Prezidentimiz 2024-yil 20-iyun kuni muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bu borada muhim vazifalarni belgilab bergan edi. Natijada muhandislar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari optimallashtirildi. Ularning nufuzli sanoat korxonalari bilan hamkorligi yanada mustahkamlandi. Istiqbolli dasturlar tuzildi. Maqsadlar qatʼiylashdi.
Qarshi davlat texnika universiteti tashkil etilishini ham ushbu yangilanishlar mevasi, deyish mumkin. Prezidentimizning 2024-yil 10-dekabrdagi “Qarshi davlat texnika universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori asosida Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Qarshi filiali hamda Toshkent kimyo-texnologiya institutining Shahrisabz filiali negizida Qarshi davlat texnika universiteti tashkil etildi. Shuningdek, universitetning vazifalari, huquqlari, faoliyat yoʻnalishlari ham qaror asosida aniq-tiniq belgilab berildi. Universitet faoliyatini tashkil etish hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.
Qashqadaryo Oʻzbekistonning janubidagi sanoati rivojlangan hudud. Shundan kelib chiqib, universitetimizda asosiy eʼtibor muhandislik, geologiya, ishlab chiqarish, qurilish, transport, energetika, axborot texnologiyalari va dasturlash, xizmat koʻrsatish hamda irrigatsiya tizimlari, agrotexnologiyalar sohalari boʻyicha kadrlar tayyorlashga qaratiladi. Shu bois yirik korxonalar bilan hamkorligimiz ham aynan kadrlar tayyorlash jarayoni bilan bevosita bogʻliq. Masalan, korxonalar mutaxassislari taʼlim jarayoniga jalb etilib, stipendiya va amaliyot dasturlari izchil amalga oshirib kelinmoqda. Korxonalar bilan dual taʼlimni tashkil etish boʻyicha shartnomalar imzolangan.
Dunyo bilan boʻylashayotgan ekanmiz, marrani baland olishimiz kerak. Bu taʼlim jarayoniga ilm-fan va texnikaning soʻnggi yutuqlarini qoʻllash, xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingida birinchi 300 talik roʻyxatga kirgan xorijiy OTMlar tajribasi asosida taʼlim dasturlarini qayta ishlab chiqish va joriy etishni talab qiladi. Sababi, talabalarimiz ertaga zamonaviy qurilmalarni boshqarishi uchun ham yetarli malakaga ega boʻlishi lozim.
Xoʻsh, buning uchun nima qilish kerak? Avvalo, yetakchi xorijiy OTMlar bilan hamkorlikda talabalarning akademik almashinuvi yoʻlga qoʻyiladi. Ayni paytda talabalarimiz Belarus milliy texnika universiteti hamkorligida “2+2” taʼlim dasturi asosida tahsil olmoqda. Shu kunga qadar, bu yilgi bitiruvchilarni ham hisobga olganda, 100 ga yaqin yigit-qiz oʻqishni tamomlab, har ikki universitet diplomiga ega boʻlmoqda.
Ikkinchidan, talaba va professor-oʻqituvchilarning sanoat korxonalarida malakaviy amaliyot hamda stajirovka oʻtashini yoʻlga qoʻyish ham samara beradi. Natijada yangi oʻquv qoʻllanmalar, yangi avlod darsliklari yaratiladi. Ilmiy-tadqiqot ishlari sinovi zamonaviy laboratoriyalarda oʻtkaziladi. Amaliy va fundamental ilmiy-tadqiqot ishlari va innovatsion loyihalarning samaradorligi oshadi.
Shu oʻrinda bir jihatni aslo unutmaslik kerak. Sharq maʼnaviyati taʼlim-tarbiyaning uzviyligiga asoslangan. Bugungi yoshlar dunyoga nafaqat bilimi, tajribasi, balki yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlari bilan ham oʻrnak koʻrsatishi kerak. Kitobxonlik tanlovlari, turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, tarixiy shaharlarga sayohatlar ana shu maqsadga xizmat qiladi.
Ilgʻor muhandis – yetuk mutaxassis
Universitet va “Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi” MCHJ hamkorligida “Gaz-kimyo va energetika” ilgʻor muhandislik maktabi tashkil etilgan. Unda “tarmoq – korxona – oliygoh” tamoyili yoʻlga qoʻyildi. Bu maktab sohada kadrlar tayyorlash borasidagi ishlarning muhim drayveriga aylandi.
Ilgʻor muhandislik maktabining asosiy maqsadi hamkorlar ehtiyoji va atrof-muhitni muhofaza qilish talablarini hisobga olgan holda yuqori va koʻp tarmoqli texnologiyalarni oʻzlashtirishga qodir, kreativ fikrlaydigan, ratsionalizatorlik takliflarini ishlab chiqadigan muhandis-tadqiqotchi malakasiga ega yangi avlod kadrlarini tayyorlashga qaratilgan. Shundan kelib chiqib, maktabning oʻquv-uslubiy taʼminoti jahondagi yetakchi 300 universitet, jumladan, Malayziyaning Petronas texnologiyalar universiteti, Germaniyaning Drezden texnika universiteti, Rossiyaning Tomsk politexnika universiteti chuqurlashtirilgan modulli oʻquv dasturlari, oʻquv rejalari, xorijda chop etilgan darslik va oʻquv qoʻllanmalar, ilgʻor pedagogik texnologiyalar asosida shakllantirildi.
