Ushbu tadbirda Misrda mehnat faoliyati bilan shugʻullanayotgan yurtdoshlarimiz, Al-Azhar va Qohira universitetlarida tahsil olayotgan talabalar ishtirok etdi.
Kechada soʻzga chiqqanlar adabiyot ummonining yorqin siymosi boʻlmish Navoiy bobomizning ijodini sidqidildan oʻrganish ahamiyati toʻgʻrisida soʻzladilar.
Navoiy va Boburning ijodi jahon adabiyoti durdonasiga javohir boʻlib qoʻshilgani, uning boy va betakror merosini oʻrganishga butun dunyoda qiziqish tobora ortayotgani aytib oʻtildi. Shu oʻrinda, misrlik adabiyotshunos olim Saad Muhammad Abdulgʻaffor Yusuf tomonidan Navoiyning “Arbain” asari arab tiliga tarjima qilingani qayd etildi.
Alisher Navoiyning uch kitobi maʼnolarini izohlab beruvchi “Navoiydan chu topqaylar Navoiy” risolasi muallifi Husaynxon Yahyo Abdumajid ulugʻ shoir asarlarida yashiringan “kamolotga erishish sirlari” haqida soʻzlab berdi.
Misrdagi talabalar tomonidan XV-XVII asrlar – mumtoz adabiyotimiz asoschilari davri voqealari sahnalashtirilib, Navoiy va Boburning gʻazal, ruboiy, tuyuqlaridan namunalar keltirildi.
Adabiy kecha Misrdagi yurtdoshlarimizning soʻz mulkining sultoni Navoiy hamda shoh va shoir Boburga boʻlgan yuksak ehtiromini yana bir bor aks ettirdi.