ijobiy, salbiy, obyektiv, subyektiv, pessimistik, optimistik, negativ, pozitiv, real, virtual), “stereotip” – ayni vaqtdagi holat bilan bogʻliq shakllangan shablon fikrlar, “mish-mishlar”, “dezinformatsiyalar” kabi oʻzgarishlar shular jumlasidandir.

Bundan tashqari masofaviy ishlash insonlardagi kasbiy koʻnikmalar, shaxslararo munosabatlar, kasbiy kundalik odatlar va shu kabi bir qancha normalarda oʻzgarish sodir qiladi. Inson ruhiyati uchun mazkur holatlar ekstremal vaziyat hisoblanadi.

Oʻz-oʻzidan mazkur ishlash tartibi maʼlum darajada kasbiy faoliyatni samarali tashkil etish, shuningdek, xodimlarning kasbdagi ijtimoiylashuvida muhim oʻrin tutadigan oʻz-oʻzini anglash bilan bogʻliq jarayonlar, aynan ulardagi ruhiy asab mutanosibligi, xarakterologik, temperamental xususiyatlari bilan bogʻliq jarayonlarda ham aks etadi. Yaʼni mazkur ish tizimi kimdadir dangasalik, yalqovlik, kimdadir ishtiyoqsizlik va yana kimdadir aksincha ish surati va sifatini yaxshilanishiga, ish unumdorligini oʻsishiga sabab boʻladi.

Psixologik jihatdan masofaviy ishlashda insonlarda kuzatiladigan ruhiy holatlar ularning ayna shu masalaga boʻlgan munosabatlari doirasida shakllanadi. Yaʼni mazkur holatni normal holat deb, ushbu holatni maksimal jihatlaridan foydalanib ish unumdorligi va samaradorligiga erishish mumkin, biroq ayrim toifadagi insonlarga mazkur holat ekstremal holat hisoblanib “fobiya”, “sarosima”, “ruhiy tushkunlik”, “emotsional zoʻriqish, “ijtimoiy boʻgʻiqlik” va “ijodiy sustkashlik” bilan bogʻliq jihatlarni ham kuzatishimiz mumkin.

Demak masofadan ishlash tizimida insonlarda ruhiy barqarorligi juda muhim omillardan biri sanaladi. Ruhiy asab barqarorligi insonlarning oʻz kuchiga, oʻz harakatlarining toʻgʻriligiga nisbatan ishonchi mavjud boʻlganda namoyon boʻladi.

Ruhiy muvozanatning zarurligi insonlarning tashqi muhitida maʼlum qiyinchiliklar paydo boʻlganda, ichki qarama - qarshilik mavjud boʻlganda kuchayadi. Ruhiy asab barqarorlik insonlar tomonidan ichki va tashqi toʻsiqlarni yengish bilan bogʻliq oʻz xatti-harakati va faoliyatini ongli boshqarishi imkoniyatidir, zero u inson psixikasining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.

Insonlarda ruhiy asab barqarorligini rivojlantirishda iroda tarbiyasi muhim oʻrin tutadi. Iroda shaxsni faqat biron-bir ayrim jihatdan emas, balki uni hamma jihatdan, har tomonlama tarbiyalashdir. Irodali kishi puxta aql, yorqin ijodiy xayol va kuchli axloqiy hissiyotlarga ega boʻlgan gʻoyaviy kishidir.

Ruhiy asab barqarorligini rivojlantirishda tarbiyaning jamoaviy va yakka tartibdagi uslublaridan keng foydalanish zarur. Masofaviy ish va xizmat vazifasini taqsimlanishida qoʻrqitish, majburlash uslublariga yoʻl qoʻymaslik, balki haqiqat, sabr-qanoat, ijtimoiy adolat va vatanparvarlik gʻoyalari asosiy mezon boʻlishi maqsadga muvofiq.

Masofaviy ishlash kun tartibiga qatʼiy rioya qilish hamda ijtimoiy hayotning maʼlum tartib asosida tashkil qilinishidir. Ruhan tinch, xotirjam inson oʻz vaqtining hukmronidir. Masofadan berilgan vazifalar va topshiriqlarni ijrosi shoshilmasdan kuzatilishi va xodimlarni belgilangan vazifani bajarishi, xatti-harakatlari maʼlum obyektga va aniq bir maqsadga yoʻnaltirilganligi uning oʻz faoliyatini oqilona tashkil etganligini nazorat qilib borish va unga oʻz vaqtida amaliy koʻrsatmalar berish lozim.

Rahbar tomonidan xodimning ruhiy asab barqarorligini taʼminlash uchun kundalik turmushda, mehnatda uchraydigan tarqoqlik va tartibsizlik bilan doimiy kurashib borishni talab etish va uni nazorat qilish.

Xulosa qilib aytganda masofaviy ishlashda insonlarda kuzatiladigan ruhiy holatlarni ijobiy yoki salbiy tus olishi masofaviy ishning qanday tashkil qilinganligiga bogʻliq. Aslida tafakkurning kreativligi mazmundorligi, chuqurligi, kengligi kabi sifatlari insonning mustaqil va erkinroq ishlashida namoyon boʻladi.

Masofadan ishlashni ruhiy zoʻriqishlarsiz tashkil qilishning oʻziga xos usullaridan yana biri xodimlarning intellekti va qobiliyati doirasidagi ishlarga yoʻnaltirish va vazifalar taqsimotini qilganda shu kabi jihatlarni inobatga olish koʻproq samaralidir.

Hazrat Jabborov,

psixologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)