Juda tez surʼatda oʻzgarayotgan, turli ziddiyat va qarama-qarshiliklar bilan toʻlib toshgan asrimizni mutaxassislar ommaviy axborotlashuv asri yoxud globallashuv asri deb atamoqda.

Mamlakatimizda axborot sohasida yagona davlat siyosatini roʻyobga chiqarish, telekommunikatsiya, axborot va kiberxavfsizlikni taʼminlash sohasidagi nazorat tizimini yana-da takomillashtirish boʻyicha katta ishlar qilinmoqda. Shunga qaramasdan, internet olamidagi axborot xurujlarining oldini olish, batamom xavfsizlikni taʼminlash imkoniyati chegaralangan.

Buning bir qancha sabablari bor. eng avvalo, demokratik qadriyatlar nuqtayi nazaridan olib qaraydigan boʻlsak, fuqarolarning axborot sohasidagi huquq va erkinliklarini taʼminlash insonning axborot olish va oʻz shaxsiy fikrini tarqatish huquqi va erkinligini oʻzida mujassam etgan boʻlib, bu Oʻzbekistonda demokratik jamiyat asoslarini barpo etishning muhim shartidir. Shuningdek, globallashuv jarayoni dunyo miq yosida insoniyat hayotiga tobora tez va shiddat bilan chuqur kirib kelayotganini hisobga olsak, bugungi kunda har qaysi davlatning taraqqiyoti va farovonligi nafaqat uni qurshab turgan davlatlar, balki dunyo mamlakatlari bilan chambarchas bogʻliq. Biror mamlakat bu jarayondan chetda turishi ijobiy natijalarga olib kelmasligi ham kundek ravshan.

Bu jarayondan chetda qolish ham, butunlay berilib ketish ham xavfli. Shu bois, globallashuv jarayonidan samarali foydalanish uchun intellekt va immunitet kuchli boʻlishi zarur. Har qanday taraqqiyot mahsulidan ikki maqsadda ezgulik va yovuzlik yoʻlida foydalanish mumkin.

Albatta, bu oʻsha foydalanayotgan millat va xalqning intellektiga va immunitetiga koʻproq bogʻliq. Shuning uchun ham globallashuv jarayonidan ezgulik maqsadida foydalana olish uchun aholi, ayniqsa, yoshlarning mafkuraviy immunitetini kuchaytirish zarur. Global jarayonlarning oʻtkir tigʻidan biri bu mafkuraviy taʼsir oʻtkazishdir.

Zero, globallashuv taʼsirida dunyoning hamma nuqtasida axborotlashgan jamiyat tezlik bilan shakllanmoqda. Bu degani, axborot dunyosida davlat chegaralari degan tushuncha yoʻqolib bormoqda. Jahon kompʼyuter tarmogʻi davlat boshqaruvini tubdan oʻzgartirmoqda.

Hududiy joylashuvidan qatʼi nazar, kundalik hayotimizga turli axborotlar internet orqali kirib kelmoqda. Shuning uchun ham mavjud axborotlarga noqonuniy kirish, ulardan foydalanish va oʻzgartirish, yoʻqotishdan himoya qilish dolzarb muammo boʻlib qolayotir. Bugun dunyoda axborot urushi, aniqroq qilib aytganda, gibrid urushning kamida 60 foizi asosan internet tarmogʻi orqali amalga oshirilib, shiddat bilan avj olmoqda.

Mamlakatimizning yangi taraqqiyot bosqichida davlatchilik asoslarini rivojlantirish borasidagi islohotlar koʻlami va miqyosi bilan avval boshqaruv tajribasida boʻlmagan ulkan va murakkab vazifalarni amalga oshirishga toʻgʻri kelayotir. Albatta, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi oʻzgarishlar ogʻir sinovlardan, baʼzida yoʻqotish va adashishlardan xoli boʻlmayotgani ham bor gap. Bu tabiiy jarayon. Hech bir davlatda, hech bir davrda islohotlar bir tekis kechgan emas. Ammo davlatimizning katta oʻzgarishlari boʻsagʻasida xalqni, ayniqsa, yoshlarni yoʻldan ogʻdirish, oʻz maqsadlari yoʻlida foydalanish, ular ongiga gʻayrimilliy qarashlarni singdirishga urinish bilan birga oʻz davlati va madaniyatiga qarshi kayfiyat uygʻotishga qaratilgan harakatlar ijtimoiy tarmoqlarda zimdan paydo boʻlayotgani tashvishli holat. Bu yoshlarning oʻzaro munosabatlariga, ijtimoiy faoliyat va turmushiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy muammolarni roʻkach qilish, tahliliy, obyektiv talqinlardan yiroq maʼlumotlarni tarqatish, sayoz, baʼzida boʻhton va bemaʼni eshittirishlar, hayosiz lavhalar orqali ijtimoiy tarmoqdagi sahifalar obunachilarini koʻpaytirishga harakat qilinmoqda.

Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda milliy qadriyatlarimizga zid holatlarning namoyon boʻlishi, avvalo, davlat ramzlariga hurmatsizlik, davlat rahbari faoliyatiga oid turli uydirma va yolgʻon xabarlarning tarqatilishida namoyon boʻlmoqda. Ammo bu borada huquqiy javobgarlik masalasi hanuz izchil tartibga solingan emas.

Bundan tashqari, ayrim blogerlar tomonidan hukumat faoliyatiga noxolis, bir tomonlama yondashuvga asoslangan, baʼzida voqea-hodisani toʻliq tekshirmasdan turib, ommaga eʼlon qilinayotgan materiallar ham jamoatchilikda davlat siyosatini tushunmaslik, ishonchsizlik, norozilik kayfiyatini shakllantirishga qaratilmoqda.

Internet, ijtimoiy tarmoq va messenjerlarda olomon madaniyatini targʻib qiluvchi, maishiy buzuq kontentlar faoliyati kuchaygani maʼlum. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda axborot kommunikatsiyalarining rivojlanishi, internetga ulanish imkonini beruvchi zamonaviy smartfon va gajetlarning ommalashuvi hamda yoshlar orasida keng tarqalishi, internetdan foydalanuvchilar sonining keskin ortishi natijasida ijtimoiy foydali kontentlar qatori maishiy buzuq, engil-elpi hayotni, ommaviy madaniyatni, gender tenglikning milliy mentalitetimizga zid jihatlarini, pornografiya, zoʻravonlik elementlarini targʻib qiluvchi kontentlar ham keng tarqalyapti.

Ijtimoiy tarmoq va messenjerlardan meʼyordan ortiq foydalanish natijasida yoshlarda virtual hayotga bogʻlanib qolish, real hayotdan, voqelikdan uzoqlashish, milliy qadriyatlarimizga zid gʻoyalarga ergashish holati kuzatilmoqda. eng achinarlisi, yoshlarning bebaho quvvati, qimmatli vaqti, sogʻligʻi va mablagʻini bunday turdagi kontentlarda sarflashidir. Prezidentimiz Yoshlar kunida Toshkent shahridagi Botanika bogʻida yurtimiz yoshlari bilan uchrashuvda ijtimoiy tarmoqlarda shuhrat qozonish uchun nomunosib xatti-harakat qilayotgan yoshlar haqida toʻxtalib, Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda koʻrsatilgan xunuk voqealar, yaʼni joylardagi Alisher Navoiy, Amir Temur, Motamsaro ona haykallari yonida ayrim tarbiyasiz yoshlar tomonidan sodir etilgan nomaʼqul harakatlar meni nihoyatda ranjitdi.

Bu bolalarning ota-onasi, bobo-momolari, oʻqituvchi va muallimlari, qolaversa, mahalla-koʻy, yoshlar bilan ishlaydigan masʼul mutasaddilar qayerga qarayapti? Vatanimiz yoshlariga mutlaqo yarashmaydigan, barchamizga isnod keltiradigan bunday salbiy koʻrinishlarga jamiyatimizda mutlaqo oʻrin boʻlmasligi zarur, dedi.

Davlatimizni rivojlanish va yuksalish yoʻlida intilayotgan oilaga qiyoslasak, unda ogʻir va sinovli kunlar ham boʻlishi tabiiy. Shunday kunlarda oilani mehr-muhabbat saqlaydi, sabr-qanoat, imon-eʼtiqod yorugʻ kunlarga etaklaydi. Yangi Oʻzbekistonimiz dunyoga yuz tutayotgan bugungi kunda jon kuydirib, samimiy tilaklar bilan muammolarni koʻtarib chiqayotgan shijoatli va sogʻlom fikrli yurtdoshlarimiz koʻpligi kishini quvontiradi.

Bugun yurtimizda ommaviy axborot vositalari uchun yoʻllar ochiq, jurnalistlar ham dadil. Inson huquqlari buzilishi, korrupsiya va davlat xizmatchilarining beparvoligini qalamga olish, efirga uzatish endi taqiqlangan mavzu emas. Ijtimoiy tarmoq va saytlarda sogʻlom tanqid, sogʻlom tahlil davr talabiga aylangan. Demak, jamiyatda yangilanish va ijtimoiy oʻzgarishlar jarayoni amalda. Yoshlar uning harakatlantiruvchi kuchiga aylanib bormoqda.

Faqat demokratik va milliy qadriyatlarga rioya qilgan holda, qonun ustuvorligini yodda saqlab, mamlakat va millat kelajagini oʻylab yoʻl tutsak, albatta, olijanob maqsadlarimizga etamiz, xalqimiz yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaydi.