Muqobili yoʻq manba. Uni na boylik, na kashfiyot bilan yaratib boʻladi

    Odatda biror mavzu katta muammoga aylanib, ayanchli oqibatlari hayotimizda aks eta boshlagandan soʻnggina uning oldini olishga kirishamiz. Vaholanki, uning kelajak holati belgilari allaqachon koʻrina boshlagan boʻladi.

    Dunyo uchun umumiy dolzarb muammolardan biri suv taʼminoti va tanqisligidir. Bugun bu dolzarb muammogina emas, chegara bilmas, tom maʼnoda hayot-mamot masalasiga aylanganiga guvoh boʻlib turibmiz. Shu bois, nafaqat mahalliy, koʻpgina xalqaro anjumanlarda ham bu mavzu chetda qolmayapti, aksincha, muntazam bong urilmasa boʻlmaydigan mavzuga aylangan.

    Oʻtgan yil 20-noyabrda davlatimiz rahbari 2025-yilning “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili deb nomlanishiga alohida izoh bergan edi. Tabiiyki, mazkur izoh mohiyati tabiatni va uning tirikligi manbai boʻlgan suvni asrab-avaylashga ham borib taqaladi.

    Joriy yil aprel oyida Prezidentimiz Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan iqlim forumidagi maʼruzasida ham mavzuga alohida urgʻu berdi: “Biz allaqachon insoniyatning eng yirik fojialaridan biri — Orol dengizi qurishi oqibatlarini boshdan kechirmoqdamiz. Biz suv resurslarini ­tejash maqsadida irrigatsiya tizimlarini betonlashtiryapmiz. Suvni tejaydigan texnologiyalarni ishlab chiqarish boʻyicha sanoat bazasini yaratdik, sugʻoriladigan yerlarning deyarli yarmida ana shunday texnologiyalarni joriy etdik (bu salkam ikki million gektar yer maydoni demakdir). Bunday chora-tadbirlar natijasida oʻtgan yili 8 milliard metr kub suvni tejashga muvaffaq boʻldik”.

    Tadqiqotchilar suv tanqisligi kuchaya­yotganini, bir tomondan, aholi soni yil sayin oshib borayotgani, iqlim oʻzgarishi va sugʻorish tizimi eskirgani bilan bogʻlashadi. Infratuzilmani yaxshilash va suv tejovchi texnologiyalarni tatbiq etish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, hanuz suv taʼminoti barcha soha, ayniqsa, qishloq xoʻjaligida va qator shaharlarimizda jiddiy muammoligicha qolayotir.

    Xususan, joriy yil 10-12-iyun kunlari oʻtkazilgan IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham mazkur masala alohida muhokamaga sabab boʻldi. Zero, qurgʻoqchilik, suv tanqisligi muammolarini hal etish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish doimiy inves­titsiyalarni talab qiladi.

    Markaziy Osiyoning 5 davlatidan taklif etilgan mutaxassislar yigʻilishida mintaqaning bu boradagi holati, muammolari muhokama qilindi. Suv resurslari yetishmasligi mintaqaning asosiy muammolaridan biri boʻlgani sabab hamjihatlikda maslahatlashuv orqali ushbu beshta davlatning tahlil va kelgusi rejalari uygʻun boʻlishi juda muhimdir.

    Ekspertlarning fikr va mulohazalari mintaqa davlatlarining navbatdagi maslahat uchrashuviga tavsiya sifatida qabul qilinishi taʼkidlab oʻtildi. Unda transport, sanoat kooperatsiyasi va ijtimoiy rivojlanish bilan birga, suv muammosi boʻyicha tashabbuslar soʻraldi. OAVda ular mintaqadagi infratuzilma sobiq shoʻro davrida yaratilgani va u butunlay eskirib yangisini yaratish talab qilinayotgani, hatto kelajakda suv neftdan ham qimmat boʻlishi mumkinligi haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi.

