Bu olamda yashar ekanmiz, har birimiz oʻz oldimizga ezgu maqsadlarni qoʻyib, koʻngilga yaxshi niyatlarni jamlab yashaymiz. Har bir odamning xohishi, orzusi va hattoki armonlari ham turlicha boʻladi. Baxt haqidagi tushuncha va baxtsizlik haqida xulosalarimiz ham turfa.
Ammo farzandlarimiz kelajagi haqida soʻz yuritganda, xulosamiz bitta nuqtaga borib taqaladi. Bu — Xalq taʼlimi. Taʼbir joiz boʻlsa, aytish mumkinki, million-million yulduzlar “Xalq taʼlimi” degan sayyora atrofida aylanadi.
Dunyo tanigan donishmanddirmiz, ammo maktab oldida oʻquvchimiz
Dunyoga dongʻi ketgan saxiydirmiz, boydirmiz, ammo yosh avlodga maktab kabi ulkan xazina — ilm, maʼnaviyatni berolmaymiz. Har oyda, haftada toʻplanib, restoranlar, kafelar, koʻngilochar joylar, tomoshalar, qancha bazmu jamshidlarga borib, farogʻat istayotgan koʻngillarimiz koʻchalarini maktab sari bura olsak qani edi. Doʻstlar, sinfdoshlar, kursdoshlar, mahalladoshlar, hamkasblar toʻplanib, maktablarga tashrif qilishga kuch, vaqt topa bilamizmi? Sinf xonasiga hech yoʻq oyda bir marta egilib kira olsak, ertamiz egalarining maktab kutubxonasiga tashrifini kuzatsak va joʻyali xulosa qilsak edi...
* * *
“Toshkent jadidchilarining otasi”, deya nom olgan Munavvarqori Abdurashidxonov mahbuslikda bir arizasini shunday yozgan ekan.
Mahbusdan ariza (1930-yil)
Vostochniy otdel upolnomocheni oʻrtoq Agidulinga
tarjimasi: oʻrtoq Karutskiyga, ham Moskovdan kelgan oʻrtoqqa.
“Bu jaholat xohishidirki, millat foydasi uchun jonini qurbon qilmoqqa loyiq arslon kabi yigitlarimiz butun millatni yodlaridan chiqorib, isteʼdod va gʻayratlarini choyxona va pivaxonalargʻa sarf etmakdadurlar”.
Bu maktubning bir qismi xolos. Uni oʻqib turib, jadidchi bobomiz faqat millatimiz eshitishi kerak boʻlgan bu gaplarni arizaning orasiga nega qoʻshdi ekan, deb oʻylayman.
Hamma zamonlarda boʻlganidek, umrni millat foydasiga, iqtidorini ilm yoʻliga emas, maishatga ishlatgan arslonkelbat yigitlar koʻp boʻlgan. Yana bir gap: Munavvarqori turmadagi bu xatu hujjatlar arxivlarda saqlanishini oldindan bilgan yoki sezgan. Shuning uchun yillar osha bu maktublar avlodlar qoʻliga tegsa, ular ham oʻqisinlar va kechirilmas xatolarga yoʻl qoʻymasinlar, degan boʻlsa kerak.
Maʼrifatparvar jadidlarimiz butun hayotini millatni uygʻotmoqlikka baxsh etib, bu yoʻldagi azoblardan ortga chekinmagan. Ular maktablar ochgan, darsliklar yozgan, ming mashaqqat ila gazetalar chop etgan. Teatr truppalarini tashkil qilib, spektakllar ham qoʻygan. Biroq ularni bu ezgu ishlaridan mahrum etmoqchi boʻlgan kimsalar ming bir tuhmatlar bilan maʼrifatparvar bobolarimizni qatagʻon qilgan, turmalarga tashlagan, shafqatsizlarcha azob-uqubatlarga giriftor qilgan.
Maʼnaviyat nuri sari chorlaganlar
Bizning jadid bobolarimiz ochlik va kasallikdan tinkalari qurib, ustuxonlari choʻpdek boʻlib qaytib kelsa-da, yana maʼrifat gulshanini yoqishga intilgan, maktablar ochib, gazetalar chop etgan.
