Oliyjanob xalqimizning fidokorona mehnati, ezgu amallari, niyat va istaklariga mos tarzda uzoq yillarga xizmat qiladigan ishlar bajarilmoqda. Yangi Oʻzbekistonni barpo etish borasida qoʻlga kiritilayotgan natijalar vatandoshlarimizning ongu tafakkurida, dunyoqarashining oʻzgarishida, iqtisodiy-ijtimoiy hayotimizda aks etayotir.
Qashqadaryo viloyati iqtisodiyoti ham barqaror rivojlanib, aholining turmush sharoiti kundan-kunga yaxshilanyapti. Buni har bir yoʻnalishda erishilayotgan natijalar misolida ham kuzatish mumkin.
Joriy yilning birinchi yarim yilligi yakuni boʻyicha vohada yalpi hududiy mahsulot hajmi 105 foizni, sanoat ishlab chiqarish 106, qishloq xoʻjaligi 103, qurilish pudrat ishlari 103, xizmat koʻrsatish 113 foizni tashkil etdi.
Mahalliy byudjet daromadlari 2 trillion 22 milliard soʻmga taʼminlanib, qoʻshimcha 187 milliard soʻm jalb etildi. Hisobot davrida 300 mingga yaqin aholi, shundan 78 ming nafardan ziyod yoshlarning bandligi taʼminlandi. “Mahallabay ishlash”tizimi haqida soʻz ketar ekan, qisqa fursat ichida bu tizim naqadar oʻzini oqlaganiga, fuqarolar uchun qulay va manfaatli yangiliklar hayotga kirib kelayotganiga guvoh boʻlamiz.
Bugun mahallada har bir yoʻnalish, har bir yosh toifasining oʻz egasi, soʻrovchisi bor. Tizimni rivojlantirish uchun barcha shart-sharoit va huquqiy asoslar joriy etildi. Hokim yordamchilari faoliyatining eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari sarhisob qilinganda, qashqadaryolik hokim yordamchilari 87,89 ball bilan mamlakat boʻyicha birinchi oʻrinni egalladi.
Shu oʻrinda hozir joylarda bandligi taʼminlanganlarning 62 foizi bevosita hokim yordamchilari tomonidan amalga oshirilgan ishlar samarasi ekanini alohida taʼkidlab oʻtish joiz. Ularning tavsiyanomalari asosida shu yil boshidan 20 960 fuqaroga 473 milliard soʻm imtiyozli kredit va 3 305 nafar ishsizga 15 milliard soʻm subsidiya ajratildi. Viloyatda 5 057 ta yuridik va 4 029 ta yakka tartibdagi tadbirkorlik subyekti davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.
Oʻtgan yili 9 264 gektar yerda dehqon xoʻjaligi tashkil qilingan boʻlsa, bu yil 10 530 gektar yer ana shu maqsad uchun ajratib berilmoqda. Shuningdek, gʻalladan boʻshagan 9,6 ming gektar maydon “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da roʻyxatda turgan 20 ming ishsiz fuqaroga dehqonchilik uchun ajratib berilmoqda. Boshqacha aytganda, “Mahallabay ishlash” tizimi orqali joriy yil yakuniga qadar yana 266 400 kishining bandligi taʼminlanadi.
Fikr agar yaxshi tarbiyat topsa...
Yoshlarning taʼlim-tarbiyasi haqida soʻz ketar ekan, taʼlim-tarbiyaga eʼtibor, oila mustahkamligi, bogʻcha, maktablardagi maʼnaviy muhit bugun biz uchun katta ehtiyojga aylangan fikr tarbiyasi uchun yaxlit omil boʻladi. Maʼrifat, maʼnaviyat buyuk kuch. Maʼrifatparvar Abdulla Avloniy shunday deydi: Fikr agar yaxshi tarbiyat topsa, xanjar, olmosdan boʻlur oʻtkir.
Oiladagi maʼnaviy muhitning sogʻlomligi farzand tarbiyasida, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni qadrlash borasida kutilgan natijani beradi.
