Millatning ulugʻligi til, adabiyot va sanʼat bilan yoxud “Inson qasidasi”ning bardavom umri

    Shunday daho ijodkorlar borki, ular yaratgan asarlarni millionlar qalb mulki, maʼnaviyatimiz javohirlari sifatida qadrlaymiz. Davrlar oʻtadi, ular taʼsirida yuzlab isteʼdodlar kamol topib yuqori choʻqqilarni zabt etadi.

    Oʻz navbatida, bu shaxslar daho ijodkorlarni oʻzlarining ustozlari deb bilishadi. Hayratlanarlisi shundaki, ana shu ustozlik va shogirdlik munosabatlariga hatto ular yashagan davr oraligʻidagi yuzlab yillar ham mone boʻlolmaydi.

    Soʻnggi yillarda mamlakatimizda yuz berayotgan oʻzgarishlarning koʻlami nihoyatda katta. Tom maʼnoda aytish mumkinki, milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari qadam tashladik. Bu yuksalish va oʻzgarishlar zamirida ilm-fan, adabiyot, sanʼatga ulkan ­eʼtibor yotishini mamlakatimiz rahbari oʻzining har bir nutqida qayta-qayta taʼkidlab kelmoqda. Millatning borligini, ulugʻligini namoyon etib turuvchi jihatlar, bu uning tili, adabiyoti va sanʼatidir.

    Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Res­publikasi Prezidenti etib saylangach, imzolagan ilk qarorlaridan biri ham bevosita adabiyot sohasiga daxldor boʻldi. Yaʼni elimizning suyukli farzandi, zabardast shoir, taniqli davlat va jamoat arbobi, Oʻzbekiston Qahramoni Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligini nishonlash toʻgʻrisida maxsus qaror eʼlon qilindi.

    Xalq shoiri Erkin Vohidovning “Inson qasidasi” Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzilganligining 75 yilligiga bagʻishlangan “UN75” onlayn-tadbirda oʻzbek, qozoq, turk, arab, ingliz, rus, italyan va tojik tillarida baralla yangradi. Bu degani oʻzbek shoiri ilgari surgan umumbashariy gʻoyaga dunyoning eng yuksak minbaridan turib kuchli xayrixohlik bildirildi.

    Agar ustoz Erkin Vohidovning ijodiy bisotida tanho shugina sheʼri boʻlsa ham edi, u zotning pokiza ruhi baribir abadiyatga daxldor boʻlib qolaverardi. Zero, bu muhtasham mis­ralarni bitish uchun shoirimiz jahon mutafakkirlari zehniyatining necha buloqlaridan toʻyib-toʻyib simirgan, necha durdona asarlarning maʼno maxzanlaridan quvvat olgan va ularni ona tilimizga oʻgirib, butun oʻzbek xalqini ham bahramand boʻlishiga hissa qoʻshgan.

    Donishmand oʻzbek shoirini qattiq tashvishlantirgan choʻng falsafa bugun dunyoning turfa millat vakillari qalbini hali-hamon titratib turibdi. Orada necha avlod tugʻilib ulgʻaydi, necha suvlar oqib oʻtdi.

    Olam butkul oʻzgardi, lekin shoh asar — “Inson qasidasi”ning qadri oʻzgarmadi. Magʻzining toʻqligi, mazmuniga singgan gʻoyaning baquvvatligi tufayli qasida zamoni va makonini kengaytirib yashab kelmoqda.

    Ayniqsa, bugun bani bashar mana shunday kuchli mafkuraga tashna. ­Dun­yo­da kechayotgan gʻalati voqealar toʻfonida insoniyat asliyatini, mohiyatini yangidan eslab olishi bugun nihoyatda zarur.

    Zuvalasi pishiq sheʼrning umri goʻzal qoʻshiqqa ulanib ketadi. ­“Inson qasidasi”ni ustoz sanʼatkor, Oʻzbekiston xalq artisti Sherali ­Joʻrayev ijrosida eshitib ulgʻayganmiz. ­Prezidentimiz taqdim etgan gʻoya asosida “Inson qasidasi”ni umumbashariy qoʻshiqqa aylantirish ishiga jamoa boʻlib kirishildi. Sheʼrga Nodir ­Umarov kuy bastaladi, Aziz Xolmurodov kuyni sayqalladi, Dilmurod Matkarimov ovozlarni yozish ishiga masʼul boʻldi, Sanjarbek Matkarimov klip konsepsiyasini ishlab chiqdi.

    Yozuvchilar uyushmasining koʻmagi bilan sheʼr boshqa tillarga oʻgirildi. Keyin ushbu loyiha boʻyicha hamkorlik yuzasidan dunyo yulduzlari jalb qilindi. Shu oʻrinda tilning, soʻzning qudrati haqida yana bir gapni aytib oʻtish oʻrinli. Tashabbuskorlar turli mamlakatlarning mashhur xonandalari bilan bogʻlanganida, avvalboshda katta-katta gonorarlar talab qilishgan ekan. Albatta, “yulduz” boʻlgach, bunga haqqi bor. Lekin ushbu loyiha mohiyatini anglab yetganidan keyin birin-sirin gonorardan voz kechishgan ekan. Koʻpchilik xorijlik xonandalar bu qoʻshiqni aytish uchun pul olish ayb, deyishgan.

    Rossiyalik mashhur xonanda Oleg Gazmanov loyihadagi ishtiroki uchun oldindan olib boʻlgan gonorarini Toshkentdagi Mehribonlik uylaridan biriga oʻtkazdi. Mana, insoniylik qanday yaraladi. Mana, soʻzning qudrati, maʼnoning mohiyati...

    Shu zaylda Oʻzbekiston tashabbusi bilan xalqaro loyiha dunyoga keldi. “Inson qasidasi” oʻzbek tilida Ozodbek Nazarbekov, qozoq tilida Omirqul Ayniyazov, arab tilida Ahmad Al-Xuraybiy, turkchada Rafet El-Roman, italyan tilida Alessandro Safina, ingliz tilida Dilafruz Rustamova, tojik tilida Zafar Abdualimov, rus tilida Oleg Gazmanov lafzidan yang­radi. Gʻoya gʻoyaga ulandi. Bu qoʻshiq donishmand xalqimizning umuminsoniy qadriyatlarga ohangdosh mafkurasini tarannum etdi.

    Shoirning ijodiy mahsuli boʻlgan qasida aynan til orqali jahon madaniyatining durdonasi sifatida baralla jarangladi. Demak, bugun har bir millat vakillari qatori, ayniqsa, ijodkor ziyolilar, shoir-yozuvchilar, tarjimonlar, dramaturglar, ssenaristlar tilimiz sofligini saqlash, boyitish va uni umumjahon tillar doirasidagi qadriyatini oshirishga ­kamarbasta boʻlishi lozim.

    Qunduz NISHONBOYEVA,

    Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti

    sanʼatshunoslik va madaniyatshunoslik kafedrasi dotsenti,

    tarix fanlari nomzodi