Muhokamalar markazida charm-poyabzal sanoatida yangi avlod poyabzal tagliklarini ishlab chiqarishni nazarda tutuvchi yangi investitsiya loyihasi joy egalladi.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirligi, Turkiya bilan hukumatlararo komissiya va ATB Xalq Banki vakillari ham ishtirok etdi.
Maʼlumot uchun, “El Taban Deri Sanayi Ticaret Lmt Şrt” poyabzal ishlab chiqaruvchi kompaniya boʻlib, 2017-yilda Istanbulda tashkil etilgan. Poyafzal tagliklari ishlab chiqaruvchi korxona sifatida ichki bozor ham, xorijda ham koʻplab xaridorlarni jalb etib kelyapti. Kompaniya Poliuretan taglik, Kauchuk taglik (kauchuk), TPU tashqi taglik, EVA taglik, Termo taglik kabi mahsulotlarni ishlab chiqaradi.
Ayni paytda yangi zavod qurish uchun yer olish, shuningdek, loyihani moliyalashtirish masalalari boʻyicha faol ishlar olib borilyapti.
Yigʻilishda hukumat va tijorat bank vakillari investitsiya loyiha va uni amalga oshirish bosqichlari, qiymati va mamlakatimiz uchun iqtisodiy foydasini atroflicha oʻrgandi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, loyiha qiymati 2,1 million dollarga baholanyapti. Uning amalga oshirilishi bilan Toshkent viloyatida oʻnlab yangi ish oʻrinlari yaratiladi. Oʻzbekistonda yangi turdagi poyabzal tagliklarini ishlab chiqarishni rivojlantirish ham poyabzal tannarxini pasaytiradi. Yangi korxonada ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan mahsulotlar nafaqat Oʻzbekiston bozori ehtiyojini qoplaydi, balki Turkiya va Yevropaga ham eksport qilinadi.