U 2003-yilda Oʻzbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetining magistratura bosqichini tamomladi. Turli yillarda “Fidokor”, “XXI asr”, “Hurriyat”, “Nuroniy” gazetalarida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmatida, “Oʻzbekkino” milliy agentligida, Prezident devonida, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Mahalla” telekanalida masʼul lavozimlarda mehnat qildi.
Tohir Shomurodov bilan birga faoliyat olib borgan hamkasblarimizning taʼkidlashlaricha, u oʻzining koʻplab olijanob fazilatlari, qatʼiyligi, sadoqati va fidoyiligi bilan ijodiy jamoada koʻpchilikka oʻrnak boʻlgan. Taniqli ijodkor Xayriddin Sultonov, Gʻofur Shermuhammad, Habibulla Olimjonov, Jumanazar Meliqulov, Oʻktam Mirzayor kabi elimizning taniqli ijodkorlarini oʻzi uchun doim ustoz deb bilar edi. U mard, tanti inson, chinakam vatanparvar, eng asosiysi, samimiy doʻst edi. Ijodiy faoliyati davomida koʻplab tanqidiy va tahliliy maqolalari bilan oʻquvchilarning mehrini qozondi. Har qanday muammoni qiziqarli va asosli faktlar bilan boyitib, xalqaro tajribaga suyangan holda aniq va foydali takliflarni ilgari surgan tarzda olib chiqar edi.
Tohir Shomurodov doimo jamiyat aʼzolarini oʻylantirib yurgan, oʻtkir muammolarni ogʻriqli dard ila qalamga olar edi. Xalqaro mavzular – globallashuv, jahonda kuchayib borayotgan tengsizlik muhiti, urushlar va ziddiyatlar, osoyishtalikning bebaho qadri, shukronalik hissi, Oʻzbekistonning tinchlikparvar siyosati, soʻnggi yillardagi jadal oʻzgarishlar va obodonchilik ishlari, keksalarga alohida eʼtibor va gʻamxoʻrlik haqida faol qalam tebratdi. U hayotning sinchkov kuzatuvchisi edi. Kichik ibratli ishdan ham katta falsafiy maqolalar chiqara olar edi.
“Otam buvam rahmatlini yerga qoʻyayotib ham birovga yigʻlagan ovozini eshittirmagan edi, – deydi Tohir Shomurodov ukasi Jamoliddin xotirasiga bagʻishlab yozgan “Roʻmolcha hidi” deb nomlangan maqolasida. – Birov sezib qolmasligi uchun asta qadam tashlab, uyning xiyol ochiq qolgan eshigi tirqishidan ichkari moʻraladim. Otam uyning bir burchagida yosh boladay piqillab yigʻlab oʻtirar, peshonasiga bogʻlab olgan roʻmolchasi bilan goh koʻzidan tirqirab oqayotgan yoshlarni artar, goh esa uni toʻyib-toʻyib yigʻlar edi. Ukamning dastroʻmolimidi u, bilmadim. Ming xil dori-darmon afzalmidi, shu roʻmolcha, bilmadim...
Otamning gohida peshonasiga dastroʻmol bogʻlab yurishining sababini endi tushungandek boʻldim. Tushundim-u, koʻzimdan beixtiyor sizib tushayotgan yoshlarni toʻxtata olmadim. Menda dastroʻmol yoʻq edi, koʻzimdan qalqigan yosh yomgʻir tomchilari yerga tomardi...”
Joriy yilda “YANGI KITOB” nashriyotida Tohir Shomurodovning ana shunday samimiy qalb chizgilariga yoʻgʻrilgan maqolalari va sheʼrlari jamlangan “Men yoningdan yiroqman” nomli kitobi chop etildi. Ularda oʻzgacha shukuh, haroratni his etasiz. Ona yurtga boʻlgan mehr-muhabbat, faxr-iftixorni tuyasiz. Zero, Tohir Shomurodov Vatanni sevar, uning ravnaqiga hissa qoʻshishga baholi qudrat harakat qilardi. Afsuski, bevaqt oʻlim uni oramizdan erta olib ketdi.
Siz ushbu kitobni mutolaa qilar ekansiz, muallifning dunyoqarashi, salohiyati nechogʻli yuksak ekanligiga guvoh boʻlasiz. Ayniqsa, badiiy ijod namunalari ruhiyatingizga oʻzgacha taʼsir qiladi. Sheʼriy tarjimalari esa esa Tohir Shomurodovning nozik didi va oʻziga xos mahoratidan darak beradi.
Bir goʻzal kitob mutolaasidan koʻngil ayvoningiz yanada nurafshon boʻlishiga ishonamiz, azizlar!
Muxtasar Tojimamatova,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri