Milliy palata Rossiyalik hamkasblari bilan onlayn anjuman oʻtkazdi

    Salomatlik 4 Iyul 2020 3279

    Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash Milliy palatasi va Rossiyalik shifokorlar hamda mutaxassislar ishtirokida, COVID-19 bilan kurashishning yuqori samaradorligiga yoʻnaltirilgan onlayn anjuman boʻlib oʻtdi.

    Anjuman Rossiya Federatsiyasi Savdo-sanoat palatasi Moliyaviy va investitsiya-sanoat siyosati kengashi tomonidan tashkil etilgan.

    Sogʻliqni saqlashdagi innovatsiyalar boʻyicha oʻtkazilgan mazkur tadbir oʻziga xos “kelajakka oyna” desak ham boʻladi. Zero unda raqamli tibbiyot keng maʼnoda qanday rivojlanganligini COVID-19 pandemiyasi yuzaga chiqarganligi aniq-ravshan koʻrsatib bergan.

    Tadbir davomida COVID-19 pandemiyasining sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirishni tezlashtirishga taʼsiri, innovatsion tibbiyotning davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi va moliyalashtirilishi kabi masalalar muhokama etildi.

    Xususan, sogʻliqni saqlashni tashkillashtirishdagi texnologiyalar taʼsiri bilan bogʻliq oʻzgarishlar boʻyicha bashoratlar qatorida raqamli monitoring, profilaktika, terapiya, tashxis qoʻyish va sunʼiy intellekt yordamida qarorlar qabul qilish haqida soʻz yuritildi.

    Tibbiy yordamni tashkillashtirishda raqamlashtirishni joriy etish (Deloitte texnologiyasi), mutaxassisilar fikricha, sinxronizatsiya hisobiga shifokorlarning yetishmovchiligiga chek qoʻyilishiga olib keladi, shuningdek, bemorni uning oʻzini qanday davolayotganligiga jalb etilishiga ham olib keladi. Bemor bilan shifokor oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan axborot almashinuvi tufayli unga koʻrsatilayotgan yordamning sifati oshadi. Va bu bashoratlar yaqin kelajak mevasidir.

    Mazkur tajriba Oʻzbekiston uchun juda muhim. Va bu yerda ham iyul oyidan boshlab COVID-19 ning yengil formasi bilan kasallanganlarni davolashda va kasallikning asoratsiz kechishida qoʻllanila boshlanadi.

    Ushbu onlayn anjumanda ishtirok etish mutaxassislarga tajriba va dolzarb ishlanmalar bilan almashinish imkonini berish barobarida aloqalar oʻrnatish imkonini ham berdi. Va bu raqamli tibbiyot sohasidagi serunum loyihalarning boshlanishi boʻlishi mumkin.

    Luiza Mahmudova,

    Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion sogʻliqni saqlash Milliy palatasi matbuot xizmati.