Joriy yil Oʻzbekiston va Belarus Respublikasi oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilganiga 30 yil toʻldi. Shu munosabat bilan ikki davlat hamkorligida turli rasmiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Jumladan, Madaniyat va turizm vazirligi tashabbusi bilan Belarus Respublikasi poytaxti — Minsk shahrida «Oʻzbekiston madaniyati kunlari» va «Oʻzbekiston turizmi kunlari» tadbirlari oʻtkazilyapti.
Bugun Belarus davlat filarmoniyasi konsert zalida «Oʻzbekiston madaniyati kunlari» tadbirining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Belarus Respublikasi Madaniyat vaziri oʻrinbosari Valeriy Gramoda va Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri maslahatchisi Shavkat Ortiqov soʻzga chiqib, davlatlarimiz oʻrtasidagi koʻp yillik hamkorlik, ishonchli doʻstlik hamda diplomatik aloqalar rivojlanib borayotgani eʼtibor qaratdilar.
«Belarus va oʻzbek xalqi munosabatlari 30 yillik bilan chegaralanmaydi. Doʻstona aloqalar uzoq yillik oʻtmishga borib taqaladi. Urf-odat va anʼanalarimiz bir-biridan farq qilishi mumkin, buni tan olish kerak. Ammo, maqsadlarimiz mushtarak. Muhimi, Oʻzbekiston turli sohalarda bizning ishonchli doʻstimiz sanaladi va bu hamkorlik yangidan-yangi yoʻnalishlarda yanada mustahkamlanib borishiga ishonaman», — dedi vazir oʻrinbosari Valeriy Gramoda.
Tadbirda, shuningdek, qator diplomatik korpus vakillari, oʻzbekistonlik taniqli sanʼatkorlar, keng jamoatchilik hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad – Oʻzbekiston sanʼati va madaniyatini belaruslik mahalliy aholiga namoyish yetish hamda oʻzaro hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlashdan iborat.
Maʼlumot uchun, ushbu tadbirlar 15-aprelgacha davom etadi. Unda Belarusdagi bir qator shaharlarda oʻzbekistonlik sanʼat ustalari ishtirokida konsert dasturlari namoyish etiladi.