    Orol dengizining qurishi, ayniqsa, mintaqa davlatlari atmosferasi, ekologiyasi uchun oʻta xatarli boʻlib boryapti. Iqlim oʻzgarishining kuchayishi oqibatida 2050-yilga borib, muzliklar yanada tez eriy boshlaydi hamda suv loyihalarini amalga oshirishga xalaqit qiladi. Demografik jihatdan esa Markaziy Osiyo aholisi 100 millionga yaqinlashishi, yaʼni suvga ehtiyoj yanada oshishi tabiiy hol.

    Markaziy Osiyo aholisining suvga ehtiyo­ji transchegaraviy boʻlgan Amudaryo va Sirdaryo hisobiga qondiriladi. Bugungi kunga kelib iqlim oʻzgarishi, global harorat oshishi tufayli ushbu daryolarni suv bilan taʼminlayotgan muzliklar zaxirasi kama­yib borayotgani mutaxassislar tomonidan qayd etilgan. Shuningdek, iqlim oʻzgarishi tufayli mintaqamizda yoz fasli choʻzilishi, 2030-yilga borib esa ekinlarni sugʻorish 5 foiz, taxminan 2050-yilda 7-10 foiz oshishi xulosa qilingan. Buning ustiga, suv resurslarining eng katta qismi — 80 foizdan koʻprogʻidan qishloq xoʻjaligida ­foydalanilishini inobatga olsak, muammo yechimi yanada qiyinlashishini anglash qiyin emas. Bir-biriga zanjir kabi bogʻlanib ketgan masalalarni hal etish jarayonida iqlim oʻzgarishi sharoitida katta miqdorda suv talab etadigan paxta va sholi kabi ekin turlari maydonlarini kamaytirib, nisbatan kam sugʻoriladigan turlari bilan almashtirish kabi tavsiyalar ham berildi.

    Ochigʻi, bu muammolar Yer yuzining issiq oʻlkalaridagina emas, Yevropada ham yil sa­yin kuchaymoqda. Ichimlik suv tanqislashayotgan, qurgʻoqchilik, yer degradatsiyasi, oziq-ovqat xavfsizligi kabi qatorlashib ketgan muammolarning barchasini dunyo mamlakatlari yakka holda hal qilib boʻlmasligini anglab yetdi.

    * * *

    Birinchi galda, aholining suvdan foydalanishga munosabati, qarashlari va ­xatti-harakati muhim oʻrin tutadi. Zero, suv resurslaridan asosiy foydalanuvchilar ham, masʼullar ham aholining oʻzi.

    Xususan, Oʻzbekiston media tadqiqotlari va taʼlim ishlanmalari markazi (Mediadatalab) bir yarim mingdan ortiq yosh oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazgan. Tadqiqot xulosalariga koʻra, ularda suv va suv resurs­lariga ongli, ehtiyotkorona munosabat toʻliq shakllanmagan. Aytaylik, ularda suvni asrash va bu borada yoʻqotishlar bilan bogʻliq muammolar koʻlami borasida tasavvur yoʻq. Jumladan, soʻrovnoma ishtirokchilarining muayyan qismi bu masala borasida umuman oʻylab ham koʻrmagan. Bu esa ­koʻpchilik yoshlarda suvni asrash, muhofaza qilish borasidagi qarashlari mustahkam emas degan xulosani qaysidir maʼnoda tasdiqlaydi.

    “Muammo borasida targʻibot-tashviqot qilishda yoshlarga yoʻnaltirilgan axborot kanallaridan foydalanish, zamonaviy texnologiyalar va onlayn platformalardan foydalangan holda yurtimizda suvni sababsiz, samarasiz ishlatish oqibatida isrofgarchilikka yoʻl qoʻyilayotganini aniq dalil va faktlar bilan koʻrsatish muhim ahamiyatga ega”, deyiladi tadqiqotda.

