Ushbu Murojaatnoma nafaqat parlament, balki bevosita butun xalqqa va xalqaro hamjamiyatga ham yoʻnaltirilgani alohida ahamiyat kasb etdi. Oʻzbekiston taraqqiyotida “tarixiy burilish nuqtasi” boʻlgan, mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan ezgu gʻoya asosida nishonlanayotgan 2021-yil — “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qilindi.

Parlament vakili sifatida deputatlarimiz oldida turgan va tom maʼnoda tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan ushbu Murojaatnomada belgilangan quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratish lozim, deb bilaman.

Murojaatnomada bundan 4 yil oldin qabul qilingan, jamiyat va davlatni barqaror rivoj­lantirish boʻyicha ustuvor dasturiy hujjat boʻlgan Harakatlar strategiyasi doirasida boshlangan, mamlakatimiz ravnaqini sifat jihatdan mutlaqo yangi bosqichga koʻtarish va Yangi Oʻzbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessansga mustahkam asos yaratishga qaratilgan tub demokratik islohotlar holati va istiqbollari, maqsad va vazifalari chuqur tahlil qilib berildi.

Yana bir bor demokratik islohotlar yoʻli — yakkayu yagona va eng toʻgʻri yoʻl ekanligi, ularning markazi, negizida aynan inson, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, odamlarni hayotdan rozi qilish, erkin va farovon yashashini taʼminlash turganligi aniq misollarda koʻrsatib oʻtildi. Oʻtgan davrda amalga oshirilgan, bir-birini toʻldiruvchi va biri ikkinchisining mantiqiy davomi boʻlgan:

• “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”,

• “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoya­lar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”,

• “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”,

• “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturlari,

• ishlab chiqiladigan navbatdagi “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturi ham aynan ana shu maqsadlarga qaratilgan.

Pandemiya: inson manfaatlari va aholi farovonligi

Bugungi kunda insoniyat koronavirus pandemiyasi degan global ofatni boshidan oʻtkazmoqda, koʻpgina mintaqalarda uning “navbatdagi toʻlqini” kuzatilmoqda. 81 million kishi koronavirus bilan kasallangan, ulardan 1 million 765 ming nafari vafot etgan. Pandemiya jahon iqtisodiyoti uchun har oyda qariyb 400 milliard dollar miqdorida zarar keltirmoqda.

Mamlakatimiz Prezidenti rahbarligida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish borasida oʻz vaqtida koʻrilgan qatʼiy va samarali choralar, qabul qilingan 30 ga yaqin farmon va qarorlar, belgilab olingan muhim vazifalar hamda amalga oshirilgan tezkor tadbirlar tufayli pandemiyaning salbiy oqibatlari oldi olinib, jilovlanishiga erishildi. Pandemiya oqibatlarini yumshatish va bartaraf etish uchun 82 trillion soʻmlik kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Pandemiyaning birinchi kunlaridan boshlab, butun boshqaruv tizimi va barcha tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga oʻtkazildi. Toshkent shahri va hududlarda, barcha sharoitlarga ega boʻlgan qariyb 30 ming oʻrinli davolash maskanlari tashkil etildi. Ular zarur dori-darmon, himoya va zamonaviy diagnostika vositalari bilan taʼminlandi.

Aholi salomatligini saqlash ishlariga 200 mingdan ziyod tibbiyot xodimi, 150 nafar chet ellik yuqori malakali shifokor va mutaxassislar jalb etildi. Pandemiya tufayli iqtisodiy tanazzulning oldini olish maqsadida Inqirozga qarshi jamgʻarma tuzildi, qashshoqlikka qarshi kurash chora-tadbirlari kuchaytirildi. 500 mingdan ziyod tadbirkorlik subyekti, 800 mingdan ortiq oila, 8 milliondan koʻp fuqaroga amaliy yordam koʻrsatildi.

Dunyoda mamlakatlararo aloqalar oʻta murakkab xolga kelgan, barcha qatnovlar toʻxtatilgan davrlarda ham xorijdagi vatandosh­larimizni himoyalash davlat tomonidan nazoratga olindi. Xorijdan 600 mingdan ortiq vatandoshimiz yurtimizga olib kelindi, qiyin ahvolga tushgan 100 mingga yaqin fuqarolarga zarur yordam koʻrsatildi.

Aholining muayyan qatlami oʻrtasida kambagʻallik mavjudligini birinchi marta tan olib, uni qisqartirish boʻyicha keng qamrovli ishlar amalga oshirila boshlandi. Har bir mahallada ehtiyojmand oilalar, ayollar va yoshlar bilan manzilli ishlash boʻyicha mutlaqo yangi tizim joriy etildi. Qisqa muddatda bu tizim orqali 527 ming fuqaroning bandligi taʼminlandi. Oʻzini oʻzi band qilish tizimi orqali esa 500 ming nafar fuqaro mehnat faoliyatini qonuniy tarzda yoʻlga qoʻydi.

