Dastlab, xorijiy kompaniyaga mamlakatimiz charm sanoat tarmogʻida amalga oshirilayotgan islohotlar, ishlab chiqarish, investitsiya, eksport koʻrsatkichlari yuzasidan taqdimot oʻtkazildi. Mamlakatimizning 16 hududidagi ixtisoslashtirilgan sanoat zonalari faoliyati toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etildi.
Maʼlumot uchun: “Kuangda auto parts” MCHJ 1993-yilda Xitoy va Janubiy Koreya hamkorligida faoliyatini boshlagan. Kompaniya asosan ekologik sintetik charm, oʻrindiq qoplamalari, avtomobillarning ichki interyeri uchun nocharm materiallar va sunniy charm, ehtiyot qismlarini ishlab chiqaradi. Avtomobillarga kompozit ishlov berish bilan shugʻullanadi. Sanoat zanjiri integratsiyasining afzalliklariga tayangan holda, kompaniya mijozlarga avtomobil interyeri uchun kombinatsiyalarini taqdim etib kelyapti.
Oʻtgan yildan boshlab kompaniya “UzAuto” bilan hamkorlikda mamlakatimizda yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish ustida ish olib boryapti. Mazkur loyihaga uch bosqichda investitsiya kiritiladi. Dastlab lominant, nocharm materiallar va ehtiyot qismlari ishlab chiqarilishi reja qilingan. Uchinchi bosqichda sunniy charm ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.
Qayd etish kerak, buguni kunda yildan yilga Oʻzbekistonda avtomobilsozlik, charm-poyabzal sohalarida sunniy charmga boʻlgan talab ortib boryapti. Shu bois, “Kuangda auto parts” MCHJ bu yerda sunniy charm ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonani barpo etishni maqsad qilgan.
Uchrashuvda mazkur loyihani amalga oshirishning tashkiliy, huquqiy, moliyaviy jihatlari atroflicha koʻrib chiqildi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.