    Har qanday muammoni hal etish, inson tafakkurini charxlashda targʻibot-tashviqot eng katta kuchga aylangan. OAV, xususan, televideniyeda ushbu mavzuga oid ijtimoiy reklamalar, koʻrsatuv yoki taʼsirchan tanqidiy-tahliliy lavhalar juda kam. Ijtimoiy tarmoqlarda esa umuman yoʻq, desa ham boʻladi. Ularda, eng avvalo, nom chiqarib, mashhur boʻlishga intilayotgan katta-kichik sanʼat vakillariyu boshqa faol ishtirokchilar nega ekologiya, atrof-muhit yoki maʼnaviyat muammolari haqida lavhalar tayyorlash oʻrniga oʻzlari hajviy deb baholaydigan, aslidan bemalol bachkana, behayo gap-soʻzlar toʻplamidan iborat lavhalar joylash bilan ovora.

    Toma-toma koʻl boʻlur

    Yaʼni muhofaza qilinsa, toma-toma koʻl boʻladi, asrab-avaylanmasa, hatto koʻl, daryolar ham yoʻq boʻlib ketishini hayotimizda koʻrib turibmiz. Tabiiyki, bu holatda, birinchi galda, Orol fojiasi esga tushadi. Yoki bundan bir necha yil avval Sardoba suv ombori toʻgʻoni yorilishini olaylik. Bu suv ombori Sirdaryo va Jizzax viloyatlari ekin maydonlarida foydalanishga moʻljallangan. Yoʻq, biz bu voqealarni hijjalab tahlil qilmoqchi emasmiz. Faqat bu kabi fojialarga ham insonning oʻzi aybdor boʻlayotganiga urgʻu qaratyapmiz. 922 million kubmetr suv sigʻimiga ega oʻsha gidrotexnika inshooti fojiasi oqibatida undagi mavjud suvning 35 foizi yoʻqotilgan. Bunday katta yoʻqotishlar qatoriga maishiy hayotimizda, aniqrogʻi, xonadonlarda ichimlik suvdan foydalanishda, shaharlarda daraxtlar, yashil maydonlarni sugʻorishda qancha isrofgarchilikka yoʻl qoʻyilayotganini qoʻshsak, uning koʻlamini tasavvur qilish qiyin emas.

    Toza ichimlik suv cheklangan resurs boʻlib, eng qimmat ijtimoiy xarajatlar toifasiga mansub. Bu butun dunyo ­mamlakatlarida tan olingan dalil. Shu sabab, birinchi galda, suv­ni tejab ishlatish butun davlat miqyosida boʻlishi talab etilmoqda. Bu holat nimaiki koʻp va arzon boʻlsa, hech mahal qadr top­maydi degan xalqona iborani yodga soladi.

    Tiriklik manbai boʻlgan suv zaxiralari kamayib borayotganini endilikda matbuot, tadqiqotlar xulosalaridangina oʻqib tasavvur qilmayapmiz. Buni, ayniqsa, hozirgi yoz chillasida oʻz tanamizda his etib, kundalik hayotimizda yaqqol koʻrib turibmiz. Respublikamizning koʻplab hududlarida quvurlarda suv ilgaridek toʻlib oqmayotgani, bolaligimizda koʻrgan anhoru ariqlar, soylarning qanchasi qurib qolayotgani ham bor gap. Yer osti chuchuk suvlari sathi ham tobora pasayib ketayotganini tasdiqlaydi mutaxassislar. Umuman olganda, suv yetishmasligi qishloq xoʻjaligi, sanoat va deyarli barcha sohalarda yangi muammolarni keltirib chiqaraveradi.

    Har qanday ezgu, xayrli ish katta avlod vakillarining maslahati, yoʻl-yoʻrigʻi va ibratli ishlari bilan boshlansa, xayrli boʻladi, deyishgan ajdodlarimiz. Obihayot moʻl zamonlardayoq ajdodlarimiz uni asrab-avaylash borasida oʻgitlar, oʻlmas qad­riyatlar yaratib ketgan. Shu maʼnoda, bugungi katta avlod vakillarining bu borada ham yoshlarga ustoz, murabbiy, ibrat boʻlish­lari talab etilayotir. Zero, muqobili yoʻq manba — suvni na boylik, na kashfiyot bilan yaratib boʻladi.

    Rustam BOYTOʻRA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri