Fevral oyining 15-sanasida Andijon shahridan yoʻlga chiqishgan sayxunobodlik Toʻlqin Usmonov va Eldor Joʻrayevlar Andijon, Fargʻona, Namangan, Toshkent viloyati, Toshkent shahri, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Navoiy, Buxoro, Xorazm viloyatlari va nihoyat soʻnggi manzil Qoraqalpogʻiston Respublikasini ham piyoda bosib oʻtishdi.

Ular roppa-rosa 40 kun davomida 1 812 km yoʻl bosib bugun kunning ikkinchi yarmida Moʻynoq shahriga yetib borishdi. Ularni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Gʻayrat Bayniyazov boshchiligidagi qoraqalpogʻistonlik sportchilar va mahalliy aholi shodu xurramlik bilan kutib olishdi.

Murakkab ob-havo sharoitlariga qaramasdan oʻz maqsadi yoʻlidan ogʻishmay, Moʻynoqqacha piyoda borishga jahd qilgan yurtdoshlarimizga qoraqalpoq milliy toʻnlari kiydirildi.

Shu yerda tashkil etilgan tantanali marosimda soʻzga chiqqanlar butun mamlakatimiz boʻylab sogʻlom turmush tarzini keng targʻib qilgan bu ikki yurtdoshimiz shaʼniga iliq fikrlarni bildirishdi.

Oʻz navbatida vazirligimiz nomidan sirdaryolik sportchi-trenerlar Toʻlqin Usmonov hamda Eldor Joʻrayevlarga koʻrsatgan yuksak matonati uchun samimiy minnatdorlik bildiramiz. Umid qilamizki, ular boshlagan xayrli ish keng quloch yoyadi va ommalashadi.

 

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi

Matbuot xizmati