Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgandan soʻng yurtimizdagi koʻplab toponimik obyektlar qayta nomlandi. Yaʼni oʻzbek tilida joy nomlarini atash, rasmiylashtirish ishlari amalga oshirila boshladi. Buning oʻziga xos jihati shunda ediki, ona yurtimizning barcha nuqtasi davlat tilida, milliyligimizni, maʼnaviyatimizni va madaniyatimizni anglatib turishi kerak edi. Vatan mustaqilligi, avvalo, uning tilida aks etishi, oʻzbekona jaranglashida namoyon boʻlishi lozim.

Oʻzbek tili rasmiy maqomda boʻlmagan davrlarda yurtimizdagi aksariyat joy nomlari boshqa tilda atalib kelindi. Bir millatning mavjudligi uning tiliga naqadar bogʻliq ekanini oʻtgan davr va bugungi holat yaqqol koʻrsatib turibdi. Koʻplab joy nomlari oʻzbekchasi bilan almashtirilganiga chorak asrdan oshdi, ammo hali ham «Drujba narodov», «Sorok let», «Maksim Gorkiy», «Naberejniy», «Elektroapparat», «Makaronka», «Park-ozero», «Solnechniy» kabi eski nomlar xalq tilida, muloqot jarayonida qoʻllanib turibdi. Bu nimani anglatadi? Bu til masalasi, xususan, joy nomlari nihoyatda nozik masala ekanini koʻrsatadi. Toponimlar insonlarning kichik va umumiy vatanlarini ifodalaydi, shuning uchun har bir toponim qoʻyilayotganda uning lugʻaviy maʼnosi, etimologiyasi, shu joyga mos xususiyatiga katta eʼtibor berish zarur.

Joy nomlari tilshunosligimizda kam oʻrganilgan soha hisoblanadi. Mazkur yoʻnalishda sanoqli olimlargina tadqiqotlar qilgan. Bu bir davlat toponimlari tadqiqi uchun yetarli emas. Tilning yashab qolishi, avlodlarga yetib borishi uch asosiy omilga bogʻliq: birinchisi — ogʻzaki muloqot; ikkinchisi — lugʻatlar; uchinchisi — toponimlar. Ammo oʻz vaqtida chora-tadbirlar koʻrilmasa, ilmiy tadqiqotlar kuchaytirilmasa, toponimlarning yashovchanligi kamayadi, maʼnosi tushunarli boʻlmay, mavhumlasha boradi. Buning birinchi sababi shuki, jamiyatimizda aholi, hatto ziyolilar oʻrtasida ham koʻproq shevaga xos talaffuz ustunlik qiladi, shuning uchun ham koʻplab joy nomlarining maʼnosi oʻzaro muloqotda oʻzgarib ketgan. Agar muayyan hududda yashovchi kishilar oʻzlari istiqomat qilayotgan qishloq, tuman yoki shahar nomlaridagi bir tovushni notoʻgʻri talaffuz qilsa ham oʻsha toponim maʼnosi oʻzgarib ketadi va bu yozma nutqqa ham oʻz taʼsirini oʻtkazib, yozma hujjatlar, manbalarda ham xato qayd etilishiga olib keladi.

Biror kishi bilan tanishsangiz, doimiy soʻraladigan savollardan biri “Qayerliksiz yoki qayerdansiz?” boʻladi. Shunda mamlakatdan tashqarida boʻlsangiz, davlat nomini, yurt ichida esa viloyat, tuman, mahalla, koʻcha, qishloq yoki hamma biladigan mashhur joy boʻlsa, shularning nomlari keltiriladi. Toponimlarning muhimligini yana shunda koʻrish mumkinki, til oʻrganish jarayonida ham eng birinchi oʻrganiladigan soʻzlar joy nomlaridir.

Qisqasi, toponimlar sizning kichik va katta vataningizni anglatib turadi. Tuzumlar oʻzgarishi tarixga, maʼnaviyatga, madaniyatga qanday taʼsir qilgan boʻlsa, undan ham koʻproq tilga, toponimlarga katta salbiy taʼsir koʻrsatgan. Uning asoratlari hali ham jamiyatga oʻz taʼsirini oʻtkazib kelmoqda. Mustaqillikdan soʻng asosiy nomlar, xususan, tuman, jamoa xoʻjaligi, koʻplab qishloq nomlari oʻzbek tilida qayta nomlandi, ammo hozir ham xoh shahar, xoh tumandan kelgan talaba yoki oʻquvchi boʻlsin, qayerlik ekanini soʻrasangiz, “Engels”, “Pravda”, “Oktyabr”, “Kommunizm”, “Jdanov”, “Ilich”, «Pobeda» va boshqa joy nomlari tilga olinadi. Demak, til masalasiga eʼtiborli boʻlish, ayniqsa, ommaga tez singib, juda sekin unutiladigan toponimlarni qoʻyishda yetti oʻlchab, bir kesish lozim.