Pandemiya va parlament

Pandemiya davrida parlament qonun ijodkorlik faoliyatini bir kun ham toʻxtatmadi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan hududlarda jami 14 marotaba oʻrganishlar va saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. Aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatish, taʼlim-tarbiya tizimini takomillashtirish, odil sudlovni taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurashish, shaxsiy tomorqalardan samarali foydalanish, kambagʻallikni qisqartirish, “Temir daftar”ga kiritilgan aholini qoʻllab-quvvatlash, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” asosida ishsiz yoshlar hamda xotin-qizlar bandligini taʼminlash kabi yoʻnalishlarda amalga oshirilayotgan ishlarning holati atroflicha oʻrganildi. Qonunchilik palatasi Kengashi yigʻilishlarida Qoraqalpogʻis­ton Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar hokimlari, sektorlar rahbarlari, mahalliy Kengashlar deputatlari ishtirokida videokonferensiya tarzida atrof­licha muhokama qilindi.

Eng asosiysi – ushbu uchrashuvlar va oʻrganishlar natijasida aholining islohotlarga, davlatga ishonchi, mamlakatdagi voqea-hodisalarga daxldorlik hissi kes­kin oshganligi namoyon boʻldi.

Oʻzbekistonning bu boradagi tajribasi, ushbu chora-tadbirlarning aynan insonga, uning har tomonlama himoyalanishi, huquqlarini taʼminlashga qaratilganini nufuzli xalqaro tashkilotlar, xususan BMT, Parlamentlararo ittifoq, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Islom Hamkorlik Tashkiloti hamda rivojlangan demokratik davlatlar tomonidan ham eʼtirof etilmoqda. Mamlakatimizning turli xalqaro demokratiya indekslaridagi oʻrni va holati yaxshilab borilishiga erishilmoqda.

Murojaatnoma va inson huquqlari

Bu yil Oʻzbekiston tarixda ilk marotaba BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga aʼzo etib saylandi. AQSH davlat departamenti tomonidan Oʻzbekiston diniy erkinlik sohasidagi “maxsus kuzatuvdagi davlatlar” roʻyxatidan chiqarildi. Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasining oliy minbaridan ilgari surgan global va mintaqaviy tashabbuslari dunyo hamjamiyati tomonidan katta qiziqish bilan qabul qilinib, qoʻllab-quvvatlanmoqda.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar tizimi shakllandi. Bu tizimda parlament ­Ombudsman, Biznes ombudsman, Bolalar ombudsmani va Inson huquqlari boʻyicha milliy markaz faoliyat yuritmoqda. Murojaatnomada inson huquqlarini himoya qilishning noyob mexanizmini takomillashtirishga oid aniq tashabbus va takliflar berildi. Bundan tashqari BMT shafeligida “Inson huquqlari boʻyicha taʼlim” global forumi, Yoshlar huquqlariga bagʻishlangan Butunjahon yoshlar anjumani, Diniy erkinlik masalalari boʻyicha mintaqaviy konferensiyalar oʻtkaziladi.

Murojaatnoma va uchinchi Renessans

Yangi Oʻzbekiston, uchinchi Renessans aynan maktab ostonasidan, taʼlim-tarbiya tizimidan boshlanadi, mamlakat taraqqiyoti ilm-fan va innovatsiyaga tayanadi.

Bu borada Murojaatnomada jamiyatda oʻqituvchi kasbini eng nufuzli va obroʻli kasbga aylantirish, maktabgacha taʼlim sohasini rivojlantirish, 2023-yil oxirigacha maktab­g­acha taʼlim qamrovini 75 foizga yetkazish, maktab taʼlimini tubdan yaxshilash va uning sifatini oshirish, muallimlarga munosib sharoit yaratish borasidagi islohotlarni jadal davom ettirishda qator strategik ahamiyatga ega vazifalar belgilandi.

Shuningdek, oliy taʼlimning qamrovi va sifatini koʻtarish, davlat grantlari sonini kamida 25 foizga oshirish, oliygohlarning oʻquv dasturlarini ishlab chiqish, qabul kvotasi va moliyaviy masalalarni mustaqil hal qilish huquqini kengaytirish kabi masalalarga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, 2021-yilda ilm-fan sohasida oliygohlar va ilmiy tashkilotlardagi doktorantlar sonini 4,5 mingtaga yetkazish yoki 2017-yilga nisbatan 3 barobarga oshirish vazifasi belgilandi.

Moturidiy: “Tiriklik hikmatini sogʻliqda, deb bil”

Inson salomatligi — buyuk va hech narsa bilan oʻlchab boʻlmaydigan boylik, ona va bola sogʻligʻiga eʼtibor esa jamiyatga, kelajakka eʼtibor. Prezidentimiz bobokalonimiz Imom Moturidiyning ushbu chuqur maʼnoli soʻzlarining toʻgʻri ekanini hayotning oʻzi qayta-qayta isbotlayotganini alohida taʼkidladi.

Aholi salomatligini asrash va mus­tahkamlash borasidagi tub islohotlarni yangi bosqichga koʻtarish yuzasidan ustuvor vazifalar ham belgilab berildi. Bunda, xususan, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashni tizimli ravishda davom ettirish, tibbiyotning birlamchi boʻgʻinini kuchaytirish, ayniqsa, qishloq va mahallalarda tibbiy xizmatni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, ayollar va bolalarni yod, temir, foliy kislotasi, vitaminlar va parazitlarga qarshi dorilar bilan bepul taʼminlash, aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etish, jismoniy tarbiya va sportni yana-da ommalashtirish borasidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi.

“Demokratik islohotlar yoʻlidan hech qachon ortga qaytmaymiz”

Yangi Oʻzbekistonda demokratiya deganda nafaqat fuqarolar erkinligi va teng­ligi taʼminlangan xalq hokimiyatchiligi, balki bir paytning oʻzida odamlarni hayotdan rozi qilish, xalq ichiga chuqur kirib borish, tom maʼnoda har bir insonning dardu intilishlarini bilish, ularning muammolarini hal etish tizimi faoliyati samarali yoʻlga qoʻyilganligi ham tushuniladi.

Bu esa, oʻz navbatida, deputatlar oʻzlari saylangan hududdagi muammolar, tegishli vazirlik va hokimliklar, tashkilotlar tomonidan qay darajada hal etilayotganini doimiy oʻrganib, nazorat qilib borishlari zarurligini anglatadi. Deputatlarning saylov okruglaridagi ishlari parlamentning qonun ijodkorligi faoliyati hamda muhim ijtimoiy-siyosiy qarorlar qabul qilishi jarayonida tashab­buslarning eng quyidan, xalqdan chiqishida amaliy koʻp­rik vazifasini oʻtamoqda. Shu bilan birga, ikki tomonlama hisobdorlik tizimini yaratib, parlamentni xalqqa yana-da yaqinlashtiradi, adolat va qonun ustuvorligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Deputatlarning “Qonunning birdan-bir manbai va muallifi xalq boʻlishi shart” degan tamoyilni hayotga tatbiq etish, davlat va jamiyatni barqaror rivoj­lanishi va taraqqiyoti, Yangi Oʻzbekiston voqeligi taqozo etayotgan qonunlar qabul qilish borasidagi faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish talab etiladi. Zero, qonunlarning har bir normasi qaysidir maʼnoda toʻgʻridan-toʻgʻri xalq hayotiga taʼsir koʻrsatadi. Qonun lo­yihalarining aholi bilan keng muhokama qilinishi, ularning fikr-mulohazalari va takliflari bevosita joylarga chiqib oʻrganilishi bu yoʻnalishdagi faoliyat samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Bunda toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan, yaʼni ijro etilishi uchun qoʻshimcha qonun­osti hujjati ishlab chiqilishini talab etmaydigan qonunlarni qabul qilish, qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlarining qonun ijodkorligi jarayonidagi faolligi va masʼuliyatini oshirish, qonunlar sifatini yaxshilanishiga alohida eʼtibor qaratish zarur. Xususan, Murojaatnomada tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq 5 mingga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qayta koʻrib chiqilib, ularning sonini qisqartirish hamda Tadbirkorlik kodeksini ishlab chiqish vazifasi belgilandi. Shuningdek davlat va jamiyat rivojiga xizmat qiluvchi 30dan ziyod kodeks va qonunlar qabul qilish nazarda tutilgan.

Qonun loyihalarini keng jamoatchilik muhokamalaridan oʻtkazish, maromiga yetkazish va qabul qilish bilan bogʻliq demokratik jarayonlar Yangi Oʻzbekistonning Yangi parlamenti faoliyatining ajralmas qismi va ustuvor yoʻnalishidir. Davlat idoralaridagi ijro sifati va holatini viloyat, tuman va shahar xalq deputatlari kengashlarida, respublika darajasida esa – Oliy Majlis palatalarida muhokama qilib borish zarur.

Xulosa qilib aytganda, Murojaatnoma parlamentimiz oʻz faoliyatini Yangi Oʻzbekistonga mos ravishda tashkillashtirishi, xalq farovonligini oshirish, jamiyat va davlatni uzoq muddatlarda ham, jumladan dunyoda hali hamon davom etayotgan koronavirus pandemiyasi va u bilan bogʻliq global iqtisodiy krizis davrida ham, barqaror rivojlanishini taʼminlash borasidagi vazifalarni bajarishda faol boʻlishini talab etadi. Yaʼni, “Yangi Oʻzbekiston — Yangi parlament” degan tamoyilni hayotga tatbiq etish, qator ustuvor yoʻnalishlarda yaxlit qonunlar majmualarini ishlab chiqish, qonunlarni amaliyotga tatbiq etilishi ustidan samarali parlament va deputatlik nazoratini oʻrnatish kabi qator ustuvor vazifalarni oldimizga qoʻyadi.

Akmal SAIDOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining

birinchi oʻrinbosari