Ularning qoʻlyozmalari yoʻq qilingan, nashriyotlariga qulf urilgan, Maktablariga oʻt qoʻyilgan, gazetalari yoqib tashlangan. Xatarlar, xiyonatlararo kechgan hayoti hamisha oʻlim xavfi bilan yonma-yon turgan. Lekin ular har qanday holat va vaziyatda ham ilmu maʼrifat yoʻlida sobit turgan. Sheʼrlar yozib, keng maydonlarda soʻzga chiqqan, millatni, xalqni maʼrifat, maʼnaviyat nuri sari chorlayvergan.
Munavvarqori Abdurashidxonov, Avloniy, Fitrat, Choʻlpon, Behbudiy, Ibrat, Soʻfizoda, Hamza, Shakuriy, Ajziy, Ubaydulla Asadullaxoʻjayev, Toshpoʻlat Norboʻtabekov, Fayzulla Xoʻjayev, Polvonniyoz hoji Yusupov, Bobooxun Salim va boshqa yana qancha-qancha azizlarning qismati shu edi.
Biz-chi? Biz nima qilyapmiz?
Odatda, oʻzimiz istiqomat qilayotgan hududdagi maktabdan bitta ham oʻquvchi bu yil oliy oʻquv yurtiga oʻqishga kira olmagan boʻlsa, buning uchun, avvalo, maktabni ayblaymiz. Yashayotgan mahallamizdagi biron oʻquvchi jinoyat qilsa, ota-onasidan oldin maktab direktori, maktab direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, sinf rahbari ichki ishlar boʻlimiga chaqirtiriladi.
Yarim kechasi boʻlsa ham shu maktabning mutasaddi rahbarlari javobgar sifatida masʼuliyatni zimmasiga oladi. Ular orqali bolaning ota-onasiga xabar yuboriladi. Ota-ona kelganida ham, garchi voqea maktabdan tashqarida boʻlgan boʻlsa-da, maktab maʼmuriyatiga chora koʻriladi. Nega shunday? Qani jamoatchilik? Farzandining qayerdaligini bilmaydigan ota-onaga oʻz burchi va masʼuliyatini kim tushuntiradi? Qoʻni-qoʻshnining befarqligi va tomoshabinligi qachon tugaydi?
Ilm dargohiga, ustozlarga hurmat koʻrsatishda oʻrnak boʻlishimiz, maktab muqaddas bir makon ekanligini tushuntirishimiz shart.
Vijdonimiz qiynalmaydimi?
Biz, bolasini oʻqitish uchun oʻz uyini sotib, eskirib ketgan ulovi ichida yashayotgan bir hindchalik emasmizmi? Qizchasini sovuqda maktabga olib borib kelish uchun, oʻziga xos ixtiro: mitti uychani velosipedga oʻrnatgan senegallik otachalik kelajakka ishonchimiz yoʻqmi? Yoki oʻzi oyoqyalang yurib bolasining oliy oʻquv yurtida oʻqishiga pul topib bergan afrikalik dehqonchalik tafakkurimiz yoʻqmi?
Vaholanki, bolasini otiga mindirib qorli togʻ yoʻllariyu qirlar osha har kun maktabga olib kelgan va har kuni olib ketgan bizning ota-bobolarimiz ediku?! Oʻgʻil-qizlari maktabga kiyib borishi uchun bor yoʻgʻini sarflab, ularga qishki kiyim olib berib, oʻzi qahraton qishda qirq yamoq chopon kiygan otalarimiz ruhi oldida vijdonimiz qiynalmaydimi?
Bola tarbiyani avvalo oilasida oladi. Oʻsha tarbiya bilan maktabga keladi. Agar tarbiyada norasolikka yoʻl qoʻygan boʻlsak, oʻqituvchilarga qiyin boʻladi. Uning tarbiyasizligi behayolikka, hayosizligi sust eʼtiqodga, maʼnaviy majruhlikka olib keladi.
Baʼzi oilalar bola tarbiyasini butunlay maktab va oʻqituvchilar zimmasiga tashlab qoʻydi. Uy vazifalarini bajarmaydigan, darsda sinfdoshlariga xalaqit berib, oʻqituvchini haqorat qiladigan, darsdan qochadigan ayrim oʻquvchilarning yaqinlari maktabga chaqirilsa — bormaydi. Ota-onani izlab, ularning uyiga kelgan oʻqituvchilarga javobi ham tayyor: “Men bolamni boqish uchun tinim bilmay ishlab yuribman”.
