Mayning-pul faoliyati uchun qoidalar tasdiqlandi

    Moliya 26 Mart 2024 743

    2024-yil 20-martda Istiqbolli loyihalar Milliy agentligining “Mayning-pul faoliyatini amalga oshirish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 3507-sonli buyrugʻi qabul qilindi (AV roʻyxat raqami).

    Maʼlumot uchun: mayning-pul – mayning jarayonini taʼminlash maqsadida hisoblash quvvatlarini birlashtiruvchi elektron platformani taqdim etuvchi tashkilot.

    Mayning-pulning elektron platformasida quyidagilarni amalga oshirish taqiqlanadi:

    - mayningni amalga oshirish jarayonida topilgan kripto-aktivlarni sotib olish, sotish va (yoki) boshqa kripto-aktivlarga ayirboshlash boʻyicha operatsiyalar;

    - mayning-pul ishtirokchilarining kripto-aktivlarini saqlash;

    - muqaddam muomalaga kiritilgan kripto-aktivlarni mayning-pul va mayning-pul ishtirokchilarining kripto-hamyonlariga oʻtkazish;

    - anonim kripto-aktivlar mayningi va boshqa operatsiyalarni amalga oshirish.

    Mayning-pul ishtirokchilarning mayningni amalga oshirishda topilgan kripto-aktivlarini (shu jumladan ularning nomidan) kripto-aktivlar bilan boshqa operatsiyalarni amalga oshirish maqsadida ishlatishga haqli emas.

    Mayning-pul quyidagilar bilan shartnoma tuzishga haqli emas:

    - Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan jismoniy shaxslar;

    - 18 yoshga toʻlmagan shaxslar;

    - majburiy identifikatsiyadan oʻtmagan milliy va xorijiy maynerlar;

    - jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlariga asosan terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotganlar roʻyxatiga kiritilgan shaxslar.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2024-yil 20-martdan kuchga kirdi, deb xabar beradi “Norma”.