Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Ulugʻbek A'zamov “Air Cairo” aviakompaniyasi rahbari Husayn Sharif, Misr arab Respublikasining Oʻzbekistondagi elchixonasi birinchi kotibi Holid Muhammad Fikriy va Misrning “Lucky tours” turistik agentligi bosh menejeri oʻrinbosari Yosriy Husayn Ali bilan uchrashdi.
“Air Cairo” aviakompaniyasi rahbariyati bilan Sharif Misr Arab Respublikasining Qohira va Sharm ash-Shayx shaharlaridan Oʻzbekistonning Toshkent va Samarqand shaharlariga muntazam aviareyslarni sonini oshirish va yangi reyslarni yoʻlga qoʻyish borasida hamkorlik masalalarida kelishuvga erishildi. Shu bilan birga, Misr tomon Oʻzbekistonda turizm sohasi mutaxassislarini tayyorlashda hamkorlik qilish taklifini bildirdi.
Bundan tashqari, turistik obyektlarimiz haqida yana-da koʻproq maʼlumot olish maqsadida Misrdagi yetakchi OAV va blogerlarning mamlakatimizga tashrifini tashkil qilishga kelishildi. Misrlik OAV vakillari va blogerlarning tashrifi 2021-yilning bahor oylariga rejalashtirilmoqda.
Maʼlumot uchun: Misr Arab Respublikasining “Air Cairo” aviakompaniyasi shtab-kvartirasi Qohira shahrida joylashgan boʻlib, Yevropa, Afrika va Osiyo mamlakatlarining turistik kompaniyalari bilan hamkorlik qiladi.