Baraka topgur, hatto hayvonlar ham bolasini boqadi — qushlar polaponiga tumshugʻida yemak tutadi, chumolilar uylariga don tashiydi... Toʻgʻri, siz ham ishlaysiz, horib ishdan qaytasiz va uyga kelib orom olasiz.
Lekin farzandingizga taʼlim berayotgan oʻqituvchilar ham kuni boʻyi tik oyoqda turadi. Har kuni 30-40 nafar oʻquvchining bilimini oshirish, tafakkurini kengaytirish uchun kechgacha dars oʻtadi, har bir bolaning xarakteriga moslab alohida tarbiyaviy yondashadi.
Yana qancha qogʻozbozliklarga javob yozishi, toʻgarak ishlarini olib borishi, oʻquvchilarni oʻz fani boʻyicha olimpiadalarga tayyorlashi kerak boʻladi. Bundan tashqari, oʻzi rahbar boʻlgan sinfdagi oilasi notinch har bir xonadonga borishi va ularning gʻayrioddiy gap-soʻzlariga chidashi, ayni paytda, oʻsha oilaning maʼnaviy muhitiga ijobiy taʼsir oʻtkazishi lozim boʻladi.
Qalbi uygʻoqlar boshqaradi
Qaysiki oʻquvchi oʻz oʻqituvchisini hurmat qilmas ekan, boshqalarga ham bepisand munosabatda boʻladi. Qalbida ustozga ehtiromi yoʻq oʻquvchi hurmatsizlikka, bepisandlikka koʻnikib boraveradi. Bu esa oxir-oqibat uni tubsiz jarga yetaklashi muqarrar.
Oʻqituvchining ham oʻz oilasi bor. U shuncha oʻquvchiga bilim, taʼlim-tarbiya berish barobarida farzandlariga ham alohida eʼtibor qaratishi kerak boʻladi. U oʻz uyida mehribon, gʻamxoʻr ota-ona, kerak boʻlganda hamshira, oshpaz, farrosh, tikuvchi, oʻrni kelsa, bogʻbon va dehqon boʻlishga majbur.
Oʻqituvchi ham issiq jon: betob boʻlishi, ogʻrishi bor. Shunday boʻlsa-da, bu kasb egalari oʻz sohasini juda sevadi. Oʻtayotgan umridan va qilayotgan xizmatidan rozi boʻlib yashashga intiladi. Maktabsiz, oʻquvchilarisiz kunlarini tasavvur qila olmaydi. Ha, ular shunday fidoyi kasb egalaridir.
Joriy yilning 28-yanvar kuni Prezidentimiz raisligida maktab taʼlimini rivojlantirsh masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlat rahbari maktab taʼlimi hayot-mamot masalasi ekanligini taʼkidlash barobarida, maktab taʼlimini isloh qilish Kengashlari tuzilishini bildirdi va ularga “shaxsan oʻzim rahbarlik qilaman”, deya taʼkidladi.
Yigʻilishda soʻzga chiqqan Toshkent shahar Sergeli tumanidagi 300-maktab direktori Nigora Saidxoʻjayeva esa Prezidentimiz tomonidan “Oʻzbekiston Xalq oʻqituvchisi” unvoni bilan taqdirlandi.
2020-2021 oʻquv yilida mazkur maktab bitiruvchilaring 82 foizi oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirgan. Bu yuksak unvon 5 mingdan ortiq oʻquvchilarga taʼlim berayotgan 300-maktab pedagogik jamoasining va yurtimizdagi barcha oʻqituvchilarning koʻnglini togʻdek koʻtardi.
— Bu soha islohotlarini kechiktirishga haqqimiz yoʻq. Maktab taʼlimida poydevorni bugundan mustahkam qoʻyishimiz kerak. Bunga barcha eʼtiborimizni safarbar qilamiz. Qiyin yoʻlni tanlayapmiz, lekin shu yoʻl muammolarni yechadi, — dedi Prezidentimiz.
Ha, Xalq taʼlimining bilim javohirotlari ortilgan karvoni bir dunyo ezgu maqsadlarni ortmoqlab, nurli manzillar sari yoʻlga chiqdi. Bu yoʻlni bosib oʻtmoq oson emas. Uni faqatgina qalbi uygʻoqlar boshqaradi.
Zero, alloma Abdulhamid Choʻlpon aytganidek, hamma zamonlarda ham “Millatni uygʻotish — uygʻonganlarning vazifasidir”.
Zulfiya MOʻMINOVA,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoira