Muloqot mavzusi MTO GKMning Buxoroda amalga oshirayotgan yirik investitsiya loyihasi doirasida charmsanoat sohasida eng koʻp ishlatiladigan EVA xom ashyosidan qator mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan loyihani hayotga tatbiq etish masalasi boʻldi.
Maʼlumot uchun, MTO gaz-kimyo majmuasi MTO (Metanoldan Olefingacha) texnologiyasi asosida polimer mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha dunyodagi eng yirik zavodlardan biri boʻlib, u tarkibida qimmatli komponentlar kam boʻlgan tabiiy gazni qayta ishlash imkonini beradi. 730 ming tonna hajmga ega boʻlgan polimer mahsulotlari Oʻzbekiston Respublikasining ichki bozor talabini xom ashyo bilan taʼminlaydi.
Buxoro viloyatining Qorakoʻl tumanidagi erkin iqtisodiy zonada joylashgan ishlab chiqarish korxonasi 15 gektar maydonni egallaydi. Loyihani 2025-yilgacha ishga tushirish rejalashtirilgan. Tabiiy gazni yuqori darajada qayta ishlab quvvati 1 million 110 ming tonna boʻlgan polimer mahsulotlari ishlab chiqarish koʻzda tutilgan.
Gaz-kimyo majmuasining qurilishi iqtisodiyotni diversifikatsiyalashga, shu qatorda nafaqat gazni, balki yuqori qoʻshimcha qiymatga ega boʻlgan tayyor kimyoviy mahsulotlarni ham eksport qilishga imkon yaratib beradi. Shuningdek, gaz-kimyo majmuasida ishlab chiqarilgan mahsulotlar yondosh tarmoqlar uchun xom ashyo sifatida xizmat qilishi mumkin.
Misol uchun, charmsanoat sohasida EVA granulalaridan poyabzal tagliklari, mavsumiy poyabzallar, sport matlari, plastinalar, sport aksessuarlari, avtomobillar uchun mayda detallar ishlab chiqariladi. Mavjud EVA xom ashyosidan 100% foydalanganda 400 million juft EVA poyabzallari, 100 million kvadrat/metr sport matlarini ishlab chiqarish mumkin. Hozirda polimerlar importi sohada 36 million dollardan oshdi. 2024-yil 44 million dollar boʻlishi kutilyapti.
Uchrashuvda soʻngida MTO gaz-kimyo majmuasining “Oʻzcharmsanoat” uyushmasiga toʻliq aʼzoligi toʻgʻrisidagi guvohnoma taqdim etildi, deb xabar beradi uyushma matbuot xizmati.