О‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, “Yoshlarga oid davlat siyosati tо‘g‘risida”gi Qonun, О‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari va qarorlari, Hukumat qarorlari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlari, 2030-yilgacha mо‘ljallangan “Yoshlar strategiyasi”, Yoshlar manfaatlari bо‘yicha butunjahon harakatlar dasturi, О‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2023-yil 11-aprel kuni “Yoshlar siyosati sohasidagi ishlar natijadorligini oshirish hamda ular bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari” yuzasidan о‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar bajarilishi nuqtai nazaridan ushbu masalani tadqiq qilish dolzarb hisoblanadi. Bugungi kunda yoshlar bilan bog‘liq dolzarb masalalarni hal etish bо‘yicha olib borilayotgan keng kо‘lamli ishlar bilan bir qatorda, sohada yechimini kutayotgan muammoli masalalar ham saqlanib qolayotganligini kо‘rsatmoqda.

Xususan, aksariyat yoshlarda dunyoda yuz berayotgan murakkab geosiyosiy va mafkuraviy jarayonlarning mazmun-mohiyatini anglash darajasining yetishmasligi, bu borada mamlakatimiz ma’naviyatiga mos bо‘lgan fikrlar xilma-xilligi holatida yagona yondashuv, tushuncha va tasavvurlarning yetarlicha shakllanmagani terrorizm, diniy ekstremizm, aqidaparastlik, mutaasiblik, separatizm, odam savdosi, “ommaviy madaniyat”, narkobiznes kabi turli xavf va tahdidlarga qarshi kurashish dolzarblashib bormoqda. Yoshlar о‘rtasida uchrayotgan bu kabi salbiy holatlarni oldini olish, huquqbuzarlik va jinoyatchilikni keskin kamaytirishga qaratilgan profilaktik ishlar natijadorligini oshirish; mamlakatimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda yoshlarning faolligini oshirish, ularda islohotlarga dahldorlik tuyg‘usini shakllantirish muhim sanaladi.

O‘zbekiston Respublikasi uchun yoshlar masalasi ichki va tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlardan birini tashkil etadi. Yurtimizdagi yaratuvchanlik, bunyodkorlik, xalqimiz uchun barcha sharoitlarni tubdan yaxshilash maqsadida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamdagi ishlar va ularning samarali natijalariga qaramasdan, yoshlar, ayniqsa, uyushmagan yoshlar o‘rtasida loqaydlik, jinoyatchilik, eng yomoni, o‘z yurtini tashlab, baxtini boshqa yurtlardan izlab ketish kabi holatlar ko‘plab uchramoqda. Bu narsa bizni ogohlikka, hushyorlikka chaqirishi, yoshlar masalasida hammamiz birgalikda bosh qotirib, yechimini tezroq topishimizni talab etmoqda. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 26-dekabrdagi Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida “Bu yil 14 mingdan ziyod giyohvandlik jinoyati qayd qilingan. Ularning 3 mingga yaqinini yoshlar sodir etgani barchamizni jiddiy oʻylantirishi kerak”, deya alohida ta’kidlab o‘tdi.

Hozirgi kunda O‘zbekiston aholisining 64 foizini o‘ttiz yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etib, mustaqillik yillarida bu qatlamning salmog‘i 4 foizga ko‘paydi. Markaziy Osiyodek geostrategik jihatdan murakkab bo‘lgan mintaqada O‘zbekistonning eng ko‘p aholi soni bilan bolalar va yoshlar foizi katta mamlakat bo‘lgani kelajak uchun siyosiy hamda demografik nuqtai nazardan muhim vazifalarni belgilab olishni taqozo etadi.

Bugun “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida qabul qilingan davlat dasturlari asosida tub islohotlarni amalga oshirayotgan O‘zbekiston uchun ham yoshlar muammolarini hal qilish hayot-mamot masalasiga aylanib bormoqda. Shu nuqtai nazardan yoshlarning davlat va jamiyat rivojining darajasini belgilaydigan, ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishga ijobiy yoki salbiy ta’sir ko‘rsatadigan, strategik ahamiyatga ega muhim, ajralmas tarkibiy qismi sanalmish “uyushmagan yoshlar” masalasini ilmiy-nazariy jihatdan tahlil va tadqiq etish dolzarb sanaladi.

Voyaga yetmaganlar va ijtimoiy xavf guruhiga kiruvchi yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha davlat va nodavlat subyektlar faoliyatini takomillashtirish xorijiy huquqni muhofaza qilish organlari tajribasini o‘rganishni nazarda tutadi. Amaliyot shuni ko'rsatadiki, ko'plab davlatlar voyaga etmaganlar bilan profilaktika ishlarining turli shakllari va usullaridan juda samarali foydalanadilar.

Xorijda voyaga etmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan funktsional jihatdan ixtisoslashtirilgan sub’ektlar faoliyati amaliyotini tahlil qilish ushbu ishning uchta asosiy yo‘nalishini aniqlash imkonini beradi: birinchi yo‘nalish – voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi adliya organlari faoliyatining huquqiy asoslarini yaratish, yangi ijtimoiy texnologiyalarni, ijtimoiy-huquqiy tuzilmalarni va nodavlat tuzilmalarni joriy etish zarurligini ko‘rsatdi, hamda, G‘arbning ko’p sonli davlatlarida ushbu tajriba ancha vaqt oldin joriy qilingan va ko’p yillar davomida mavjud bo’lgan, vaqt davomida nafaqat hayotiyligini, balki mutlaq zarurligini ham isbotladi; ikkinchi yo‘nalish voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish tizimida asosiy tashkiliy va muvofiqlashtiruvchi rol o‘ynaydigan, voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi adliyaning o‘zagi bo‘lgan ixtisoslashtirilgan sudlarni tashkil etish bilan bog‘liq; uchinchi yo’nalish – maxsus profilaktika sub’ektlarini, shu jumladan politsiya organlari tuzilmasini shakllantirish va ularga gumanistik funktsiyalarni yuklashdan iboratdir.

O‘zbekiston sharoitida ijtimoiy xavf guruhiga kiruvchi yoshlar bilan ishlashda hududlarga xizmat safarlari uyushtirish, joylarda ma’naviy-axloqiy jihatdan muammosi bor, notinch oila farzandlari, jinoyatchilikka moyil bо‘lgan yoki profilaktik rо‘yxatda turadigan yoshlar bilan bevosita uchrashish, safarlar davomida ma’rifiy  tadbirlar о‘tkazish, sо‘rovnomalar olish, orqali qo‘lga kiritilgan natijalarni tahlil qilish, tadqiqot natijalari asosida uslubiy kо‘rsatmalar tayyorlash maqsadga muvofiqdir.

Ushbu amalga oshiriladigan tadbirlar yoshlarning mentalitetimizga qarshi turli xil yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishini oldini olishga qaratilgan tizimli targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish, tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, turli xavf-xatarlarga qarshi kurashishda yoshlar ishtirokini kuchaytirish, ma’naviy-axloqiy jihatdan muammosi bor, notinch oila farzandlari, jinoyatchilikka moyil yoki profilaktik rо‘yxatda turadigan yoshlar bilan individual tarzda ish olib borish tizimi takomillashtirilishiga hissa qо‘shiladi. Uyushmagan va tarbiyasida muammo bо‘lgan yoshlar muammolari yechilishiga qaratilgan chora-tadbirlar ularning kelajakka va о‘ziga ishonchi ortishiga xizmat qiladi. Sо‘rovnomalar orqali hududlarda yoshlar orasida mavjud bо‘lgan dolzarb muammolar aniqlanadi va tahlil qilinadi. Muammosi bor yoshlar tarbiyasi “Vatan taraqqiyotiga xizmat qilish va sodiq bо‘lish” g‘oyasi singdirilishiga kо‘maklashiladi. Ular о‘rtasida shaxsiy va milliy manfaatlarni uyg‘un tutishga doir keng kо‘lamli tarbiyaviy yondoshuvga yо‘naltiriladi. Shu bilan birga, yuksak axloqiy fazilatlarga ega, yurt sha’ni, or-nomusi uchun kurasha olishga qodir, ma’naviy immuniteti mustahkam,  mehnatsevar, e’tiqodi kuchli shaxs shakllanishiga xizmat qiladi.

Shayakubov Shomansur,
TDYU dotsenti