Qashqadaryoning shunday salohiyatli viloyatga aylanishida umrini, mehnatini sarf etgan, bir necha yil rahbarlik qilgan, yoʻl sozlagan, koʻprik qurgan, suv keltirgan insonlar haqida yoshlarga, aholiga bildirish maqsadida “Inson aziz” nomli maʼrifiy tadbirlar oʻtkazilmoqda. Viloyat ravnaqi uchun yirik ishlarni amalga oshirgan Rahmonqul Qurbonov, Karol Mahmudov, Bekilometrurod Elboyev, Roʻzmat Gʻoyibov, Choʻli Begimqulov, Bekilometrurod Usmonov, Muhammadi Roʻziyev, Xursand Toshev, Komil Amirov kabi insonlarning nomlarini elimiz hurmat bilan tilga oladi. Tadbirlarga ularning farzandlari, nevara chevaralari taklif etilyapti. Yuqorida nomlari tilgan olingan aziz insonlarning xalqparvarlik fazilatlari haqida filmlar namoyish qilinmoqda. Kayvonilar boshlagan ezgu ishlarni davom ettirish haqida soʻz yuritilib, oʻgʻil-qizlarimizga saboq berilyapti. Bu kabi maʼrifiy tadbirlar viloyatimiz boʻylab davom etmoqda.
Mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash boʻyicha mutlaqo yangi – vertikal boshqaruv tizimi yaratildi. Mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilib, bu vazifaga tashkilotchilik qobiliyatiga ega, tashabbuskor yigit-qizlar tanlab olindi va yoshlar uchun yuzdan ortiq imkoniyatlar yaratildi. Buning natijasida ularning oʻz-oʻzini bandligini taʼminlash, daromad topishiga keng yoʻl ochildi.
Xususan, joriy yilning shu davriga qadar “Yoshlar daftari” orqali 6 ming 400 nafar yoshga qariyib 24 milliard soʻmlik yordam koʻrsatildi. Alohida eʼtiborga muhtoj 23 mingdan ziyod yosh 528 nafar rahbarga biriktirib berildi. Har bir oʻgʻil-qizning muammolari oʻrganilib, yoʻl xaritalari ishlab chiqildi. Qisqa vaqt ichida oʻn ming nafarga yaqin yoshning ijtimoiy muammosi ijobiy hal etildi. 30 nafar chin yetimga bepul yangi uylar taqdim qilindi.
Joriy oʻquv yilining oʻzida 19 415 nafar talaba-yoshning shartnoma toʻlovlari uchun 185 milliard soʻmlik imtiyozli kreditlar ajratildi. Ahamiyatlisi, bu kreditlarning 135 milliard soʻmi 14 578 nafar talaba qizimizga foizsiz berildi. Mamlakatda birinchilardan boʻlib viloyat markazida “Yoshlar sayilgohi” barpo etildi.
Yoshlarning ilm-fan sirlarini puxta oʻrganishi, zamon talabiga mos kadrlar boʻlishiga hamisha alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Xususan, “Xorijiy til orqali ITga yoʻl” loyihasi doirasida 500 nafar yoshning olti oy davomida ingliz tili kurslarida bepul oʻqishlari uchun 900 million soʻm ajratildi. Barcha sharoitlarga ega IT maktabi yangidan tashkil etildi. Iqtidorli yoshlarning ilgʻor startap loyihalarini moliyalashtirish uchun 523 million soʻmlik grant mablagʻlari ajratildi.
Besh tashabbus olimpiadasining joriy yilgi birinchi mavsum respublika final bosqichida viloyatimiz yoshlari 8 ta oltin, 7 ta kumush, 8 ta bronza, umumiy hisobda 23 ta medalni qoʻlga kiritdi. Ushbu olimpiada doirasida qayd etilgan natijalar orqali 12 ta sport maydonchasi barpo etiladi.
Iqtidorli, tashabbuskor yoshlarimiz erishgan natijalar doimiy ravishda munosib baholanmoqda. Xususan, yaqindagina yoshlarimizning 3 nafariga “Kelajak bunyodkori” medali, 2 nafariga “Mard oʻgʻlon” davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Muborak tumani “Boʻston” MFY yoshlar yetakchisi Oʻlmasjon Pardayev “Yilning eng namunali mahalla yetakchisi” tanlovining mamlakat bosqichi gʻolibi boʻldi.
