Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida imtiyozli tavsiyanomalarni olish uchun test sinovlari boshlandi

    Test sinovlarini bajarish va javoblarini belgilash uchun askarlarga 3 soat vaqt ajratilgan

    Bugun, 26-yanvar kuni Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida xizmat qilayotgan muddatli harbiy xizmatchilar tomonidan jangovar va maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik dasturlarining oʻzlashtirganligini yakuniy baholash hamda ularning bilim darajasini tekshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi xodimlari ishtirokida test sinovlari boshlandi.

    Oʻqishga kirishda muddatli harbiy xizmatchilarga imtiyoz beradigan tavsiyanoma uchun tuzilgan mazkur test savollarining umumiy soni 100 ta boʻlib, ularning 40 tasi – jangovar tayyorgarlik, 20 tasi – maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik, 10 tasi – matematika, 10 tasi – fizika, shuningdek, qolgan 20 tasi mantiqiy savollardan iboratdir. Test sinovlarini bajarish va javoblarini belgilash uchun askarlarga 3 soat vaqt ajratilgan.

    Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab, harbiy qismlar qoʻmondonligining tegishli tavsiyanomalariga ega boʻlgan fuqarolar respublikaning oliy harbiy taʼlim muassasalaridagi tegishli taʼlim yoʻnalishlariga oʻqishga kirishda test sinovlari natijalariga koʻra toʻplagan ballarining 50 foizi miqdorida qoʻshimcha ball shaklidagi imtiyozga ega boʻladilar.

    Shuningdek, ular respublikaning oliy taʼlim muassasalari bakalavriatiga oʻqishga kirishi uchun tegishli oʻquv yiliga tasdiqlanadigan oliy taʼlim muassasalariga qabul parametrlaridan tashqari alohida ajratilgan qabul koʻrsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etishadi. Tavsiyanomalar, ular berilgan sanadan boshlab uch yil mobaynida amal qiladi.

    Test sinovlari barcha hududlarda oʻtkazilmoqda.

    Mudofaa vazirligi Axbotot va ommaviy
    kommunikatsiyalar departamenti