Davlatimiz tomonidan aholining barcha qatlamlariga, shu jumladan nogironligi boʻlgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, jismoniy imkoniyati cheklangan xotin-qizlarning huquqlarini har tomonlama himoyalash, jamiyatda oʻzining munosib oʻrniga ega boʻlishi uchun zarur ijtimoiy, siyosiy-iqtisodiy shart-sharoitlarni yaratish masalasiga doimiy eʼtibor qaratib kelinmoqda. 

Yurtimizda hozirgi kunda 700 mingga yaqin nogironligi boʻlgan shaxslar istiqomat qilmoqda. Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan imzolangan “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi yangi qonun nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirishda muhim huquqiy asos boʻldi.

Bu borada, Turizm va sport vazirligi tomonidan “2021-yil davomida respublika xotin-qizlarini sayohatlarini ragʻbatlantirish chora-tadbirlar Dasturi”ga muvofiq, joriy yilning 1-avgustiga qadar, respublika boʻyicha jami 106.381 nafar ijtimoiy koʻmakka muxtoj, shu jumladan 1205 nafar nogironligi boʻlgan xotin-qizlar uchun sayohat dasturlari amalga oshirildi.

“Sayohat barcha uchun!” loyihasi doirasida Toshkent shahar “Mehribonlik” nogironlar jamiyatining 26 nafar aʼzolaridan iborat guruhning 20-21-avgust kunlari Buxoro shahri boʻylab sayohatlari amalga oshirildi.

Ikki kunlik sayohat davomida mehmonlar Buxoroning Yetti Pir ziyoratgohlari, Sitorai Moxi-xossa saroyi, shaharning Poyi Kalon, savdo toqlari, Abdulazizxon madrasasi, Magoki Attor masjidi, Timi Abdullaxon va Labi Hovuz majmualari bo'ylab ham ziyorat, ham sayohat qilishdi.

"Buxoroda birinchi bo'lishim. Bolalarim bilan ham ziyorat,ham sayohat qilishdan juda mamnun bo'ldim. Ziyoratgohlarda duolar qildik. Sayohatimiz tashkilotchilariga mingdan-ming rahmat. Ko'nglimiz bahra oldi.

Mustaqilligimizning 30-yilligi arafasida tashkil qilingan bunday xayrli ishlar bardavom bo'laversin", - deydi jamiyat a'zosi, I guruh nogironi Dilbar opa.

Ushbu sayohat Turizm va sport vazirligi, Buxoro viloyati hokimligi hamda “Clear Light” turistik kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.