Albatta, islohotlar samaradorligi, yoshlar taʼlim-tarbiyasi uchun yaratilgan shart-sharoitlarga uzviy bogʻliq. Joriy yilning olti oyida viloyatimizda 300 ga yaqin davlat va nodavlat bogʻcha ochildi. Shu oʻrinda aytish lozimki, 2017-yilda viloyatdagi jami bogʻchalar soni 326 ta boʻlgan. Yil yakuniga qadar yana 250 taga yaqin bogʻcha foydalanishga topshirilib, viloyat boʻyicha qamrov darajasi 70 foizga yetkaziladi.
Joriy yil viloyatimiz maktab taʼlimi tizimi uchun muhim ahamiyatga ega boʻldi, desak adashmaymiz. Shu yil mart oyida 1236 ta maktab direktorlari Shahrisabz shahrida yigʻilib, viloyatda maktab taʼlimi sifatini oshirish boʻyicha murojaatnoma qabul qildi.
2023–2025-yillarda viloyat maktab taʼlimi tizimini rivojlantirish, moddiy-texnik bazasini boyitish maqsadida 500 milliard soʻmlik dastur ishlab chiqildi. Yaratilgan bu kabi sharoit va imkoniyatlarga javoban yangi avlod vakillari qator yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda. Xalqaro darajadagi fan olimpiadalarida oʻquvchilarimiz 1 ta oltin, 3 ta bronza medali va 1 ta musobaqa sertifikatini qoʻlga kiritdi. Ilk bor, 11-sinf oʻquvchilari oʻrtasida viloyat hokimi sovrini uchun oʻtkazilgan olimpiadaning fizika, kimyo va biologiya fanlaridan 1, 2, 3-oʻrinlarni olgan toʻqqiz nafar gʻolib oʻquvchi muddatidan oldin Qarshi davlat universitetiga talabalikka qabul qilindi.
Ayol mamnun boʻlsa...
Aholi salomatligini taʼminlash masalasida ham jiddiy ishlar amalga oshirilmoqda. Buni sohadagi oʻzgarishlar misolida koʻrishimiz mumkin. Xususan, kam taʼminlangan, ehtiyojmandlarni bepul davolash va jarrohlik amaliyotini oʻtkazish uchun 5,5 milliard soʻm mablagʻ ajratilib, olti ming nafarga yaqin ijtimoiy koʻmakka muhtoj fuqaroning salomatligi tiklandi. Zamonaviy jihozlar bilan taʼminlash maqsadida tibbiyot muassasalariga 10 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ ajratildi. Natijada deyarli barcha turdagi jarrohlik amaliyotlari viloyatning oʻzida bajarilishiga erishilmoqda.
Yil yakuniga qadar qator yangi tibbiyot muassasalari, xususan, Qarshi shahrida ming oʻrinli “Ona-bola tibbiyot klasteri” foydalanishga topshiriladi. Yangilangan Konstitutsiyamizda belgilanganidek, “ijtimoiy davlat” tamoyillarini inobatga olgan holda Ijtimoiy himoya milliy agentligining tashkil etilishi tarixiy voqea boʻldi, desak adashmaymiz. Shundan kelib chiqib, viloyatimizda Ijtimoiy himoya milliy agentligining viloyat boshqarmasi, tuman va shaharlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etilmoqda.
Shu oʻrinda aytishim kerakki, tashkil etilgan yangi tuzilma orqali aholini manzilli ijtimoiy himoya qilish boʻyicha “Qashqadaryo tajribasi”ni yaratish uchun bel bogʻladik.
Amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlarning yana bir muhim mezoni ayolni rozi qilishga qaratilgan. Ayol mamnun boʻlsa, oila farovon boʻladi, mamlakatda baxtiyorlik hukm suradi tamoyili davlat siyosatining asosiy vazifasiga aylandi.
Yil boshidan hozirga qadar mahallalardagi xotin-qizlar faollari tomonidan “Ayollar daftari”ga kiritilgan 76 ming 127 nafar xotin-qizga koʻmaklashildi. Jumladan, 43 ming nafardan ortigʻi ish bilan taʼminlandi, 2 ming 519 nafariga 25 milliard soʻm kredit ajratildi, 33 ming 922 nafariga 29 milliard soʻm bir martalik moddiy yordam koʻrsatildi. Ushbu maqsadlar uchun “Ayollar daftari” jamgʻarmasidan 26 milliard soʻm sarflandi.
