Tadbirda Tagʻrid Fayod va “Inside Kashkadarya” jurnali muharriri Asror Allayorov sherikligida oʻzbek ijodkorlarining arab va ingliz tillariga oʻgirilgan sheʼrlaridan iborat “Oʻzbekiston – Uchinchi Renessans sari” kitobining taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Elchixona vakillari tomonidan mustaqillik yillarida, xususan, soʻnggi 5 yil davomida yurtimizda turli sohalarda erishilgan keng koʻlamli islohotlar, Oʻzbekistonning ochiq va doʻstona tashqi siyosati, Markaziy Osiyodagi qoʻshni davlatlar bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlanib borayotgani, iqtisodiy-ijtimoiy sohalarni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan qator yirik qoʻshma loyihalar toʻgʻrisida maʼlumot yetkazildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Oʻzbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulugʻbeklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishga katta eʼtibor qaratilayotgani qayd etildi.

Misrlik ijodkorlar Oʻzbekistonning Islom sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi, mamlakatimiz zaminidan yetishib chiqqan buyuk allomalar, jumladan, Qohirada Nil daryosi suv hajmini aniqlaydigan maxsus oʻlchagichni yaratgan Ahmad Fargʻoniy xizmatlari yuksak eʼzozlanishi va chuqur hurmat bilan tilga olinishini alohida mamnuniyat bilan koʻrsatib oʻtdi.

Tagʻrid Fayod ushbu tadbir shukuhi va mazmuniga koʻra avvalgilaridan tubdan farq qilganini taʼkidlab, bundan keyin ham birgalikda oʻzbek adiblari asarlarini arab tiliga tarjima qilish hamda adabiyot orqali arab va oʻzbek xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlash yoʻlida faol saʼy-harakat qilishga tayyorligini bildirdi.

Anjumanda oʻzbekistonlik adabiyot sohasi vakillari oʻrtasida bahru-bayt musobaqasi ham tashkil etildi.

Shuningdek, badiiy kecha davomida oʻzbek xalq musiqasi va raqslari ijro etildi, milliy tansiq taomlar taqdim etildi.

Tagʻrid Fayod Misr Yozuvchilari uyushmasi aʼzosi, tarjimon:

- Ushbu adabiy-maʼrifiy kechada berilgan maʼlumotlar meni jahon adabiyoti namunalari orasidan haqli ravishda munosib oʻrin olgan oʻzbek mumtoz adabiyoti durdonalarini arab tiliga tarjima qilishga undamoqda. Ayni paytda “Oʻzbekiston – Uchinchi Renessans sari” kitobiga kiritilgan asarlarni arab tiliga tarjima qilish jarayonida xalqingizning betakror madaniyati, maʼrifati va mehmondoʻstligini ich-ichimdan his qilganligimni alohida taʼkidlab oʻtmoqchiman. Shuningdek, ushbu sheʼrlar orqali Qashqadaryo, Xorazm, Andijon kabi hududlarning oʻziga xos tabiati, goʻzal manzaralari butun vujudimni oʻziga chorladi.

Fursatdan foydalanib, oʻzbekistonlik hamkasblarim bilan birgalikda oʻzbek mumtoz adabiyoti durdonalarini arab tiliga tarjima qilishga tayyorligimni bildirmoqchiman. Zero ushbu hamkorlik orqali xalqlarimiz bir-birlarini yaqinroq oʻrganadi, mamlakatlarimiz oʻrtasida doʻstlik rishtalari esa yanada mustahkamlanadi.

Mahrus Amir, “Kenooz Arabia” gazetasi bosh muharriri, yozuvchi:

- Oʻzbekistondan Misrga kelgan ijodkorlar delegatsiyasi aʼzolari oʻzbek xalqi madaniyati va boy ilmiy-maʼrifiy merosi haqida maʼlumotlar taqdim etdi. Men oʻzbek adabiyoti naqadar yuqori choʻqqilarga erishganini his qildim.

Darhaqiqat, Oʻzbekiston boy va qadimiy tarixga ega buyuk davlatdir. Oʻzbekiston arab mamlakatlaridan geografik jihatdan olisda joylashgan boʻlsada, bugungi tadbir singari turli maʼrifiy-badiiy anjumanlar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xalqlarimiz doʻstligini mustahkamlashga xizmat qiladigan badiiy kitoblar tarjimasini amalga oshirish tajribasini bundan keyin ham davom ettirishga tayyormiz. Shubhasiz, tarjima yoʻnalishidagi hamkorlik madaniy-gumanitar sohalardagi mavjud aloqalar koʻlamini yanada kengaytirishda muhim oʻrin tutadi.