Hozir 23 nafar 1-bosqich magistrantimiz tanlov asosida ushbu maktabda olingan. Ular neft va gazni qayta ishlash texnologiyasi, elektr taʼminoti va kimyoviy texnologiya boʻyicha mutaxassislar etib tayyorlanadi. Magistrlar dastlabki yilda korxonalar buyurtmasi asosida yangi mahsulotlarni loyihalashtirib, ilmiy izlanishlar oʻtkazadi. Oʻquv dasturiga “Tannarx muhandisligi”, “Qiyoslash muhandisligi” maxsus modullari kiritildi.
Ikkinchi yilda esa yangi mahsulotlar boʻyicha tajriba-konstruktorlik namunalarini yaratish bilan bogʻliq texnologik jarayonlar korxonalarda sinovdan oʻtkaziladi. Yangi texnologiyalar va ilmiy-texnik yechimlar yaratilib, joriy etiladi.
Maktab faoliyatida xorij tajribasini qoʻllash muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda institutning ikki nafar professor-oʻqituvchisi Tomsk politexnika universitetining ilgʻor muhandislik maktabi faoliyatini yaqindan oʻrganib qaytdi.
Taʼlimning ham institutda, ham korxonada olib borilayotgani magistrlarning amaliyot imkoniyatini oshirmoqda. Qolaversa, ular ilmiy-tadqiqot ishlarini bevosita zavoddagi laboratoriyalarda bajarmoqda. Shunday qilib, 2025-2026-yillarda 20 dan ortiq magistrlik va 3 ta doktorlik dissertatsiyasi yoqlanadi, 2 ta innovatsion ishlanma ishlab chiqarishga joriy etiladi. Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi va universitet olimlari hammuallifligida 2 ta ilmiy ixtiroga talabnoma topshiriladi. 10 dan ortiq mavzuda ilmiy texnologik muammolarning muhandislik yechimi ishlab chiqilmoqda.
Laboratoriyalar fabrikasi
Oliy taʼlim muassasasining asosiy vazifasi talabaga mutaxassisligi boʻyicha yoʻnalish berish, malakasini oshirish hamda ilmiy faoliyat bilan shugʻullanishdir. Taraqqiy etgan universitetlar faqat bilim berish bilan cheklanmaydi. Ayniqsa, texnikaga ixtisoslashgan oliygohlar bugun eʼtiborini raqamlashtirish, sunʼiy intellektdan keng foydalanish, masofaviy taʼlimni joriy etish kabilarga qaratmoqda.
Muhandislik sohasida yosh olim va talabalarning biznesga yoʻnaltirilgan innovatsion gʻoyalarini bozorga tayyor mahsulot sifatida yetkazish katta ahamiyatga ega. Shu bois, ishlanma va loyihalarning tajriba nusxalari hamda prototiplarini yaratish hamda sinovdan oʻtkazish uchun “Ustaxona-Fablab”, 3D loyihalash va modellashtirish hamda kichik ishlab chiqarish sexlari tashkil etilmoqda. Natijada yosh olim va talabalar ishli boʻladi. Viloyatdagi ilmiy-texnik loyihalarni boshqarish, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlovchi korxonalar bilan samarali hamkorlik oʻrnatilib, ilmiy-innovatsion ishlanmalar faol tijoriylashtiriladi.
Bundan tashqari, universitet huzurida energetika sohasi uchun sunʼiy intellekt va raqamlashtirish, injiniring, ishlab chiqarish muammolari yechimiga qaratilgan ilmiy-innovatsion ishlanmalarni yaratish va tijoriylashtirish yoʻnalishida “Yashil energetika va intellektual energetik tizimlar” ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Bu yerda energetikani rivojlantirishga qaratilgan intellektual energetik tizimlar, qayta tiklanuvchi energiya turlari asosidagi energiya tejamkor texnologiyalar, qurilmalar, sanoat issiqlik energetikasi, sunʼiy intellekt va raqamli energetika yoʻnalishlarida ilmiy izlanishlar olib boriladi. Ilmiy-tadqiqot ishlari nufuzli xorijiy ilmiy markazlar, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi ilmiy-tekshirish institutlari va soha korxonalari bilan hamkorlikda hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar yechimini ishlab chiqarishga qaratilmoqda. Bunda ilmiy ishlanmalar “tarmoq – korxona – oliygoh – ilmiy – tadqiqot instituti” zanjiri asosida tijoriylashtiriladi. Bu borada Nishon Quyosh fotoelektr stansiyasi, Talimarjon IES, Muborak IEM MCHJ, Qashqadaryo elektr tarmoqlari korxonalari bilan hamkorlikda faoliyat yuritilmoqda.
Oʻzgarishlar, avvalo, oʻzimizdan boshlanishi kerak. Davr shiddati kutib turmaydi. Bugun kim bir qadam oldinda boʻlsa, yutuq uniki, muvaffaqiyat uniki. Bugungi muhandis kreativ fikrlaydigan, ilm va ishlab chiqarish yoʻlida ijod qila oladigan, yangi mahsulotlar ishlab chiqadigan boʻlishi lozim. Shuning uchun ham darsliklarimiz, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalarimiz, dars oʻtish koʻnikmalarimiz, dunyoqarashimiz mutlaqo yangicha boʻlishi shart. Bularning barchasiga masʼuliyat, azmu shijoat va aniq maqsad bilan erishamiz.
Sherzod NEʼMATOV,
fizika-matematika fanlari doktori, professor
Hamkorlik materiali