Ajrimlar soni 153 taga, jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderi berilishi 183 taga kamaydi. Oilaviy kelishmovchiliklar sabab ajrim yoqasida turgan 789 ta oila yarashtirilib, 654 bolaning tirik yetim boʻlib qolishi oldi olindi.
Tadbirkor endi qoʻrqmaydi
Bugungi tadbirkor kechagi tadbirkor emas. Prezidentimizning kuni kecha tadbirkorlar bilan oʻtkazgan ochiq muloqotida ishtirok etib, bunga yana bir bor amin boʻldik. Eʼtibor bergan boʻlsangiz, uchrashuvlardagi takliflar natijasida soha vakillariga yildan-yilga keng imkoniyatlar berilmoqda. Jumladan, oʻtgan yilgi uchrashuvdan soʻng biznes mikro, kichik, oʻrta va yirik toifalarga ajratilib, ularning har biri bilan alohida yondashuvlar asosida ishlash tizimi joriy etildi. Bundan tashqari, tuman va shaharlar 8 ta toifaga ajratilib, koʻpgina tumanlarga alohida soliq, kredit va moliyaviy yordam rejimlari ishga tushirildi. Natijada hududdagi tadbirkorlar daromadi oshishiga zamin yaratildi. Jumladan, vohamizdagi toifaga ajratilgan tumanlarda ham oʻzgarishlar koʻzga tashlana boshladi.
19-avgust kuni oʻtkazilgan ochiq muloqotda ham Prezidentimiz tashabbusi bilan tadbirkorlarning takliflarini inobatga olgan holda yana bir qator imkoniyatlar berildi.
Xususan, “Tax gap” tizimi bekor qilinadi, tadbirkorlarning toʻgʻridan-toʻgʻri sudga shikoyat qilishidagi har qanday cheklovlar olib tashlanadi, Qishloq qurilish banki Biznesni rivojlantirish bankiga aylantiriladi.
Shuningdek, yirik xorijiy brendlarni jalb qilgan korxonalarga grant beriladi, kameral nazoratda tadbirkordan hujjat talab qilish yoki uni idoraga chaqirish qatʼiyan taqiqlanadi, tadbirkorlarga “140 ta ilgʻor sanoat korxonasi” loyihalari taqdimot qilindi.
Bundan tashqari, hududlardagi kichik biznes markazlarida oʻqigan tadbirkorlar loyihasi moliyalashtiriladi.
Bu esa, yoʻnalishda yangi davr boshlanayotganidan dalolat, albatta. Shu kuni aynan davlatimiz rahbarining farmoni bilan bir guruh qashqadaryolik tadbirkorlar ham davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Bu ularning mehnatiga berilgan munosib ragʻbat boʻlib, ertangi kunga ishonchi va oʻziga xos harakatchanligini oshirishi tabiiy.
Prezidentimiz ochiq muloqotda “Tadbirkorlik rivojini yanada yuksak bosqichga koʻtarish – ustuvor vazifamizdir”, deya taʼkidladi. Albatta, bu sohaga qanchalik keng yoʻl ochib, koʻp imkoniyat berar ekanmiz, yurtimiz farovon va obod, aholimizning turmushi yaxshilanib boraveradi.
Bugun “Odamlar ertaga emas, bugun yaxshi yashashi kerak” degan ustuvor gʻoya har bir yurtdoshimizning taqdirida aks etmoqda. Soʻnggi bir yil ichida Qashqadaryo aholisini turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida davlat tomonidan 5 trilion 528 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. Viloyatni 2023–2025-yillarda rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan qarorga asosan ajratilgan 1 trillion 775 milliard soʻm mablagʻ hisobidan 751 kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 189 ta transformator punkti hamda 8,7 kilometr gaz quvurlari rekonstruksiya va modernizatsiya qilinmoqda.
“Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida birinchi mavsumda gʻolib deb topilgan 261 ta taklif uchun 285 milliard soʻm yoʻnaltirildi. Jumladan, ichki yoʻllar uchun 162 milliard soʻm, umumtaʼlim maktablariga 57 milliard, maktabgacha taʼlimga 5 milliard, sogʻliqni saqlashga 17 milliard va boshqa tadbirlar uchun 44 milliard soʻm ajratilib, ishlar yuqori surʼatda olib borilmoqda. Bundan tashqari, “Mening yoʻlim” loyihasi boʻyicha ichki yoʻllar taʼmiri uchun 33 ta mahallaga 34 milliard soʻm beriladigan boʻldi.
Kuni kecha mahallalardagi muammolar boʻyicha bergan takliflarimiz maʼqullandi va respublika byudjetidan 421 milliard soʻm ajratildi. Shu bois, deputatlar bilan maslahatlashib, qilinadigan ishlarning manzilli roʻyxatini tasdiqlab oldik. Bunda asosiy eʼtiborni aholini qiynab kelayotgan muammolarga qaratdik. Ushbu mablagʻlarning oʻzlashtirilishi hisobiga 315 kilometr ichimlik suv tarmoqlari va 15 ta suv inshooti, 525 kilometr yoʻllar va 10 ta koʻprik, 37 ta ijtimoiy soha obyektida qurilish-taʼmirlash ishlari boshlandi.
Bu kabi eʼtibor va gʻamxoʻrliklardan aholi mamnun. Endi har bir soʻmning hisob-kitobini qilib, qattiq nazoratga olgan holda belgilangan tartibda ish olib boramiz.
Joriy yilda aholini uy-joy bilan taʼminlash maqsadida 5 020 xonadonli 168 ta koʻp qavatli uy qurib foydalanishga topshirishni reja qilganmiz. Hisobot davrida 352 xonadonli 15 ta, shundan “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida 240 xonadonli 12 ta koʻp qavatli uy foydalanishga topshiriladi.
Bunga hech kim ishonmasdi
Soʻngi yillarda viloyatimiz agrar sohadan sanoatlashgan hududlar qatoriga oʻtdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Yil boshidan 516 ta yangi sanoat korxonasi oʻz faoliyatini boshladi. Tadbirkorlik muhitining yaratilgani evaziga xorijiy investorlar tomonidan yirik loyihalar va mablagʻlar sanoat sohasiga yoʻnaltirilmoqda.
Ishlab chiqilgan sanoat mahsulotlarining 18 foizi xorijiy korxonalar hissasiga toʻgʻri keldi. Sohada eksport hajmi 137 million dollarni tashkil etdi. Albatta, ushbu koʻrsatkichlarga erishishda tadbirkorlarimizning munosib hissasi bor. Ular tomonidan 50 million dollarlik 127 ta loyiha ishga tushirildi. Yil yakuniga qadar 650 million dollar boʻlgan 347 ta yangi loyiha amalga oshiriladi.
Viloyatimizda 23 turdagi mineral xomashyo mavjud boʻlib, Qashqadaryo yer osti zaxiralariga boy hudud hisoblanadi. Ushbu yoʻnalishda joriy yilda 50 ta yangi tadbirkorlik subyekti ish boshladi va ular soni 200 taga yetdi. Bu raqam yil yakuniga qadar 247 tani tashkil etishi belgilangan. Masalan, Avstriyaning dunyoga mashhur “Lassenberger grupp” kompaniyasi Kitob va Chiroqchi tumanlaridagi konlarga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritish boʻyicha amaliy ishlarni boshlab yubordi. Yakkabogʻ tumanidagi 2 ta istiqbolli koʻmir zaxirasi mavjud uchastkalaridan samarali foydalanish ishlari yoʻlga qoʻyildi.
