Mis sanoati, qayta tiklanuvchi energiya va innovatsion faoliyat yoʻnalishida klasterlar tashkil etiladi

    Bu haqda AOKAda bo'lib o'tgan brifingda «O'zeltexsanoat» uyushmasi axborot xizmati rahbari Namoz Tolipov ma'lum qildi.

    2022-yilning 8 oylik yakunlarini tahlil qiladigan boʻlsak, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi – 12 trln. soʻmni, eksport hajmi – 514,0 mln.dollardan oshgan. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobar koʻp degani. Hududlarda 23 ta loyiha ishga tushirildi. Bundan tashqari, mahsulotlarning eksport geografiyasi ham kengaytirildi. “GSP+” imtiyozlaridan foydalangan holda Yevropaning Buyuk Britaniya, Ruminiya, Slaveniya, Chexiya, Avstriya va Vengriya davlatlariga, shu bilan birga Iroq, Livan, Mongoliya hamda Mavrikiy va Fidji orollariga tarixda birinchi marta elektrotexnika mahsulotlari eksport qilindi.

    Joriy yilda Rossiyaning “Eldarado”, “M-Video”, “DNS Atlas”, Fransiyaning “Ashan” hamda Qozogʻistonning “Sulpak” va “Texnodom” yirik savdo tarmoqlari tashkil etildi va mahalliy mahsulotlarni eksportga olib chiqish boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Avval eksport faoliyati bilan shugʻullanmagan Fargʻona, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi 11 ta korxona ilk marotaba oʻz mahsulotlarini eksportga olib chiqishiga erishdi.

    2022-2024-yillarda hududlar kesimida elektrotexnika sanoatida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish dasturi doirasida umumiy qiymati 1,2 mlrd dollarlik 192 ta loyiha shakllantirildi. Ularning amalga oshirilishi natijasida 23 trln.soʻmlik ishlab chiqarish, 135 mln dollarlik eksport quvvatlari yaratilib, 13,5 mingga yaqin doimiy yangi ish oʻrinlari tashkil etiladi.

    Ayni paytda 3 ta yirik klasterni amalga oshirish boʻyicha ishlar boshlangan. Jumladan, mis sanoati, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda innovatsion faoliyat yoʻnalishida klaster tashkil etiladi.

    Shuningdek, “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi huzurida “Loyihalashtirish va injiniring xizmatini tashkil etish markazi” ham oʻz ishini davom etttirmoqda. Davlatimiz tomonidan soha korxonalarini qoʻllab-quvvatlanishi va ularga qonunchilikdagi huquqiy kafolatlarning berilishi tarmoqni iqtisodiy jihatdan yangi bosqichga olib chiqdi, deyish mumkin. Bu ham mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun, ham xorijiy investorlar uchun ham oʻzaro manfaatli hisoblanadi.

    Kelgusi uch yilda tarmoq uchun jami 18 ming nafar shundan, 4 ming nafar oliy va 14 ming nafar oʻrta maʼlumotli mutaxassis kadrlarga ehtiyoj yuzaga keladi. Davlat dasturida sohaga malakali mutaxassis-kadrlarni yetkazib berishning yangicha tizimini yoʻlga qoʻyish ustida ham bir qator vazifalar belgilangan. Shundan kelib chiqib, bugun “Dual taʼlim” dasturini amaliyotga tatbiq etish ustida ishlanmoqda. Umumtaʼlim maktablarida elektrotexnika sohasi boʻyicha maxsus oʻquv mashgʻulotlari va toʻgaraklar tashkil etilmoqda.