Mintaqa davlatlari oʻzaro hamkorlikda suv tanqisligining salbiy taʼsirini kamaytirishga intilmoqda

    Soʻnggi yillarda mamlakatimiz suv xoʻjaligi sohasida amalga oshirilgan islohotlar 2021-yilda kuzatilayotgan suv tanqisligining salbiy oqibatlarini yumshatishga zamin hozirladi. Koʻrilgan va koʻrilayotgan chora-tadbirlar natijasida suv xoʻjaligi xodimlari eng qiyin vaziyatlarni ham yengib oʻtib, hatto eng oxirgi quloqda joylashgan isteʼmolchilarga ham suvni limit asosida navbati bilan yetkazib berishning uddasidan chiqmoqda.

    Joriy yil 19-iyul kuni Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vaziri Sh.Xamrayev Qozogʻiston Respublikasi ekologiya, geologiya va tabiat resurslari vaziri M.Mirzagaliyev bilan uchrashdi. Uchrashuvda joriy yil vegetatsiya mavsumini muvaffaqiyatli oʻtkazish hamda Qozogʻiston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi transchegaraviy suv obyektlaridan birgalikda foydalanish boʻyicha hukumatlararo bitim loyihasi muhokama qilindi.

    Sirdaryodan suv oluvchi “Doʻstlik” davlatlararo kanaliga Qozogʻiston hududidagi 140 ming gektarga yaqin maydon bogʻlangan. Uchrashuvda Oʻzbekiston tomonidan “Doʻstlik” kanali orqali Qozogʻistonga qoʻshimcha oʻtkaziladigan suv sarfini hozirgi 80 m³/s dan 90 m³/s ga yetkazish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning mintaqa davlatlari bilan olib borayotgan oqilona siyosati tufayli transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda foydalanish borasida doʻstona hamkorlik oʻrnatilgan. Bu hamkorlik joriy yilda kuzatilayotgan suv tanqisligi sharoitida oʻzaro kelishilgan holda suv taʼminoti darajasini oshirishga hamda suv tanqisligining salbiy taʼsirini kamaytirishga xizmat qilmoqda.

    Jumladan, Qozogʻiston tomonidan Oʻzbekistonning Jizzax viloyatidagi sugʻoriladigan maydonlarning suv taʼminotini oshirish uchun joriy yil aprel oyida Arnasoy suv omboriga 100 mln. m³ miqdorida suv tashlab berilgan edi.

    Oʻzbekiston va Qozogʻiston tomonidan Qirgʻizistonning Toʻxtagul suv omboridan iyun-avgust oylarida qoʻshimcha suv chiqarish maqsadida jami 550 mln. kVt soat (Oʻzbekiston 250 mln.kVt soat va Qozogʻiston 300 mln.kVt soat) miqdorida elektr energiyasi sotib olinmoqda. Natijada Tojikistonning “Baxri Tochik” suv omboriga oʻtgan yilga nisbatan koʻproq suv olib kelinib, suv omboridan chiqarilayotgan suv miqdori 500 m³/s dan 550 m³/s ga oshirildi. Shuning evaziga Qozogʻistonga qoʻshimcha 10 m³/s suv oʻtkazib berishga kelishildi.

    Aytish joizki, Oʻzbekistonda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, suv xoʻjaligi obyektlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

    Oʻtgan yili yakunlangan “Xorazm viloyati Toshsoqa tizimidagi magistral sugʻorish kanallarini qayta tiklash” loyihasi natijasida 191,3 ming gektar sugʻoriladigan yerlarning suv taʼminoti yaxshilandi. Ayni paytda nufuzli xalqaro moliya institutlari ishtirokida ana shunday 5 ta yirik loyiha amalga oshirilmoqda.

    Soʻnggi ikki yil ichida Qashqadaryo viloyatidagi “Doʻstlik-1, 2, 3, 4”, Navoiy viloyatidagi “Konimex”, “Navoiy”, “Uchqora”, Namangan viloyatidagi “Ququmboy” nasos stansiyalari rekonstruksiya qilindi. Birgina “Doʻstlik” nasos stansiyasining modernizatsiya qilinishi natijasida 11 ming gektar yerning suv taʼminoti yaxshilandi.

    2020-yilda magistral va xoʻjaliklararo sugʻorish tarmoqlarida qurish va rekonstruksiya, taʼmirlash va tiklash ishlari bajarilishi hisobiga kanallarda suv yoʻqotilishi 1,5 mlrd. m3 ga kamaydi. Joriy yilda bu boradagi ishlar 120 ming gektardan ortiq maydonlarning suv taʼminotini yaxshilashga xizmat qildi.

    Suvni boshqarish jarayonlarida inson omilini kamaytirish, suv taqsimoti shaffofligini taʼminlash maqsadida 750 ta suv xoʻjaligi obyektlariga “Aqlli suv”, 95 ta nasos stansiyasiga suv miqdorini onlayn monitoring qiluvchi hisoblagichlar va 423 ta meliorativ kuzatuv quduqlariga sizot suvlari koʻrsatkichlarini onlayn monitoring qiluvchi qurilmalar oʻrnatildi hamda 15 ta suv xoʻjaligi obyektlarining boshqaruv jarayonlari avtomatlashtirildi.

    Suv tanqisligini yumshatishning eng muhim omillaridan biri suvni tejaydigan texnologiyalardan foydalanish ekanligini hayotning oʻzi tasdiqladi. 2019-yilda 34,5 ming gektar maydonda, 2020-yilda 133 ming gektar maydonda ana shunday texnologiyalar oʻrnatildi. Joriy yilda jami 230 ming gektar maydonda suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy etish, 200 ming gektar maydonni lazerli tekislash boʻyicha ishlar olib borilayapti. Aynan davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari yaratilgani, subsidiya va imtiyozlar berilgani qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari va fermerlarni suv tejovchi texnologiyalardan foydalanishga ragʻbatlantirmoqda.

    Soʻnggi yillarda mamlakatimiz suv xoʻjaligi sohasida amalga oshirilgan islohotlar 2021-yilda kuzatilayotgan suv tanqisligining salbiy oqibatlarini yumshatishga zamin hozirladi. Koʻrilgan va koʻrilayotgan chora-tadbirlar natijasida suv xoʻjaligi xodimlari eng qiyin vaziyatlarni ham yengib oʻtib, hatto eng oxirgi quloqda joylashgan isteʼmolchilarga ham suvni limit asosida navbati bilan yetkazib berishning uddasidan chiqmoqda.