Murakkab inshootning beminnat xizmati

    Ayni paytda uch million kishi istiqomat qilayotgan poytaxtimizda aholi soni har yili 100 ming nafarga ortib bormoqda.

    Toshkentga bir kunda 1,4 million kishi kelib-ketadi. Shunga mos ravishda ular foydalanadigan avtomobillar, xizmat koʻrsatayotgan transportlar soni ham koʻpaymoqda.

    Shu bois, bugungi kunda nainki poytaxtimizda, balki unga tutash hududlarda yoʻl-transport inshootlarini qurish dolzarb vazifaga aylangan. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad aholining uzogʻini yaqin qilish hamda tirbandlikning oldini olishdir. Bu ishlarga “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “Koʻprikqurilish tresti” unitar korxonasi jamoasi ham munosib hissa qoʻshmoqda. Xususan, trestning “13-koʻprikqurilish otryadi” jamoasi tomonidan Zangiota tumanidagi Nazarbek shaharchasi hududidan oʻtgan temir yoʻl va avtomobil yoʻllari kesishmasida barpo etilayotgan zamonaviy yoʻl oʻtkazgich foydalanishga topshirilgach, minglab yurtdoshlarimizga katta qulaylik yaratiladi, ularning qimmatli vaqti tejaladi. Ushbu koʻchada transport vositalarining oʻtkazuvchanligi ham keskin oshadi.

    Soʻnggi yillarda Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi Nazarbek shaharchasida ham aholi soni sezilarli darajada ortdi. Bugungi kunda uning hududidagi toʻqqizta mahallada 33 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Shaharchada va Zangiota tumanida yashovchi aholi, qoʻshni qozogʻistonlik qardoshlar Toshkent shahriga asosan 4R253 avtomobil yoʻli orqali borib kelishadi. Transport sonining ortishi, ayniqsa, ushbu hududdan oʻtuvchi temiryoʻl va avtomobil yoʻli kesishmasining vaqti-vaqti bilan yopilib turishi va uzundan uzoq tirbandliklar kelib chiqishi sababli poytaxtimiz hamda unga tutash manzilga qatnov tobora qiyinlashib bormoqda.

    Buning birinchi sababi – poyezdlarning kundalik harakati, teplovozlarning manyovrlari tufayli “Nazarbek” temir yoʻl stansiyasi hududidan oʻtgan avtomobil yoʻli muayyan muddatga yopib qoʻyilishi hisoblanadi. Bunday holatlarning ertalab va kechqurunga toʻgʻri kelishi sababli Toshkent shahriga borayotgan va undan qaytayotgan aholi avtotransportlaridan iborat katta tirbandlik hosil boʻladi.

    Ushbu hududda yashovchi yurtdoshlarimizdan tushgan koʻplab murojaatlar inobatga olingan holda, Prezidentimizning 2020-yil 28-dekabrdagi “2021–2023-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori va Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-apreldagi farmoyishiga asosan, “4R253 “Toshkent shahri — Turkiston sh/x — Qozogʻiston Respublikasi chegarasi” avtomobil yoʻlining 3 kilometridagi temir yoʻl ustidan yoʻl oʻtkazgich qurish” loyihasi ishlab chiqildi. Unga koʻra, “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi” davlat unitar korxonasi buyurtmachi sifatida belgilandi. Loyiha esa “Yoʻl – loyiha byurosi” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan tayyorlandi. Bosh pudratchi etib “Koʻprikqurilish tresti” unitar korxonasi tarkibidagi 13-koʻprikqurilish otryadi tanlandi.

    Mazkur loyiha ancha murakkab yechimga ega. Unga binoan, eng avvalo, temir yoʻl va avtomobil yoʻli kesishmasida umumiy uzunligi 398 metr, kengligi 22 metr, koʻprik osti balandligi 7 metr boʻlgan tonnel shaklidagi yoʻl oʻtkazgich, uning ustidan esa uzunligi 21,8 metr, kengligi 18,5 metrli uch izli temir yoʻl koʻprigini qurish, ular kesishmasida yana uzunligi 28 metr, eni 12,5 metrdan iborat avtomobil yoʻli oʻtkazgichini barpo etish rejalashtirilgan edi. Buning uchun inshootga tutash boʻlgan 23 ta uy-joy, tadbirkorlik subyekti binolarini koʻchirish zarur edi.

    — Dastavval tajribali mutaxassislarimiz bilan loyihaning har bir jihatini puxta oʻrganib, zamonaviy texnikalarda tuproq ishlarini bajardik, — deydi “13-koʻprikqurilish otryadi” mutaxassisi Bekzod Sheraliyev. — Shundan soʻng mustahkam temir-beton poydevorlar bosqichma-bosqich tayyorlandi va loyiha boʻyicha yotqizildi. Uzunligi 21,80 metrlik ikki yoʻlakli temir yoʻl koʻprigi qurib bitkazilishi bilan poyezdlar harakati yoʻlga qoʻyildi. Eʼtiborlisi, zarurat tugʻilganda, 3-temir yoʻl yoʻlagini qurish uchun ham muhandislik sharoitlari yaratildi.

    Bundan tashqari, yer osti, yaʼni, avtomobillar harakatlanadigan qismida noqulay ob-havo sharoitida, xususan, meʼyoridan ortiq yomgʻirli kunlarda suv toʻplanib, transport vositalari harakatlanishini qiyinlashtiradigan holatlar sodir boʻlishining oldini olish maqsadida suvni chiqarib tashlovchi nasos stansiyasi qurildi. Yomgʻir suvi yoʻl ostiga oʻrnatilgan 28 tonnalik maxsus zaxirada yigʻiladi va ular nasoslar yordamida chiqarib tashlanadi.

    Toʻgʻri, aholi yashash joylari va tadbirkorlik subyektlari binolari, qurilish hududidan oʻtgan kommunikatsiya tarmoqlarini koʻchirish ancha vaqt talab qildi. Bu masalalar Toshkent viloyati hokimligining yaqindan koʻrsatgan amaliy yordami va geodezist mutaxassislar bilan hamkorlikda hal etildi.

    Loyiha doirasida obyektda jami 7,6 ming kubometr beton, 104 ming kubometr tuproq va 3,4 ming tonna asfalt yotqizish ishlari olib borildi. Avtomobil va temir yoʻl oʻtkazgichlarida 42 ta temir-beton oraliq qurilma, tonnel shaklidagi yoʻl oʻtkazgichda 521 ta tirgak devor montaj qilindi, 90 ta yoritish ustuni hamda 648 metr himoya toʻsiqlari oʻrnatildi.

    Endilikda inshootni qurish davrida mahalliy aholining aylanma yoʻllar orqali yurishi, vaqt va mablagʻ yoʻqotishlariga sabab boʻlgan qiyinchiliklar ham ortda qolyapti. Uning foydalanishga topshirilishi mahalliy aholi va ushbu yoʻldan oʻtib qaytayotganlarning qimmatli vaqtini tejash, avtomobillar tirbandligining oldini olishi barobarida, atrof-muhit ekologiyasi yaxshilanishiga ham xizmat qiladi. Hisob-kitoblarga qaraganda, bir kecha-kunduzda oʻrtacha 10 mingta avtotransport vositasining uzluksiz qatnovi taʼminlanadi.

    Rustam HAYDAROV,

    jurnalist