“Tadbirkor boy bo'lsa, xalq ham, davlat ham boy bo'ladi”. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan bu tashabbus bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim yo'nalishiga aylandi. Yurtimizda iqtisodiyotni erkinlashtirish, ishbilarmonlik haraatiga keng yo'l ochish, tadbirkorlik faoliyatiga to'siq bo'layotgan muammolarni bartaraf etish bo'yicha muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yilda Oliy Majlisga yo'llagan murojaatnomasida bu masalalar yana bir karra tahlil etilib, tadbirkorlarni ko'p qiynaydigan soha – litsenziyalash va ruxsatnomalar berish tartib-tamoyillarini tubdan qayta ko'rib chiqib, ularning sonini kamida ikki barobar qisqartirish bo'yicha aniq vazifalar belgilab berilgan edi.

Yakunlanayotgan yil mobaynida bu vazifalarni ijro etish bo'yicha tizimli ishlar olib borildi.  Bu jarayonda, avvalo, qonunchilikdagi bo'shliqlarni bartaraf etish, tadbirkorlik faoliyati rivojiga keng imkoniyat yaratadigan huquqiy asoslarni yaratish choralari ko'rildi.

Prezidentimizning 2020 yil 24 avgustda qabul qilingan “Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomilashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni bu yo'nalishdagi dolzarb muammolarning echimi yo'lida muhim qadam bo'ldi. Mazkur farmonga asosan litsenziyalanadigan va ruxsatnoma olish talab etiladigan faoliyat yo'nalishlari soni sezilarli ravishda qisqartirildi. Jumladan, qariyb 70 ta litsenziyalanadigan faoliyat yo'nalishlari va 34 ta ruxsatnomalarni bekor qilish yoki muqobil shakllarga o'tkazish nazarda tutildi. Inson sog'lig'iga va jamiyatga ziyon etkazmaydigan faoliyat turlarini litsenziyalashdan chiqarib tashlash hamda xavflilik darajasi past bo'lgan faoliyatni tartibga solishning muqobil usullariga o'tkazildi. Bunda “tartibga solish gil`otinasi” usulini qo'llash orqali ayrim turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi. Litsenziya va ruxsat berish xarakteridagi hujjatlarni qisqartirish natijasida tadbirkorlik sub'ektlarining yiliga qariyb 40 milliard so'm mablag'lari iqtisod qilinib, o'z ixtiyorida qoldiriladi.

Sohaga ilk marotaba xabardor qilish tartibi alohida institut sifatida joriy etildi. Natijada 14 ta litsenziyalanadigan faoliyat yo'nalishlari va 13 turdagi ruxsatnomalar xabardor qilish mexanizmiga o'tkazildi. Masalan, endilikda maktabgacha ta'lim, lombard, veterinariya davolash, alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish kabi faoliyatlarni vakolatli organlarni xabardor qilish orqali boshlash mumkin bo'ladi. Xabarnoma yuborishda jismoniy hamda yuridik shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan talab va shartlarga rioya etish majburiyatini o'z zimmasiga oladi va faoliyati belgilangan talablarga muvofiq kelishini o'zi tasdiqlaydi.

Xabardor qilish tartibini yagona standart asosida amaliyotga joriy etish maqsadida ushbu sohani tartibga soluvchi yagona nizom ishlab chiqildi va hukumatga kiritildi. Bu orqali barcha vakolatli organlarning huquqni qo'llash amaliyotini bir xilligi ta'minlanadi.

Shu bilan bir qatorda,  saqlab qolinayotgan litsenziya va ruxsatnomalar ham tovar va xizmatlar bozoriga kirib kelishga to'siq bo'luvchi omillarni qisqartirish nuqtai nazaridan qayta ko'rib chiqildi. Jumladan, 115 ta litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilandi hamda 14 turdagi faoliyat bo'yicha hujjatlarni rasmiylashtirish muddatlari qisqartirildi.

Masalan, kredit byurosini ochish uchun litsenziya olishda kamida 10 ta tijorat banki bilan kredit almashinuvini amalga oshirishga roziligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etish talab bekor qilindi. Ayrim faoliyat turlari uchun ustav fondi miqdoriga qo'yiladigan minimal talablar olib tashlandi hamda turoperatorlar xizmatlarini sertifikatlashtirish ixtiyoriy etib belgilandi. Shuningdek, davlat unitar korxonalari tomonidan faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini tegishli litsenziyani olmasdan amalga oshirish huquqi bekor bo'ldi.

Kelgusida bu boradagi ishlar izchil davom ettirilib litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish jarayonlari to'liq elektronlashtiriladi. Buning uchun “litsenziya” axborot tizimi ishlab chiqilib barcha litsenziya, ruxsatnoma va xabarnomalarni yagona portal orqali hujjat topshirish, ko'rib chiqish va uni berish amaliyoti yo'lga qo'yiladi. Vakolatli organlarga murojaat qilish, hujjatlarni topshirish faqat elektron amalga oshirilishi belgilanyapti. Tadbirkordan ortiqcha hujjatlarni talab etishga  chek qo'yiladi. Litsenziya berish uchun boshqa organning ma'lumotnomasi yoki boshqa hujjati kerak bo'lsa tadbirkor ishtirokisiz vakolatli organning o'zi yagona tizim orqali oladi.

Yana bir muhim yangilik, litsenziya va ruxsatnomalarni maxsus qog'oz blankalarda rasmiylashtirish amaliyotidan voz kechib, QR-kod qo'yilgan elektron hujjatlar taqdim etishga to'liq o'tiladigan bo'ldi. Bu chora-tadbirlar ma'muriy tartib-taomillarni amalga oshirishdagi korruptsiya holatlarining oldini olish degani.

Tadbirkorlarning Toshkent shahriga kelib-ketishi bilan bog'liq vaqt va moliyaviy xarajatlari iqtisod qilinadi. Davlatning maxsus blankalarni olishga bir yilda yo'naltiradigan 13 miliard so'mdan ortiq mablag'i tejaladi, qog'oz sarfi kamayadi.

Ma'lumot o'rnida aytmoqchimanki, hozirda “Litsenziya” axborot tizimini ishlab chiqish ishlari yakuniy bosqichga keldi va 2021 yil 1 yanvardan ishga tushiriladi. Tizim orqali, avvalo, biz uchun yangi institut bo'lgan xabardor qilish tartib-taomillaridan o'tish jarayonlari to'liq elektronlashtirilmoqda.  Ruxsat berish tartib-taomillariga doir munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikni tizimlashtirish, kodifikatsiyalash va normativ yukini qisqartirish choralari ko'rilmoqda.

Bunda 20 yil avval qabul qilingan “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to'g'risida”gi, shuningdek “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to'g'risida”gi qonunlarni birlashtirish orqali yagona qonun loyihasi ishlab chiqildi va Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.

SHuningdek, litsenziya, ruxsatnoma va xabardor qilish tartiblarining pasportlari joriy qilinmoqda. Pasportlarni ishlab chiqish natijasida tadbirkor katta hajmli nizomlar bilan tanishib o'tirishga zarurati qolmaydi. Faoliyatni amalga oshirish uchun asosiy ma'lumot va talablar bitta hujjat – pasportlarda aks ettiriladi. Xususan, xabardor qilish tartiblarining pasportlari ishlab chiqilgan bo'lib, litsenziya va ruxsatnomalarning pasportlarini tayyorlash ishlari deyarli yakunlanib qoldi. Ta'kidlash lozimki, bu chora-tadbirlar litsenziyalash va ruxsat berish tizimi islohotini bir martalik emas, balki davomli va natijali bo'lishi  uchun zamin yaratmoqda.

Xulosa qilib aytganda, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar ushbu tizimda shaffoflikni ta'minlash, ma'muriy tartib-taomillarni birxillashtirish,  ushbu munosabatlarda korruptsiyaning oldini olish, eng muhimi, jamiyatda tadbirkorlik muhitini kuchaytirish orqali iqtisodiy-ijtimoiy farovonlikka erishishning muhim omili bo'ladi.

Ruslanbek DAVLETOV,

O'zbekiston Respublikasi adliya vaziri