Oziq-ovqat sanoati yoʻnalishida joriy yilda yangidan 10 ta un va17 ta yogʻ ishlab chiqarish korxonasi tashkil etiladi. Kuni kecha Qamashida “Boʻritosh aya” fermer xoʻjaligi tomonidan oʻz brendi ostida yillik quvvati 10 ming tonna boʻlgan un ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirildi. Bu kabi korxonalar hisobiga yiliga 45 ming tonna un, 60 ming tonna yogʻ ishlab chiqarish quvvatlari yaratiladi
Bundan bir necha yillar avval Qashqadaryo viloyatida televizor ishlab chiqarilib, xorijga eksport qilinadi desa, bunga koʻpchilik ishonmasdi. Yaqinda Qarshi shahridagi “Buyuk turon” sanoat zonasida “Alp texno servis” korxonasi tomonidan yillik quvvati 200 mingta boʻlgan zavod ish boshladi va bugunga kelib mahsulotlarining 80 foizini eksportga yoʻnaltirmoqda. Korxonada yil yakuniga qadar kir yuvish mashinasi ishlab chiqarish ham yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, charm va ipak mahsulotlarini qayta ishlash, mebelsozlik, farmatsevtika, ichimliklar ishlab chiqarish, qogʻoz sanoatida ham qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Hisobot davrida 163 million dollarlik eksport amalga oshirilib, belgilangan reja 111 foiz, 2022-yilning mos davriga nisbatan 113 foiz bajarildi. Eksport geografiyasi Afrikaning bir necha davlatlari hisobiga kengaydi. Yil yakunigacha 326 million dollarlik eksport amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Iqtisodiyotimizda 183 million dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya va kafolatlanmagan kreditlar oʻzlashtirildi. Oʻzlashtirish asosan Xitoy, Germaniya, Singapur, Turkiya va Latviya davlatlari hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Yil yakuniga qadar bu koʻrsatkichni 363 million dollarga yetkazish maqsad qilingan va 1,6 barobar oʻsish taʼminlanadi.
Qishloq xoʻjaligi sohasida ham tabiat injiqliklari, suv taʼminotidagi uzilishlarga qaramay dehqonlarimiz gʻalladan moʻl hosil koʻtarishdi. Joriy yilda 1 million tonnadan ziyod don yetishtirilib, oʻrtacha hosildorlik 68 sentnerni tashkil qildi. Kitob, Shahrisabz, Yakkabogʻ, Qamashi va Kasbi tumanlarida oʻrtacha 75–80 sentner gʻalla olinib, yuqori hosildorlikka erishildi.
Mavsum yakuni bilan gʻallachilik klaster va fermer xoʻjaliklari ixtiyorida 600 ming tonnaga yaqin don qoldi. Klasterlar va fermerlar tomonidan 20 mingga yaqin ehtiyojmand oilaga 5 ming tonna don bepul tarqatildi.
Ayni kungacha 27 million dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilindi. Yil yakuniga qadar bu koʻrsatkich 58 million dollarga yetkaziladi.
Suvdan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida 3,6 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi. Irrigatsiya-melioratsiya tadbirlari natijasida 35 ming gektar, Dehqonobod suv omborining foydalanishga topshirilishi hisobiga esa 1,6 ming gektar maydonning suv taʼminoti yaxshilandi.
Ishsiz aholiga ajratilayotgan yer maydonlaridan samarali foydalanishga koʻmaklashish, shuningdek, hozirda auksion savdolarida turgan 2,8 mingta lot boʻyicha yangi dehqon xoʻjaliklarini tashkil qilish rejalashtirilgan.
Albatta, yuqoridagi aytganimizdek, keng koʻlamli ishlar uzviy davom ettirilib, odamlarni hayotdan rozi boʻlib yashashlari uchun imkoniyatlarni kengaytirish, qulayliklar yaratish maqsad qilingan.
Ishonch va gʻurur bilan aytamanki, biz — ulugʻ xalq farzandlarimiz. Shu tabarruk va jonajon Vatanimizga mehr va sadoqatimizni bildirib, bilim va tajribamizni, iqtidor va aqlu zakovatimizni yoʻnaltirgan holda, davlatimiz rahbari atrofida birlashamiz, koʻzlangan ezgu maqsadlarga, albatta, erishamiz.
Zero, yangi hayot uchun, yangi Oʻzbekiston uchun astoydil mehnat qilib, inson qadrini ulugʻlash yoʻlida jonbozlik koʻrsatish har birimizning vazifamizdir.
Murodjon AZIMOV,
Qashqadaryo viloyati hokimi









