«Uzbekistan Airports» kompaniyasi Moʻgʻulistonning «Hunnu Air« aviakompaniyasi bilan muzokaralarning ikkinchi bosqichini oʻtkazdi. Yigʻilishda ishtirok etish uchun aviakompaniya bosh direktori Purevjav Munxjargal Toshkentga keldi.

Tomonlar Toshkent va Ulan-Bator oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muntazam yoʻlovchi qatnovlarini tashkil etish bilan bogʻliq masalalarni muhokama qildi. Aviakompaniya joriy yilning sentyabr oyidan boshlab Embraer 190 samolyotlarida haftasiga ikki marta parvozlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Muzokaralarda, shuningdek, Moʻgʻuliston aviatashuvchisi rahbari Toshkentni nafaqat istiqbolli, sayyohlar va ishbilarmonlar uchun qiziqarli manzil, balki Moʻgʻuliston va qoʻshni davlatlar yoʻlovchilarining parvozlari uchun keng imkoniyatlar ochib beruvchi tranzit “Xab” sifatida ham koʻrishini taʼkidladi.

«Hunnu Air» — 2011-yilda tashkil etilgan va shtab-kvartirasi Ulan-Bator shahrining Chingizxon xalqaro aeroportida joylashgan xususiy moʻgʻul aviakompaniyasi. Aviakompaniya ichki va xalqaro parvozlarni ATR 72-500 va Embraer 190 samolyotlarida amalga oshiradi.