Oʻzbekistonda toponimikani rivojlantirish uchun, avvalo, mazkur sohadagi ilmiy tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash kerak. Har bir fuqaro oʻzi yashab turgan koʻcha, mahalla, tuman, shahar, viloyat va respublika, shuningdek, millat va urugʻ nomi maʼnosini yaxshi bilishi, uning etimologiyasini — qanday kelib chiqqani, qanchalik tarixga egaligini bilishi shart. Buni ilmiy tadqiqotlar aniqlab beradi.

Zamon qanchalik rivojlanib borayotgan boʻlsa, til ham mazkur ijtimoiy jarayonlarni shunchalik tez oʻzida namoyon qilib bormoqda. Har bir millat oʻz ona tiliga masʼul boʻlishi naqadar muhimligi bugungi nomlash jarayonlarida koʻrinadi.

Shu maʼnoda, nufuzli obyektlarga nom qoʻyilganda ham milliylikka alohida eʼtibor berishimiz lozim. Aks holda, katta shaharlarda muhim joylar inglizcha moʻljallarning nomi bilan atalmoqda. Masalan, “Akfa medlayn»dan oʻtib tushaman», “Aziya»ga yetmay tushib qolaman». «Megaplanet»da turaman». Mazkur moʻljalni ifodalovchi katta obyektlar bora-bora joy nomiga aylanib ketishi mumkinligini inobatga olish kerak.

Yana bir muhim masala bor. Bu —mavjud joy nomlarining oʻzbekcha talaffuzi va yozilishini tiklash. Aholi tomonidan “Aziya», “Sergeli”, «Sogdiana» kabi nomlar ruscha talaffuz va imloda hanuzgacha qoʻllanib turibdi. Qisqasi, bu borada bir qator muammolar oʻz yechimini kutmoqda. Shuningdek, “Beshkapa”, “Uchqoʻrgʻon”, “Qoʻtirbuloq”, “Kattaqoʻrgʻon”, “Sariqtepa”, “Kenagas” kabi aholi yashash punktlari, mahalla nomlari koʻpchilikka tushunarli. Yaratilayotgan izohli, etimologik lugʻatlarda, asosan, «Nisbot», “Urgut”, “Samarqand”, “Buxoro”, “Denov” kabi toponimlarning maʼnosi, kelib chiqish tarixi izohlab berilsa, maqsadga muvofiq boʻladi.

Mamlakat miqyosida toponimikaga doir mavjud muammolarni kuzatish, ilmiy-tahliliy oʻrganish asnosida quyidagi tavsiyalar shakllandi:

birinchidan, toponimlarga milliy qadriyat, milliy boylik, millat tarixi va madaniyatini oʻzida mujassam etgan, har bir fuqaroning yashash manzilini, hayot tarzini, milliy mentaliteti, shuningdek, urf-odat va anʼanalarini anglatib turuvchi madaniy yodgorlik sifatida munosabatda boʻlish.

Ikkinchidan, mamlakatning asosiy universitetlarida hududlar boʻyicha toponimika boʻyicha maqsadli magistratura va doktorantura yoʻnalishlarini tashkil qilish.

Uchinchidan, uzluksiz taʼlim tizimida tegishli fanlar, xususan, ona tili, davlat tili, shuningdek, adabiyot fanlari darsliklariga Oʻzbekiston toponimlari boʻyicha hamma oʻquvchi uchun muhim va qiziqarli maʼlumotlar, matnlar kiritish, shuningdek, toponimlarning talaffuzi va imlosiga alohida eʼtibor berish lozimligi boʻyicha takliflar yuborish.

Toʻrtinchidan, hozir katta shaharlarda hammaga maʼlum boʻlmagan toponimlar oʻrniga ishlatilayotgan moʻljalni ifodalovchi katta va nufuzli obyektlarning nomlanishini nazoratga olish lozim.

Beshinchidan, toponimlarning izohli, etimologik va ensiklopedik lugʻatlari yaratilishi kerak. Shu bilan birga, kelajak avlodda oʻzlari yashab turgan joy nomlariga munosabatni oʻzgartiruvchi ilmiy-ommabop kitoblar, metodik qoʻllanmalar, oʻquv lugʻatlar yaratish, shuningdek, tanlovlar tashkil qilish lozim.

Inson oʻzi tugʻilib oʻsgan joy nomini eshitganda, oʻqiganda, yozganda entikib qoladi, chunki uning bolalik xotiralari, yoshligi, butun umri, vatan haqidagi his-tuygʻulari bir soʻzda mujassam. Har bir kishi toponimlarni muhofazalashi, targʻib etishi, toʻgʻri qoʻllanishini nazorat qilishi kerak. Oʻzi tugʻilib oʻsgan joy nomining maʼnosini, kelib chiqish tarixini bilmaydigan, himoya qilmaydigan, oʻz shaʼni deb bilmaydigan kishi vatanparvar boʻla olmaydi.

Gʻofir HAMROYEV,

pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori