Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi tomonidan “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi qonun ijrosi Jizzax va Surxondaryo viloyatlari misolida nazorat-tahlil tartibida oʻrganildi. Mazkur oʻrganish yakunlari qoʻmitaning kengaytirilgan yigʻilishida muhokama qilindi. Unda deputatlar, sohaga masʼul vazirlik va idoralar vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar (METH) tizimini rivojlantirish va ular maydonini xalqaro hujjatlar talablari darajasiga yetkazishning tashkiliy-uquqiy asoslari ishlab chiqildi hamda sohaning moliyaviy manbalari aniqlab berildi. Tizimni tartibga soluvchi qator qonun loyihalari ishlab chiqildi va takomillashtirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 10 ga yaqin farmon va qarorlari hamda Hukumatning maxsus dasturlari qabul qilindi va ular ijrosi bilan 5 ta yangi METHlarga asos solindi.
Mamlakatimizda olib borilgan ushbu yangicha yondashuvlar natijasida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydoni mamlakat umumiy maydonining 8,3 foiziga yetkazildi, vaholanki ushbu koʻrsatkich 2017-yilda 5,2 foizni tashkil etgan edi.
Ishchi guruhi tomonidan oʻrganishlar tahlili shuni koʻrsatadiki, “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi qonunning ijrosini taʼminlash yuzasidan har ikkala viloyatda muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, Jizzax viloyatida “Zomin” va “Nurota” davlat qoʻriqxonalari, “Zomin” milliy tabiat bogʻi, “Arnasoy” davlat buyurtmaxonasi, 5 ta oʻrmon va 2 ta oʻrmon-ov xoʻjaligi, Surxondaryo viloyatida “Surxon” davlat qoʻriqxonasi, 6 ta oʻrmon va 3 ta oʻrmon-ov xoʻjaligi hamda qator suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari, sohil boʻyi mintaqalari va sanitariya muhofazasi zonalari, yer osti suvlari hosil boʻladigan METH mavjud boʻlib, ular turli davlat boshqaruvi organlari tarkibida faoliyat olib bormoqda.
Tadbirda qayd etilganidek, har ikkala viloyatda METHni muhofaza qilish hamda ulardan foydalanish borasida amaldagi qonunchilikka rioya qilingan holda faoliyat olib borilgan. Qoʻriqxonalarda ilmiy ishlar olib borish sifati yaxshilangan, ilmiy ishlar hajmi kengaygan. Hududlardagi METHda olib borilgan monitoring natijalari joylarda noyob hayvonlar soni koʻpaygani va nodir oʻsimlik turlarining maydoni kengayganini koʻrsatmoqda.
Shuningdek, METHda davlat nazorati kuchaytirilgan, davlat inspektorlari soni oshirilgan va ularning moddiy-texnik taʼminoti yaxshilangan. Ushbu faoliyatda jamoatchilik nazoratiga ham eʼtibor qaratilgan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar bilan hamkorlikda qator amaliy tadbirlar olib borilgan. METH ilmiy xodimlari bilan hamkorlikda biologik resurslarini oʻrganish boʻyicha ilmiy-tadqiqot va targʻibot–tashviqot ishlari olib borilgan, METH xodimlariga kadastr faoliyatni yuritishda uslubiy yordam koʻrsatilgan.
Oʻrganish natijalarining tahlili sohada muayyan ishlar amalga oshirilishi bilan birgalikda ayrim kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi, qonun normalarining toʻlaqonli bajarilishi taʼminlanmayotganligi va sohada baʼzi muammolar mavjudligi maʼlum boʻldi. Xususan, METH boshqaruv rejasi davlat byudjetidan moliyalashtirilishi tufayli barcha hududlarning boshqarish rejasi ichki imkoniyatlardan kelib chiqqan mablagʻlar doirasida ishlab chiqilgan. Biroq, mazkur boshqaruv rejalarning barchasi ham Nizomga asosan davlat ekologik ekspertizasidan belgilangan tartibda oʻtkazilmagan.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar hamda biologik resurslar davlat kadastrini oʻtkazish uchun byudjet mablagʻlari ajratilmagan, ichki imkoniyatlardan foydalanilgan holda kadastr yuritish boʻyicha bir qator ishlar bajarilgan boʻlsa-da, ammo zamonaviy axborot texnologiyalaridan (GPS, xaritalar, rasmlar va boshqa.) foydalanilmagan. Bu oʻz navbatida, hayvon va oʻsimlik populyatsiyalarining tarqalish joylari, biomassasi, zichligi va shu kabi boshqa materiallar kadastrning yana-da toʻlaqonliligini taʼminlagan va amaliyotda undan foydalanish imkonini oshirgan boʻlar edi.
Tadbirda oʻrganilgan METHda mavjud muammolar va ularni hal etish boʻyicha takliflar keng muhokamalarga sabab boʻldi. Jumladan, bugungi kunda Aydar-Arnasoy koʻllar tizimiga soʻnggi 5 yildan boʻyon Sirdaryodan suv tashlanmayotganligi, qurgʻoqchilik yillarda kollektorlardan tashlanadigan suv hajmining kamayishi sababli koʻllar tizimida suv hajmi kamayishi kuzatilmoqda. Shuningdek, qirgʻoq boʻyida ayrim fuqarolar tomonidan noqonuniy faoliyat yuritish holatlari (noqonuniy qurilishlar, sunʼiy koʻllar barpo etish, chorva mollarini oʻtlatish) ham uchrab turibdi. Bu oʻz navbatida, hududning ekologik barqarorligiga, xususan koʻllar tizimining bir qismida joylashgan “Arnasoy” davlat ornitologik buyurtmaxonasi biologik resurslariga xavf solayotganligi taʼkidlab oʻtildi.