“Asakabank”ni xususiylashtirish boʻyicha bitim imzolandi

    Forum doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan Oʻzbekistonning yirik banklaridan biri boʻlgan “Asakabank”ni xususiylashtirish boʻyicha bitim imzolandi.

    Davlatimiz rahbari iqtisodiyotda chuqur transformatsiya jarayonlari, qulay investitsiya va biznes muhiti hamda sanoatda yuqori qoʻshilgan qiymatni yaratish izchil davom ettirilishini taʼkidlab, oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlarga alohida toʻxtalib oʻtdi.

    Birinchi yoʻnalish: “yashil” energetika. Energetika tarmogʻi samaradorligini oshirish butun mintaqamiz uchun dolzarbdir. Bu borada mamlakatimizda 28 ta loyiha ustida ishlar davom ettirilmoqda.

    Oʻzbekiston 2030-yilgacha 20 gigavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini yaratish va energetika balansida uning ulushini 40 foizga yetkazishni maqsad qilgan.

    Bugun forum doirasida investorlar uchun qoʻshni Qirgʻiziston va Tojikistondagi gidroelektr stansiyalarini birgalikda qurish loyihalari taqdimoti oʻtkaziladi. Prezident ushbu yoʻnalishda barcha davlatlar yetakchi kompaniyalarini ochiq muloqot va amaliy hamkorlikka taklif etdi.

    Ikkinchi yoʻnalish: bank-moliya sohasi. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda koʻplab xususiy banklar ochildi. Bozorimizga Yevropaning yetakchi banklari kirib keldi. Qator raqamli banklar oʻz faoliyatini amalga oshirmoqda.

    Forum doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan Oʻzbekistonning yirik banklaridan biri boʻlgan “Asakabank”ni xususiylashtirish boʻyicha bitim imzolandi.

    Moliyaviy resurslarga talabni qondirish uchun kapital bozorini rivojlantirish boʻyicha yondashuvlar qayta koʻrib chiqilmoqda. Oʻzbekistonda xalqaro moliyalashtirish instrumentlarini rivojlantirish ustida ish olib borilmoqda.

    “Xorijiy sarmoyalar oqimi bir necha barobar ortishi, korporativ boshqaruv sifati oshishi, yangi yetakchi bank-moliya institutlari kirib kelishini kutib qolamiz”, - dedi Prezident.

    Uchinchi yoʻnalish: foydali qazilmalar. Oʻzbekiston – mineral resurslar va muhim metallarning katta bazasiga ega mamlakatdir.

    Oʻtgan oyda Yevropa Ittifoqi bilan oʻta muhim xomashyo sohasida strategik hamkorlik oʻrnatildi. Amerika Qoʻshma Shtatlari va Buyuk Britaniya bilan ham shunday bitim ustida ish olib borilmoqda.

    Bu borada zamonaviy xalqaro tajriba asosida yangi tahrirdagi “Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinadi.

    Davlatimiz rahbari strategik xomashyolarni chuqur qayta ishlash va qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish uchun yetakchi kompaniyalarni Oʻzbekistonga taklif etdi.