Mamlakatimizning tinchligi, osoyishtaligi va xavfsizligi, huquqbuzarliklarning, ijtimoiy-maishiy tusdagi jinoyatlarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurash, ularga chek qoʻyish, sodir etilganlarini fosh etish, jamoat tartibini saqlashning mutlaqo yangi mexanizmlarini joriy etish hamda aholida shaxsiy xavfsizlik hissini shakllantirish borasida tizimli va samarali chora-tadbirlari amalga oshirilishida sezilayotgan kamchiliklar, tizimli ishlarning sustligi, bu borada ishlarning samarali tashkil etish maqsadida yana bir organ — Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tashkil etilgan boʻlib, uning huquqiy asosi, yaʼni “Oʻzbekiston Respublikasining Milliy gvardiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni qabul qilindi. Ushbu organning tashkil etilishiga ehtiyoj sezildi va 2017-yilda tashkil etildi, biroq faoliyatini tartibga solishga qaratilgan huquqiy asos mavjud emasdi.

Shu oʻrinda Milliy gvardiya organlari tarixiga nazar tashlaydigan boʻlsak, Milliy gvardiya (fr. Garde Nationale, ingl. National Guard), milliy posbonlar (ital. guardia – posbon) – turli mamlakatlarda va tarixiy davrlarda har xil qurolli tashkilotlarning nomi boʻlgan. Dastlabki organ Fransiya va AQSHda 1830-1872-yillarda tashkil etilgan, 1940-yillarda Shvetsiya Milliy gvardiyasi va Rossiya Milliy gvardiyasi qoʻshinlari faoliyat yurita boshlagan.

Mamlakatimizda Milliy gvardiya organlari tashkil etilganligining yana bir dolzarbligini butun dunyo va respublika boʻylab eʼlon qilingan koronavirus pandemiyasi sharoitidagi koʻrsatgan jonbozligi va soha xodimlarining tun-u kun tinim bilmay qilgan mehnatlarida yaqqol namoyon boʻldi va buning guvohi boʻlib turibmiz.

Qonunning qabul qilinishi bilan Milliy gvardiyaning faoliyatini huquqiy tartibga solindi va unda organning huquqiy maqomi hamda asosiy vazifalari belgilab berildi. Unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining Milliy gvardiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari qoʻshinlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi huquqni muhofaza qilishga doir ayrim vazifalarga ega boʻlgan maxsus turi ekanligi oʻrnatildi. Shuningdek, Milliy gvardiyaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish;

terrorizmga qarshi kurashishda, shuningdek terrorchilik harakatlarining hamda tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etish;

tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirish, surishtiruv oʻtkazish, jinoyat ishlarini qoʻzgʻatish va maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish;

davlat obyektlarini, oʻta muhim, toifalangan obyektlarni hamda boshqa obyektlarni, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini qoʻriqlash;

qoʻriqlash faoliyati sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish;

huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish, shu jumladan mazkur huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish;

jamoat tartibini saqlash, shu jumladan ommaviy tadbirlar, mitinglar, yigʻilishlar, namoyishlar oʻtkazilayotganda hamda fuqarolar gavjum boʻladigan joylarda jamoat tartibini saqlash;

favqulodda holat, alohida davr va terrorchilikka qarshi operatsiyalarni oʻtkazish sharoitlarida huquqiy rejimni taʼminlash;

qoʻriqlanadigan shaxslarning xavfsizligini taʼminlashda ishtirok etish;

chet davlatlarning rasmiy vakillarini, oliy darajadagi xorijiy delegatsiyalarni kutib olishda va kuzatib qoʻyishda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokidagi tantanali tadbirlar chogʻida rasmiy marosimlarni oʻtkazish;

huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va ularga chek qoʻyish maqsadida aholi punktlaridagi jamoat joylarida patrullik qilish;

Oʻzbekiston Respublikasining hududiy mudofaasi tizimida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini jangovar qoʻllash rejalari boʻyicha maxsus vazifalarni hal etish, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlariga Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini qoʻriqlash hamda himoya qilishda koʻmaklashish.

Boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlardan farqli ravishda Milliy gvardiyaning boshqaruv organi Milliy gvardiyaning markaziy devoni etib nomlandi.

Qonunda Milliy gvardiyaning faoliyatini tashkil etishda Milliy gvardiya bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga boʻysunishi va unga hisobdorligi, unga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Milliy gvardiya qoʻmondoni rahbarlik qilishi, qoʻmondon esa maqomiga koʻra vazirga tenglashtirilishi qayd etildi.

Shu bilan birga, mazkur qonun bilan Milliy gvardiya faoliyatining asosiy prinsiplari etib qonuniylik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni hurmat qilish, yagonalik, mustaqillikdan iboratligi, Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining (xodimining) oʻz vakolatlari doirasida qoʻyilgan qonuniy talablari, shu jumladan qonunga rioya etish, hujjatlarni, tekshiruv materiallarini va boshqa maʼlumotlarni taqdim etish, mutaxassis ajratish, Milliy gvardiyaga kelish hamda aniqlangan qonunbuzarliklar xususida tushuntirishlar berish toʻgʻrisidagi, qoidabuzarliklarni, shuningdek ularning sabablarini va sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish haqidagi qonuniy talablari barcha davlat organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiyligi oʻrnatildi hamda Milliy gvardiyaning huquq va majburiyatlari, harbiy xizmatchilarning (xodimlarining) huquqiy va ijtimoiy himoya qilish kabi normalar mustahkamlandi.

Ahamiyatli jihati shundaki, Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari va xodimlari xizmatni oʻtash vaqtida daxlsizlik huquqiga ega boʻladi. Ular tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi mumkin emas.

Eslatib oʻtish lozimki, ushbu Qonun olti oydan keyin, yaʼni 2021-yil 20-maydan eʼtiboran kuchga kiradi.

Bularning bari huquqni muhofaza qiluvchi organ sifatida Milliy gvardiya organlari harbiy xizmatchilarning (xodimlarining) huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning jamiyat va hayotdagi mavqeini yana-da oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.