Adliya vazirligi doimiy ravishda aholining huquqiy ongini oshirgan holda 2019-yildan buyon fuqarolar tomonidan qonun bilan kafolatlangan va himoyalangan mehnat huquqlari qay darajada amalga oshirilishini hamda ish beruvchi tomonidan ushbu huquqlarga rioya etilishini anonim soʻrov oʻtkazish orqali oʻrganish amaliyotini yoʻlga qoʻydi.
Mazkur soʻrovlar amaliyotda fuqarolarning mehnat huquqlariga rioya etilishi holatiga baho berishga asos boʻlmoqda.
Soʻrov respublikaning barcha tuman va shaharlarida anʼanaviy va onlayn shaklda oʻtkazildi. Soʻrovda 40 470 nafar 16 va undan katta yoshdagilar ishtirok etdi.
Soʻrovda taʼlim, sogʻliqni saqlash, bank va moliya tashkilotlari, davlat boshqaruvi, xoʻjalik boshqaruvi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, tadbirkorlik subyektlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa soha vakillari ishtirok etdi.
Qonunchilik talabiga koʻra ish beruvchi va xodim oʻrtasida yozma shaklda mehnat shartnomasi tuzilishi lozim. 2020-yilda 94,2foiz bilan mehnat shartnomasi tuzilganligi maʼlum boʻldi (2019-yil – 96,3foiz).
Mehnat shartnomasini tuzmaslik asosan tadbirkorlik sohasida ishlovchilar orasida qayd etilgan.
Dam olish va bayram kunlari xodimlarni ishga jalb etish holatlari 2020-yilda kamaygan. Bu albatta ijobiy baholanadi. 2019-yilda ish beruvchilarning ish vaqtiga rioya etilishi haqida 68,9foiz xodimlar xabar bergan boʻlsa, 2020-yilga kelib bu haqda 73,7foiz xodimlar xabar bergan.
Shunday boʻlsada, ish vaqtiga rioya etmaslik holatlari huquqni muhofaza qiluvchi organlarda oshgan (2019-yilda 15,7foiz, 2020-yilda 19,5foiz).
Xodimga uning vazifalariga kirmaydigan ishlarni bajartirish holatlari keskin kamaygan. Xususan, 2019-yilda vazifalariga kirmaydigan ishlarni bajarish 16,2foiz xodimlardan talab etilgan boʻlsa, 2020-yilda bunday holatga 8,9foiz xodimlar duch kelgan. Albatta bu ijobiy oʻzgarish hisoblanadi.
Bunday ijobiy oʻzgarishlarga aholining huquqiy ongi oshishi hamda ularda oʻz huquqlarini talab qilish koʻnikmalari shakllanishi birinchi sabab boʻlsa, ikkinchi sabab – ish beruvchining qonun oldida javobgar ekanligini tushunishi va xis etishidir.
Xodimlarga oʻz vaqtida mehnat taʼtilini berish holati salbiy tomonga oʻzgargan. Xususan, 2019-yilda respondentlarning 90,1foiz oʻz vaqtida yillik mehnat taʼtilini olgan boʻlsa, 2020-yilga kelib 87,2foiz xodimlar oʻz vaqtida yillik mehnat taʼtilini olgan.
Respondentlarning javobiga koʻra 2019-yilda mehant taʼtili davomida ishga jalb etilgan xodimlar 3,2foiz tashkil etgan, 2020-yilga kelib ular soni 4,4foiz yetgan. Tahlillarga koʻra 2019-yilda ham 2020-yilda ham mehnat taʼtili vaqtida ishga chiqishga majbur qilinganlarning eng koʻpi huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlaridir.
Mehnatga haq toʻlash tartibiga rioya etish ahvoli ham salbiy tomonga oʻzgargan. Xususan, 2019-yilda 83,3foiz xodimlar oʻz vaqtida oylik ish haqlarini olishgan boʻlsa, 2020-yilga kelib ular soni 79,3foiz tashkil etdi.
Oylik ish haqini surunkali ravishda kechiktirib toʻlash holatlari ham oshgan, xususan 2019-yilda mazkur koʻrsatkich 3,8foiz tashkil etgan boʻlsa, 2020-yilda – 5,7foizga yetgan.
Shu oʻrinda, 2020-yilga kelib xodimlarning oylik ish haqidan ularning roziligisiz pul ushlab qolish holatlari kamayganligini koʻrish mumkin. Oylik ish haqidan xodimning roziligisiz ushlab qolish holati 2019-yilda 22,5foiz tashkil etgan boʻlsa, 2020-yilda bunday noqonuniy harakatlar 17,6foiz tashkil etdi.
Qonunchilikka koʻra xizmat safari, tibbiy koʻrikdan oʻtish va boshqa shu kabi xizmat bilan bogʻliq xarajatlar ish beruvchi hisobidan amalga oshirilishi lozim. Shunday boʻlsada, mazkur xarajatlar bevosita xodim tomonidan amalga oshirilishi holatlari koʻplab uchramoqda va yildan yilga ortmoqda.
Masalan, 2019-yilda soʻrov ishtirokchilarining 44,7foiz ushbu xarajatlar ish beruvchi tomonidan oldindan toʻlanishini qayd qilgan boʻlsa, 2020-yilda ushbu holat 38foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, 2019-yilda bunday xarajatlar ish beruvchi tomonidan qoplab berilmaganligi haqida 28foiz soʻrov ishtirokchilari xabar bergan boʻlsa, 2020-yilga kelib bu haqida 34,7foiz xabar bergan.
Aholining huquqiy ongini oshirish, xususan mehnatga oid huquqlarini himoya qilish vositalari va usullari borasida olib borilayotgan manzilli ishlar oʻzining ijobiy natijasini koʻrsatmoqda.
Xususan, xodimlarning mehnat huquqlari buzilganda vakolatli organlarga murojaat etgan holda oʻz huquqlarini himoya qilish holatlari ortmoqda.
2019-yilda oʻtkazilgan soʻrov qatnashchilarining 20foiz ularning mehnat huquqlari buzilganda hech qayerga shikoyat qilmasliklarini bildirgan boʻlsa, 2020-yilda qonunbuzilish holatiga koʻz yumadiganlar 13,3foiz tashkil etdi.
Shu oʻrinda, mehnat huquqlari buzilganda vakolatli organga murojaat qilishi haqida 2020-yilda 42,6foiz soʻrov qatnashchisi xabar bergan boʻlsa, 2019-yilda ularning soni 2,5 baravar kam boʻlgan va 19,4foiz tashkil etgan.
Qayd etilganlardan kelib chiqib, mamlakatimizda aholining mehnat huquqlariga rioya etishda qonunbuzilish holatlari uchrayotganligini inkor etib boʻlmaydi.
Shunday boʻlsada, umuman olganda 2020-yilda 2019-yilga nisbatan xodimlarning mehnat huquqlariga rioya etilishi ahvoli ijobiy tomonga oʻzgargan desa ham oʻrinli boʻladi. Buni soʻrovda qatnashganlarning javobidan ham koʻrish mumkin.
Masalan, mehnat huquqlariga rioya etilishi qoniqarli darajada deb 2019-yilda 71,4foiz soʻrov qatnashuvchilari xabar bergan boʻlsa, 2020-yilda bu haqida 81,2 foiz respondent xabar bergan.
Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi